Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining «Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasidan kelgan murojaat va fotosuratlar bilan tanishgach, arznomachilarni tinglash va muammoni to‘liq o‘rganish uchun o‘sha manzil tomon yo‘l oldik.
«Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasida bizni bir guruh fuqarolar kutib olishdi. Mahallada 120ta xonadon bo‘lib, aholi asosan tomorqadan olinadigan daromad bilan tirikchiligini o‘tkazadi. Ularning eng dolzarb muammosi – ichimlik suvi va ekinlarni sug‘orish uchun oqin suvning yo‘qligidir.
Oqsoqollar bizni Toshqo‘rg‘onning yagona ichimlik suvi manbayi atrofida uzun navbat hosil qilgan aholi oldiga olib bordilar. U yerda ayanchli holatga guvoh bo‘ldik.
«Suvga 5 soatlab navbatda turamiz»
Qishloq aholisi ro‘zg‘or uchun eng kerakli ichimlik suvidan qiynalib yashaydi. Odamlar rezina quvur orqali soyning narigi betidagi xususiy korxonadan suv olib o‘tishgan. Vaqti-vaqti bilan kichik bosimda suv keladigan birgina «vodoprovod» jo‘mragi oldida ayollar-u bolalar navbatda turishadi.
«Toshqo‘rg‘on mahallasi oqsoqoliman. Asosiy muammomiz – ichimlik suvi. Necha yillardan beri shu ahvol. Yozgan murojaatlarimiz bir dasta bo‘ldi. Qachon va qayerga murojaat qilsak: «Ichimlik suvi 2021 yilning 3-choragida bo‘ladi», deb javob xati kelyapti.
Oqin suv ham muammo. Tirikchilik uchun foydalanadigan tomorqalarimiz issiqdan kuyib ketdi.
Yurtboshimiz: «Bir qarich ham ekilmagan joy qolmasin», deb aytyaptilar. Biroq biz ekin ekaylik desak, na ariqda suv bor, na vodoprovodda.
Tuman «Suvoqava» tashkilotidan kelishib, suv minorasi o‘rnatishdi va tarmoq tortishdi. Tarmoqni tortib, yerga ko‘mib ketishganiga ikki yil, suv minorasini o‘rnatishganiga esa bir yil bo‘ldi.
Hozirgi kunda 120ta xonadon bir kilometr uzoqlikdagi masofadan suv tashib kelyapmiz. Kattalar-ku mayli, nevaralarimizga qiyin bo‘lyapti. Ayniqsa qish kunlarida juda qiyin. Oqin suv esa bizga Qirg‘iziston tomondan keladi. Rahbarlarimiz ular bilan kelisha olmayapti chog‘i», – deydi Toshqo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi Muhammadjon Qodirov.
Mahallaning narigi boshidan keladiganlar uchun «vodoprovod» oldiga yetib kelib, navbat kutib, so‘ng suv olib, yana uyiga borish ko‘p vaqt oladi. Uning ustiga suv doim ham oqib turmaydi.
«Tomorqani sug‘orish uchun, kir yuvish uchun, ovqat uchun, bolalarimizni cho‘miltirish uchun ham suv tashiymiz. Qoramol va qo‘ylarimiz ham biz tashigan suvdan ichadi. Tomorqaga ham oqin suv yo‘q. Kartoshkalarimga ham shu suvdan cho‘michlab quygan edim. Yetarli bo‘lmadi shekilli, baribir qurib qoldi», – deydi Gulnoraxon Mirzaboyeva.
«Hozirgi kunda uyda o‘tiribmiz, suv tashiyapmiz. Ishlayotgan paytimizda ishdan soat 3dan keyin chiqar edik. Bu yerda suv har kuni soat 11 bilan 3 atrofida chiqadi. Biz u paytda ishda bo‘lamiz. Qo‘shnimga suv idishlarimni tashlab ketaman, ishdan kelgunimcha suv to‘ldirib qo‘yadi. Ishdan kelib, suv to‘ldirilgan idishlarimni uyimga olib ketaman.
Shu holatda suv ichyapmiz. Yosh bolalarni suvga jo‘natamiz. Keyin uyda ilhaq bo‘lib o‘tiramiz. Bu yerda ko‘pchilik to‘planadi. Karantin bo‘lsa!» – deydi Zulfiya Nishonova.
Qishloqqa 2018 yili suv minorasi o‘rnatilib, ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan. Lekin ikki yildan buyon uni ishga tushirishmayapti.
Aholining bu borada tuman hokimligiga qilgan murojaatlariga mablag‘ yo‘qligini bahona qilib, turli va'dalar bilan cheklanishmoqda.
«Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasi ayollari kunlari suv tashish bilan o‘tib ketayotganini qayta-qayta ta'kidlashdan charchashmadi.
Cho‘mich bilan sug‘orilayotgan tomorqalar
Farg‘ona tumanining bu hududi aholisi mirishkor, bu yerda har bir qarich yer hisobda. Vodiy viloyatlarini malina bilan ham Farg‘ona tumani ta'minlaydi. «Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasidagi har bir xonadon tomorqasida ham malina parvarish qilinar ekan.
Kartoshka, pomidor kabi ro‘zg‘orga kerakli barcha sabzavotlar ham bozordan sotib olinmaydi. Tomorqalar chetiga giloslar ekilib, undan ham yaxshi daromad qilinadi. Biroq mevali daraxtlar va ekinlarni sug‘organi suv yo‘q. Yerlar qaqrab, endi qizarishga kelgan giloslar so‘liy boshlagan.
«Xo‘jayinim Rossiyaga ishlagani ketgan. U yerda ham karantin bo‘lgani uchun pul jo‘nata olmayapti. Yaxshiyam ikkita molim bor, suti ro‘zg‘orga yarab turibdi. To‘g‘risi, qiynalyapmiz. Uyimizda 12 tup gilos bor, mevasiga xaridor keldi. «Mayda-ku, nega sug‘ormadingiz?» deb sotib olishmadi. Suv bo‘lsa sug‘oramanmi?
Ikki o‘g‘lim bor, ular ertalabdan kechgacha suv tashiydi. Kartoshka va pomidorlarni cho‘mich bilan sug‘oramiz», – deydi Ma'muraxon Isroilova.
«Muhtaram prezidentimiz aytyaptilarki, tomorqangga ek, yetishtir, o‘zingni-o‘zing boq. Bozorga chiqib, sotib olmagin. Uyingda yetishtir, deyapti. Shuni ekib, parvarishlash uchun suv yo‘q. Na ariqda suv bor, na «kran»da.
Hokimiyatga 3-4 marta bordik. Har safar «bo‘ladi» deyishadi. O‘tgan safar ham 2021 yilning 3-choragida deyishdi. Ungacha ekin-tikin qilmaymizmi? Tomorqa quruq qolaveradimi?» – deydi Muhammadjon Qodirov.
Zaynabxon Sultonovaning xonadonida bo‘lganimizda kartoshka, loviya palaklari suvsizlikdan quriyotganining guvohi bo‘ldik. Zaynabxon ona malina butalarini cho‘mich bilan sug‘oribdi, lekin suv yetmagan serdaromad o‘simlik meva tugmayapti.
«Biz ekin-tikin qilib, yer solig‘ini ham to‘laymiz. Men nafaqada bo‘lsam ham, 423 ming so‘m miqdorida soliq to‘layman. Tomorqalarimizni ahvolini ko‘rdinglar. Nafaqa pulini soliqqa to‘laymiz. Qish uchun sabzavotlar sotib olishimiz kerak-ku?»
Farg‘ona tuman hokimligida
Tuman hokimligida bo‘lib, «Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasidagi holat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radik.
E'tiborlisi, tuman hokimining iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalallari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Azizjon Sobirov mahallaning ichimlik suv muammosi 15 kun ichida hal bo‘lishini aytdi.
«Toshqo‘rg‘onaziz» MFYda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida suv minorasi o‘rnatilib, tarmoq tortilgan. Hozirgi kunda «nasos» tushirish ishlari kechikmoqda. Sababi, mablag‘ masalasida muammo bo‘lgandi. Muammoni 15 kun ichida hal qilamiz. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Tomorqalarni sug‘orishga kelsak, bizga oqin suv qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan oqib o‘tgani sababli, hozirgi kunda bu yerga yetib kelayotgan suv yetarli emas. 80ta tik quduq qazish ishlarini 2020-2022 yil dasturiga kiritganmiz. Ayni paytda 3ta hududda 3ta tik quduq qazish ishlari boshlangan. O‘sha 80ta tik quduq ishga tushsa, oqin suv bo‘yicha ham muammolarimiz yechiladi.
Kelgusida tomorqalarimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda muammo bo‘lmaydi», – dedi Azizjon Sobirov.
«Toshqo‘rg‘onaziz»ning aziz bo‘lmagan ayollari
Yillar davomida bitmayotgan ichimlik suvi muammosidan ayollar va bolalar qiynalmoqda. Yarim kunini suv tashish bilan o‘tkazayotgan, sabzavot, mevalarini cho‘mich bilan sug‘orib hosil olayotgan «Toshqo‘rg‘onaziz» ayollarining aziz bo‘lishi Farg‘ona tuman hokimi va mutasaddilariga bog‘liq.
Biz mazkur mavzuga yana qaytamiz.
Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.