Maddohlik virusi – millatni tiz cho‘ktiruvchi dard

Jamiyat 21:44 / 16.05.2020 57694

«Maddohning yuziga tuproq soching!» (Hadis)   
____________________

Maddohlik – biror shaxsni maqtash orqali uning e'tiborini qozonib, bundan keladigan manfaatni tama qilish. Bunda maqtashdan maqsad aynan manfaat kutish bo‘lgani bois, maqtov so‘zlari aksariyat haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi – mubolag‘a, ko‘pirtirish yoki yolg‘ondan iborat bo‘ladi.

Yana shuni ta'kidlash kerakki, maddohlik keng quloch yoygandan keyin aniq bir manfaat ko‘zga ko‘rinmasa ham maddohlik qilish davom etaveradi, chunki u endi surunkali kasallikka aylangan bo‘ladi.

«Nimasi yomon buning, bir kishi boshqasini maqtasa maqtabdi-da» deyishimiz mumkin. Ha, bir qarashda bundan hech kimga zarar yetmayapti. Biroq, bu faqat bir qarashda...

Maddohning o‘ziga yetadigan zararlar

Hazrati Odam tanasi yaratilib, ichiga ruh puflangandan so‘ng unga jamiki farishtalar ta'zim qilishdi. Insonni yaratgan Zot irodasi edi bu, Inson shaxsining olamdagi nufuzini belgilash edi. Keyin esa odam qavmi Yaratganning yerdagi vakili deb e'lon qilindi – Yer sayyorasini obod qilish topshirildi unga.

Bu ulkan vazifa esa inson shaxsining yuksalishi bilan, kamolotga intilishi, mag‘rur, qaddini tik tutadigan va qadrini biladigan inson bo‘lishi bilangina amalga oshadi – faqat shunday shaxslar birlashmasigina butun boshli sayyorani obod qilishi mumkin.

Maddohlik esa bunga... g‘irt teskari sifat.

Maddohlik o‘sha – buyuk sharafdan voz kechish degani. Kishi endi dunyoni obod qilishga safarbar etilgan, buyukligi koinotga e'lon qilingan, aql-u zakovati bilan farishta qavmidan ustun qo‘yilgan zot emas, balki shunchaki o‘zi kabi bir insonni madh etib, uning «dasturxoni»dan ul-bul unga yetishi umidida maddohlikni kasb qilib olgan haqir jonzotdir. U endi barcha yaxshiliklar unga Robbisidan kelishini inkor etib, o‘zini baloxo‘rlik maqomiga tushirgan shaxs.

Maddoh bilan yuz beradigan fojia avvalo uning ruhida sodir bo‘ladi. Maddoh ruhida kechadigan jarayonni ko‘rib bo‘lganida edi, mudhish, qiyshaygan-bukchaygan, ma'naviy qadriyatlar oyog‘i osmonda bo‘lgan, ruhiy olam marvaridlari oyoqosti bo‘lgan nursiz manzara kuzatilgan bo‘lardi. Chunki bunda inson ruhidan sharaf, g‘urur ketgan bo‘ladi. O‘rnini esa o‘z-o‘zini xorlashdan lazzat olish egallaydi.

Bunday «ruhiy saraton» o‘ta yuqumli bo‘ladi – maddohlik «virusi» sekinlik bilan atrofga tarqaladi, oldi olinmasa bir muddatdan keyin maddohlar soni geometrik progressiyada ko‘payadi, otadan bolaga o‘tadi. Biz bilgan mumtoz virusdan farqli tomoni – uning tarqalishini tibbiy niqoblar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi...

Ayniqsa bu kasallik yosh avlodning ruhiga talafot yetkazishi – xalq kelajagini ishg‘ol etib,  ertasini savol ostiga qo‘yishi achinarli. Bunday muhitda unib-o‘sgan bolalarning dunyoqarashi ziddiyatli shakllanadi – kattalarning mantiqsiz tasarrufi ularning tafakkurida tizimsizlikni paydo qiladi.

Muttasil madh etiladigan shaxsga yetadigan zararlar

Unga yetadigan zarar tez emas, sekinlik bilan qad ko‘taradi, «ko‘za ichidagi dev» kabi avvaliga kichkina teshikdan chiqib, katta narsaga aylanadi.

Muttasil madh bu – kishi ruhini «zambarakdan o‘qqa tutish», ruhiy qo‘rg‘onini sekinlik bilan barbod etish degani.

Muttasil madh yo‘naltiriladigan kishi ruhida sekinlik bilan sodir bo‘ladigan ishlar:

- kishining o‘zini hamda qilayotgan ishlarini tanqidiy baholay olish qobiliyati falajlanadi;

- asl voqelik bilan aloqasi uziladi va uning o‘rnini xayoliy egri voqelik egallaydi;

- kishi o‘zini ma'sum, xatoga yo‘l qo‘ymaydigan deb bila boshlaydi va bu tuyg‘u tobora kuchayib boraveradi.

Shu hisobda aytish mumkinki, maddohlik bu – qotillik. Faqat bunda qotillik ruhiy – ko‘zga ko‘rinmas olamda yuz beradi. Maddohlik inson ruhiga hamla qiladi va imkon bo‘ldi deguncha uni o‘ldiradi va uning hamlasi butun boshli harbiy qo‘shinlarning kuchidan kuchlidir. Qandayiga?

Jamiyatga yetadigan zarar

Maddohlikni ruhiy qotillik dedik. Biroq, bu hammasi emas. Maddohlik virusi tarqalib, ko‘lami kengaygandan keyin gap millat ruhining buzilishi haqida ketadi.

Buni ba'zi, nomiga respublika, aslida avtoritardan ham oshib o‘ziga xos sultonlikka aylanib qolgan davlatlarda kuzatish mumkin.

Bunday davlatlarda kuzatayotganimiz manzara esa mudhish: davlat ustiga kelgan shaxsni ko‘kka ko‘tarish odat tusiga aylangan, maddohlik surunkali tus olgan, hayotiy qarorlarni qabul qilish deyarli bir kishining irodasiga asoslanadi va muhokama qilinmaydi. Shaxsga sig‘inish mafkura darajasiga ko‘tarilgan bo‘ladi, ta'lim dargohlarida ijtimoiy fanlar deyarli yo‘qqa chiqarilib, o‘rniga bir kishining irodasiga «bo‘ysunish ta'limoti» dars beriladi.

Ruhi buzilgan bunday «sulton»lar madhiyalarga muhtoj bo‘lib qoladi – kuchli, narkotík qaramlikka o‘xshagan qaramlik yuzaga keladi ularda. Tabiiyki, birinchi shaxsning bunday qaramligidan manfaatlanishni istaydiganlarning safi uning atrofida kengayadi.

Bundan tashqari, maddohlik muhitida o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirishni istaydiganlar, xalq mulkini pinhona o‘marishni ko‘zlagan kimsalar niyatiga yetadi.

Maddohlik hukm surgan muhitda millat ongi qaqshatqich zarba yeydi. Chunki bunday muhitda odamlar muammolar yechimini o‘zlarining jonbozligi bilan emas, balki bitta odamning («davlatning») irodasi bilan bog‘lay boshlashadi. Bunday tuyg‘u kishilarda o‘rnashgandan keyin esa loqaydlik, hafsalasizlik yoyiladi, aqlni ishlatish, tafakkur qilishga esa «ehtiyoj qolmaydi». O‘tmishda buyuk, hozirda esa buyukligidan asar ham qolmagan millatlarning qulashi sababini xususan shu yerda izlash kerak...

Millatni tiz cho‘ktiruvchi dard

Maddohlik rostanam millatni tiz cho‘ktiradi. Chunki u inson yaralishining asl maqsadiga ziddir. Inson bu uchun yaralmagan. Asl yaralish maqsadiga zid tasarruf bilan esa hech qachon muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.

Maddohlik har ikki tomonni – maddohni ham, madh etilganni ham baxsizlikka olib boruvchi dard. Uning oqibatida inson qadri, jamiyat salohiyati, ishlar samarasi, moddiy va ma'naviy boyliklar zavolga uchraydi.

Maddohlik gunohlarning eng kattasi bo‘lmish shirk balosi tomon qo‘yilgan shaxdam qadamdir. Ba'zi holatda aynan o‘zidir. Dunyoni izmida tutib turgan, yomg‘ir-u shamolni yaratgan, jonimiz qudrat qo‘lida bo‘lgan Zotni qo‘yib, bir insonni ilohlashtirishga olib boruvchi ulkan darddir.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: