Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Qumtepa bozori atrofdagilardan mahsulotlar narxining ancha-muncha arzonligi bilan ajralib turadi. E’tiborli tomoni haftaning payshanba va yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadigan bozorga olib-sotarlardan ko‘ra dehqonlar ko‘proq mahsulot olib kelib sotishadi. Hatto shaharda yashovchilar ham atay bu bozordan savdo qilish uchun uzoq masofa bosib kelishadi.
Bozor oralasangiz turli toifadagi odamlarga duch kelasiz. Kimdir baqirganicha xaridor chaqiradi, yana kimlardir esa mahsulot narxini tushirish uchun sotuvchi bilan savdosini pishitadi. Turp sotayotgan 81 yoshli ota e’tiborimizni tortdi.
“81 yoshga kirdim. Uyda o‘tira olmayman. Negaki bozorga kelsam yaxshi-yomonni ko‘raman. Odamlarni ko‘rib ovunaman. Uyda zerikib qolaman-da. Shu yoshga kirsam-da qarilikni bo‘ynimga olganim yo‘q.

O‘g‘illarim bilan birgalashib tomorqamizga turp, sholg‘om, qizilcha ekamiz. Hosilni yig‘ishtirib bozorga olib kelib sotaman. Ayni paytda 3 kg turp 10 ming so‘m, qizilcha va sholg‘omning esa 1 kgini 5 ming so‘mdan sotyapmiz. Biz tengqurlarning ko‘pi harakatsizlikdan hassaga suyanib qolgan. Odam doimiy harakatda bo‘lishi kerak. Men esa 18 yashar yigitdek navqiron bo‘lib yuribman”, – deydi bozorda poliz mahsulotlari sotayotgan Yo‘ldoshali ota Turdiboyev.
“Qishin-yozin tinmaymiz. Mehnat qilgan odam albatta rohat ham topadi. Kunduzi bozorda ko‘kat sotaman, uyga borib esa do‘ppi tikaman. Yerimiz ko‘p, ismaloq, jag‘jag‘ ekkanmiz.

Kelinlarim ularni o‘rib bog‘lam qilib beradi, men esa ularni bozorga olib kelib sotaman. Turmush o‘rtog‘im ham menga sherik bo‘lib bozorga keladi. Jag‘jag‘ning kilogrammi 25, ismaloqni esa 15 ming so‘mdan sotyapmiz. Pensiyaga chiqqanman, 1 mln so‘m pensiya olaman. Turmush o‘rtog‘im zavodda ishlagani uchun uniki ko‘proq: 2,5 mln so‘m pensiyasi”, – deydi bozorda ko‘kat sotayotgan Aziza Xoldorova.
Bahor yaqin. Parrandalar tuxum qo‘yish uchun harakatga tushib qolishgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak parranda bozorida ham savdo ancha jonlangan.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustasi – Sardor Mamirov.