Past Darg‘omda baliqchilar xonavayron bo‘lmoqda. Tuman rahbarlari tadbirkorlarga qasd qilganmi?

Jamiyat 10:48 / 18.05.2020 51837

Past Darg‘omdagi baliqchi fermerlar va ularning yerlarini tortib olmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rtasidagi o‘tgan yilgi kurashda hokim yutqazgan edi. Natijada hokim Shunqor Xudoyberdiyevning baliqchilar yerini zaxiraga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlari bekor bo‘lgandi.

Endi hokim yangicha hiyla o‘ylab topgan ko‘rinadi. U balki karantin paytida barchasi xamirdan qil sug‘urgandek oson bitar, deb o‘ylagandir? Xullas, ishlayman degan insonga aslo ko‘mak berilmaydigan, aksincha unga muammo yaratiladigan Past Darg‘omda yangi mojaro yuzaga keldi.

Kun.uz saytida baliqchilar muammosi avval ham yoritilgandi. O‘shanda tumanga yangi tayinlangan hokim Shunqor Xudoyberdiyev «O‘zbekiston mustaqilligi» massivi hududida baliq yetishtirish uchun yer ajratib berilgan tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgani, avvalgi hokimlarning ularga yer ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlarini bekor qilgani bayon qilingan edi.

Bir yil muqaddam tuman hokimi buyrug‘i bilan baliq yetishtiriladigan hovuzlarga suv o‘tkazuvchi quvurlar buzib tashlangan edi. O‘shanda baliqlarning katta qismi suvsizlikdan qirilib ketgandi.

087108710781002.jpg (800×499)

20818707802-1.jpg (806×504)

Muammo saytda qayta-qayta yoritilgach, Samarqand viloyat hokimligi, shaxsan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov baliqchilik xo‘jaliklari muammosi chuqur o‘rganish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil qilib, vaziyatga aralashgan edi.

Keyinroq, 2019 yil 17 iyunda Samarqand viloyati hokimining Past Darg‘om tumani hokimining ayrim qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori chiqarilgan (Biz bundan hattoki bexabar qolganmiz — bu hol negadir hech qayerda e'lon qilinmadi). Turdimov imzolagan qarorda Shunqor Xudoyberdiyevning baliqchilarga muammo yaratgan qarorlari noto‘g‘ri ekanligi bayon qilingan. Baliqchilik xo‘jaliklari bemalol nafas ola boshlashgan, biroq mavsumni boy berishgan...

O‘shanda viloyat hokimi qarorida tuman hokimiga noto‘g‘ri tayyorlangan qaror uchun tumandagi mutasaddilarga chora ko‘rish vazifasi ham berilgan edi. Natijada tuman suv xo‘jaligi (irrigatsiya) bo‘limi rahbari Mahmud Turniyozov vazifasidan chetlatilgan.

Qolaversa, 2019 yil 23 avgust kuni Nurobod tuman ma'muriy sudiga negadir viloyat yer resurslari va davlat kadastri idorasi Past Darg‘om tuman hokimining (Shunqor Xudoyberdiyevdan avvalgi hokimlarning) baliqchilarga yer ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlarini haqiqiy emas, deb topish yuzasidan bergan da'vo arizasini rad etgan. Ya'ni sud, tumanning avvalgi hokimlari qarorlari to‘g‘ri qabul qilinganini tasdiqlagan.

Endi oradan bir yil o‘tib, tuman mutasaddilari tomonidan o‘sha murojaatchilardan ikkitasi — «Shombuloq sazan baliqlari» va «Anhor suvi» baliqchilik xo‘jaliklariga yangi muammo yaratilmoqda.

Bu orada izlar bosdi-bosdi bo‘lib, shu voqealar ortidan ishdan olingan tuman suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Mahmud Turniyozov o‘z vazifasiga qaytarilgan. Uning qo‘l ostidagi suv iste'molchilari uyushmasi 17 aprel kuni xat bilan chiqqan baliqchilarning suvlarini yoptirib tashlagan.

Holbuki, har ikkala fermer suv bo‘yicha shartnoma tuzish uchun allaqachon murojaat qilishgan. Masalan, «Shombuloq sazan baliqlari» xo‘jaligi 17 fevralda bu borada murojaat qilgan. Biroq shu paytgacha shartnoma imzolanmay kelgan.

Endi suv xo‘jaligi uyushmasining xatida keltirilayotgan vajga e'tibor bering. Nima emish, ularning yerga bo‘lgan qarorlari bekor bo‘lgan, yer tuman zaxirasiga qaytarilgan emishu, tuman hokimligi bilan aniqlashtirib olinmagunga qadar yangi mavsumga suv sarfi uchun shartnoma imzolanmas ekan. Bu yerda «hokim nima desa shuni qilaman», degan so‘zlar yashirin emasmi?

Boz ustiga, bu gaplar o‘tgan yili kuyib qolgan fermerlarning bu yilgi baliqlari ayni urchish oyida bo‘lgan paytda yangramoqda.

Baliqchilar qarorlari bekor bo‘lganini suv xo‘jaligi bo‘limi xodimlaridan eshitib, xavotir bilan, shosha-pisha surishtirishga tushishadi.

Aniqlashsaki, 2020 yil 14 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan «ilhomlangan», o‘tgan yili baliqchilarga «yutqazgan» tuman hokimi tuni bilan yangi hiyla o‘ylab topadi va ertasiga ishga kirishadi. Hiylaga ko‘ra, baliqchilik xo‘jaligi yerlari tortib olinib, sholi ekish uchun boshqalarga topshirilar ekan.

Hozir baliqchilardan biri o‘tgan yilgi mashmashalardan so‘ng 50 gektardan ortiq yerini tashlab ketgan. Shundoq yotibdi. Beringlar o‘sha yerni sholikorlarga. Ayni sholi ekiladigan payt yaqinlashmoqda. Yerni tayyorlasin. Yo‘q! Aynan ishlab turgan baliqchilardan birining 6 gektar, boshqasining 5 gektar yeri kerak go‘yoki sholi ekish uchun. Boz ustiga, o‘tgan yili Kun.uz’ga shikoyat qilganlarga qo‘shilmagan o‘sha yerdagi baliqchi fermer xo‘jaligiga esa teginilmayapti.

Xullas, hokim darhol yeng shimarib, tumanda oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmini oshirish payiga tushgan. Endi o‘rinli savol tug‘iladi: baliq oziq-ovqat emasmi?!

Shundan so‘ng 15 aprel kuni hokim avvalgi hokimlarning qarorlaridan ayb topib, tuman prokurori A.Valiyevga xatlar yozadi, 15 aprel kuniyoq bu ikki baliqchilik xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonlari bo‘yicha 2018 yilgi tuman hokimi qarorlarini bekor qilish bo‘yicha Past Darg‘om tuman prokurorining protestlari keltiriladi.

Aslida, protestni hokimlik bir-ikki kun o‘rganishi kerak. Lekin bu yerda protestni hokimning o‘zi prokuraturadan «tilanib» olmoqda-ku?! Tabiiyki, shu kuniyoq tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning ikki xo‘jalikka 2018 yilgi yer ajratish to‘g‘risidagi avvalgi hokimlarning qarorlarini bekor qilinishi to‘g‘risidagi yangi qarorlari chiqariladi. Qoyilmisiz?!

Ish shunchalik shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilganki, «Shombuloq sazan baliqlari» xo‘jaligi va «Anhor suvi» xo‘jaligiga alohida-alohida chiqarilgan protest raqamlari tuman hokimi qarorida almashtirib yuborilgan (Hozir bu qarorlar qonuniy kuchga ham ega emas, chunki noto‘g‘ri informatsiyaga asoslangan).

Yuqorida ta'kidlanganidek, oradan ikki kun o‘tib — 17 aprel kuni baliqchilarga suv iste'molchilari uyushmasi «senlarga suv yo‘q» qabilida xat bilan chiqish qiladi.

Boz ustiga, irrigatorlar hali baliqchilarning o‘zi ham bexabar bo‘lgan, Shunqor Xudoyberdiyevning avvalgi hokimlar qarorlarini bekor qilgani haqidagi qarori raqamlarini tilga oladi. Bu holni tashkilot rahbariga hokimlikdan to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq bo‘lganidan o‘zga narsa bilan tushuntirib bo‘lmaydi.

Ha, prokuror protest keltirgandan keyin hokim bajarishga majbur dersiz! Aslo majbur emas, birinchidan. Ikkinchidan, xuddi shu Shunqor Xudoyberdiyev o‘tgan yili viloyat prokuraturasining protestini bir tiyinga olmagan — bajarmagan.

05wd15103.jpg (800×1195)

05wd15103-1.jpg (800×1195)

O‘shanda viloyat prokuraturasi fermerlardan birining yeri qonun talablari buzilgan holda noqonuniy zaxiraga olib qo‘yilgan, degan qarorga kelgan va tuman hokimi qarorini bekor qilishni so‘ragan edi.

E'tibor beryapsizmi? Tuman hokimligi ziyoniga bo‘lsa — viloyat prokuraturasining protesti ham e'tiborsiz qoldiriladi, agar hokimning foydasiga bo‘lsa — tumandagi 2-sektori rahbariniki ham jon-jon deb soatlar ichida bajariladi. Sizga savol: bu nimadan darak?

Jafokash baliqchilar esa o‘tgan yilgi mashmashalardan so‘ng katta zarar bilan chiqishgan, ular bu yilgi daromaddan ham quruq qolishi mumkinligidan juda xavotirda.

Endi yana bir «o‘yin»ga e'tibor qiling, tuman hokimi tuman prokuraturasi protesti bilan 2018 yilgi qarorlarni bekor qilmoqda. «Shombuloq sazan baliqlari» 2010 yildan beri, «Anhor suvi» 2015 yildagi qarorlar bilan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

2018 yildagi qarorlar bilan har ikki xo‘jalikka qo‘shimcha 2,4 gektardan sug‘orib haydaladigan yer ajratilgan, xolos. Bu yerlarda hovuz barpo etilmagan. Baliqlarga yem bo‘lishi uchun makkajo‘xori ekib qo‘yilgan. Tuman prokuraturasi o‘z protestida yerlar avval tuman hokimligi zaxiraga olinmasdan, baliqchi fermerlarga ajratib berilgan, degan vajni keltirgan. Holbuki, o‘sha yerlar boshqa bir fermer ixtiyorida bo‘lgan, u 5 yilcha avval vafot etgach, anchadan beri foydalanilmasdan tuman zaxirasida bo‘lgan.

Formal jihatdan bu holni qog‘ozda to‘g‘rilab qo‘ysa, hattoki ko‘z yumsa ham bo‘ladi. Yo‘q! Bu axir Past Darg‘om! Bu yerda ishlayman degan insonga aslo ko‘mak berilmaydi, unga muammo yaratiladi.

Undan ham dahshatlisi, 2018 yilda berilgan 2,4 gektardan jami 4,8 gektar yerda baliq uchun yemish yetishtirilayotgan yerlarni qaytarib olishga chiqarilgan qaror bilan tuman hokimligi xo‘jaliklarning ayni damda hovuz o‘rnidagi yerlarga 2010 yil va 2015 yilda chiqarilgan qarorlarni ham bekor qilishga muvaffaq bo‘ldik, deb o‘ylashmoqda.

Aleksandr Yakubov, «Shombuloq sazan baliqlari» fermer xo‘jaligi rahbari.

Yo‘qsa, hovuz turgan hududning qarorlari bekor bo‘lmagan, viloyat hokimi to‘g‘ri ajratilgan deya tasdiqlagan, ma'muriy sud to‘g‘ri ajratilgan, deya tasdiqlagan qarorlarni «bekor bo‘lgan», deb o‘ylayotgan, mashmashalar «orasida bir shamollab kelgan» suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Mahmud Turniyozovga bo‘ysunuvchi idora hovuzning suvini berkitib qo‘yarmidi?!

Bu Past Darg‘om tumani hokimi ishlab turgan tadbirkorlarning g‘ildiragiga cho‘p suqib, ishlashga qo‘ymayotgani haqidagi birinchi murojaat emas. Saytda bunday voqealarning ko‘pini yoritilgan. Buning natijasida, Past Darg‘om tumani hokimining tadbirkorlar zarariga chiqarilgan bir necha noqonuniy qarorlari bekor qilingan.

Endi viloyatdagi, respublikadagi mutasaddilar ham o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi: Past Darg‘omga allaqachon mavjud qonunchilik va huquqiy normalarni tushunadigan, bilimliroq, prezidentning gaplari va topshiriqlarini o‘z manfaati yo‘lida talqin qilmaydigan, tadbirkorlarga qayishadigan rahbar kerak, nazarimizda. Aks holda, tumandan muammolar chiqishda davom etaveradi, etaveradi… Biz ularni erinmasdan yoritaveramiz, yoritaveramiz...

P.S. Shu o‘rinda, Past Darg‘om tuman prokurori A.Valiyevdan bir yil muqaddam sud haqiqiy deb topgan qarorlarni qonunga zid deb hisoblashga va protest kiritishga sizni nima majbur qildi, deb savol qo‘ymoqchi bo‘ldik. Lekin nima, to‘g‘rirog‘i, kim majbur qilganini bilib turibmiz-ku?..

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin Hotamov tasvirga olgan va montaj qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: