5,3 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida korxona ohak ishlab chiqarishda 5,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Videodan kadr
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida ko‘p miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ohak ishlab chiqarish sexi aniqlandi.
«Hududgazta’minot» xabariga ko‘ra, «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi, «O‘zenergoinspeksiya» va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida reyd o‘tkazilgan.
Jarayonda tumanning Besh qovoq mahallasida joylashgan «B. B. B.» MChJga qarashli bino tekshirilgan. Natijada loyiha texnik hujjatlarisiz, nosoz holatdagi gaz hisoblash uskunasi bilan bir dona ohak xumdonida 20 dona nostandart gaz yondirgichlar orqali ohak tayyorlash uchun tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tabiiy gazdan foydalanish shartnomasida tuz ishlab chiqarish maqsadida foydalanish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, korxona gazdan ohak ishlab chiqarishda foydalangan. Bundan tashqari, gaz hisoblash uskunasi nosozligi sabab MChJ tarmoqdan uzilib, bir martalik tamg‘a o‘rnatilgan, biroq rahbari uni o‘zboshimchalik bilan buzib, tabiiy gazdan foydalanib kelgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 5 milliard 358 million so‘mlik zarar aniqlandi. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Mavzuga oid

09:32 / 04.03.2025
379 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan metallni qayta ishlash sexi aniqlandi

08:57 / 24.02.2025
616 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalangan ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi

14:14 / 22.02.2025
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona 1,6 mlrd so‘mlik zarar keltirdi

10:51 / 22.02.2025