Samarqand va Toshkent viloyatlarida yirik miqdordagi giyohvand moddalar tarqatilishining oldi olindi

Jamiyat 14:39 / 02.02.2025 2175

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Samarqand va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 111 kg narkotik modda musodara qilingan.

Jumladan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumanidan aylanma yo‘llar orqali 10 kg 894 gr “opiy” moddasini Urgut tumani hududiga olib kelgan Tojikiston fuqarolari – 1980, 1982, 1989 yillarda tug‘ilgan 3 nafar aka-uka qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, Urgut tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol ham ushlanib, uning yashash xonadonida saqlanayotgan 13 kg 85 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. 

Boshqa holatda esa, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasining Toshkent viloyati Bekobod tumani “Turon” MFY hududidan o‘tuvchi qismida olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchox tumanidan Bekobod tumaniga oqib o‘tuvchi Dalvarzin kanali orqali oqizib yuborilgan 3 dona yelim idishdagi jami 8 kg 381 gr “opiy” va 59 kg 296 gr “gashish” moddalari borligi aniqlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olish maqsadida chegara hududiga kelgan Bekobod shahri va tumanida yashovchi, 1985, 1989, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 4 nafar fuqaro qo‘lga olingan. Ulardan 2 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Bekobod tumanida qayd etilgan yana bir holatda, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasidan taxminan 400-500 metr uzoqlikdagi dala maydonida muqaddam noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 1 dona sport sumkasi ichida 3 kg 942 gr “opiy” va 15 kg 473 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, giyohvandlik vositalarini qoldirib ketgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: