Prezidentning davlat mulki obektlaridan oqilona foydalanishga doir qarorlari va Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlariga mas'ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlar va yer uchastkalarini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish, shu jumladan ularni hokimliklar balansiga olish va keyinchalik investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar asosida tadbirkorlik sub'yektlariga realizatsiya qilish topshirilgan.
Shunga ko‘ra, 2020 yil 19 fevral kuni o‘tkazilgan davlat onlayn auksion savdolarida «Kavsar madad» xususiy korxonasi g‘olib chiqib, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, «Iskandar» MFY hududida joylashgan Bo‘stonliq tuman hokimligi balansidagi «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasining qurilish osti maydoni 952.2 kv.m bo‘lgan bino inshootlarini 3,7 ga umumiy yer maydonlari bilan birga sotib olgan.
Surxondaryolik tadbirkor mulk uchun belgilangan 352 mln so‘m miqdoridagi to‘lovlarini muddatidan oldin davlat budjetiga o‘tkazgan. Bundan tashqari, 3 yil ichida amalga oshirish sharti bilan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat, jumladan 1,5 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, kamida 120ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyatini olgan.
Mazkur majburiyatlarga muvofiq tashlandiq holda yotgan obektni rekonstruksiya qilish maqsadida loyiha va qurilish materiallari uchun qo‘shimcha 209 mln so‘m xarajat qilingan. Bunga ishchi xodimlarning oylik ish haqlari hamda ovqatlanish xarajatlari qo‘shilmagan.
Shuningdek, umumiy qiymati 915 ming AQSh dollariga teng bo‘yoq, profil va quvur ishlab chiqarish sexlari qurilishi uchun zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish maqsadida tuzilgan shartnomalar doirasida xitoylik hamkorlarga 274,5 ming AQSh dollarini o‘tkazilgan.
Lekin, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ 2020 yil 12 mart kuni Bo‘stonliq tuman ma'muriy sudiga Bo‘stonliq tumani hokimligining harakatlarini g‘ayriqonuniy va qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida shikoyat kiritgan. Obektga qo‘yilgan taqiq oqibatida rekonstruksiya va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari to‘xtatilgan.
Sudga kiritilgan shikoyatda «Kavsar madad» xususiy korxonasi onlayn auksion savdolarida sotib olgan obekt «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lib, uning tizimiga kiruvchi «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi foydalanishida bo‘lgani, mulklar jamiyatning qarorisiz «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasining roziligi bilan tuman hokimligi balansiga o‘tkazilgani va keyinchalik sotilgani aytiladi.
Shu o‘rinda, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ mutasaddilari aslida jamiyatning o‘zi to‘liq davlat muassisligidagi tashkilot, mulklari esa davlat mulki ekanligini, shuningdek ushbu davlatning oliy hokimiyat organlari – prezident va hukumat qarorlariga muvofiq davlat organi tomonidan o‘tkazilib, investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat evaziga tabirkorga ochiq auksionda sotilgani e'tiborga olinmagan.
Nizo predmeti hisoblangan mulk davlat ulushi sifatida «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ Ustav fondiga kiritilgan bo‘lsada, jamiyat va unga tobe «Energoqurilishindustriya» UK tomonidan uzoq yillar mobaynida samarasiz foydalanilgani, korxonaning to‘liq faoliyat yuritmayotgani, surunkali zarar ko‘rishi, iqtisodiy nochorligi va to‘lovga qodir emasligi, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq o‘tkazilmagani, qurilishi tugallanmagani va qurilishni tugatish uchun moliyalashtirish manbasiga ega emasligi aniqlangan.
Jamiyat tomonidan mulkni ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish «yo‘l xaritasi» tuzilmagani hamda mahalliy ishchi guruhga taklif kiritilmagani tufayli mulk O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi № PQ-2796-son va 2018 yil 4 sentyabrdagi PQ-3928-son qarorlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentyabrdagi «2019–2022 yillarda Toshkent viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 802-sonli qaroriga ko‘ra foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydoni deb topilib, mulkdan kelgusida samarali foydalanish, investitsiya majburiyati bilan tadbirkorlik sub'yektlariga berish uchun Bo‘stonliq tuman hokimligi tasarrufiga o‘tkazilgan.
Haqli savol tug‘iladi, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bilan tasdiqlangan samarasiz foydalanilayotgan va ishlab chiqarish jarayoniga qayta jalb etilishi belgilangan davlat mulki obektlari ro‘yxatiga mazkur mulk ham kiritilgan vaqtda «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ mutasaddilari tomonidan qanday munosabat bildirilgan ekan? Nega mulkni kelgusida jamiyat tasarrufida saqlab qolish yoki undan oqilona foydalanish yuzasidan choralar belgilanmagan?
Mulkning «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ balansidan Bo‘stonliq tuman hokimligi balansiga olinishi qonunda belgilangan mulk huquqiga doir kafolatlar buzilishi sifatida baholanmaydi. Boisi, mahalliy davlat hokimiyati organlari ham Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham o‘z vakolatlari doirasida mazkur mulkning dastlabki va yagona mulkdori bo‘lgan davlat nomidan harakat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi «Davlat mulki obektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub'yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5552-sonli farmonida bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini sotish va yer uchastkalarini berishda tadbirkorlik va investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish choralari belgilangan.
Xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xatlov natijasida aniqlangan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan tashkilotlar (50 foizdan ortig‘i 50 foizdan ortiq miqdorda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar)ning faoliyatiga mos bo‘lmagan va foydalanilmayotgan bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obektlaridan samarali foydalanish choralarini ko‘rishi, davlatning yoki xo‘jalik boshqaruv organlarining ulushlarini sotish bo‘yicha tegishli qaror mavjud bo‘lishidan qat'i nazar foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk obektlarini savdolarga chiqariladi.
Viloyat hokimligiga obektlarni baholamasdan, 1 so‘m qiymatdagi boshlang‘ich narxda «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda auksionga chiqarish orqali sotish yuklatilgan. Bunda ta'sischi yoki mulkdorning roziligini so‘rash nazarda tutilmagan.
Mazkur farmon talablari keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi «Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5666-son Farmoni bilan 2020 yilga qadar uzaytirilgan.
Ushbu jarayonni tartibga soluvchi qonunlarda davlat nomidan mulkga egalik qiluvchilarning roziligini olish belgilanmagan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 16 iyundagi «Davlat mulki obektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ–3067-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror viloyat hokimi tomonidan qabul qilinadigan davlat mulki obektlarini belgilash mezonlariga asosan davlat mulki obektlarini sotish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat mulkining balans saqlovchilarining taklifi yetarli hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi Bo‘stonliq tuman hokimligiga ushbu mulkdan samarasiz foydalanilishi holatini tasdiqlovchi xat yo‘llab, o‘z ixtiyori bilan mulkni hokimlik balansiga olish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatib o‘tgan.
E'tiborlisi, bunda avvalo «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi va uning benifitsiari bo‘lgan «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning moddiy manfaati ko‘zlangan. Boisi, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentyabrdagi 802-sonli qarori 7-bandiga asosan mazkur obekt investitsiya loyihalarini joylashtirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organi tasarrufiga o‘tkazilganda, 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra yer va mulk soliqlari bo‘yicha qarzdorligini hisobdan chiqarish belgilangan.
Shu sababli, «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasining 2019 yil 15 avgustdagi Bo‘stonliq tuman hokimiga yo‘llagan 01-05/44-sonli xatida ushbu mulk ishlab chiqarishga aloqador emasligi, korxona uchun muhim ahamiyati qolmagani va kelajakda asqotishi ko‘zda tutilmagani, mazkur mulk uchun har yili 58,7 mln so‘m miqdorida soliq to‘lanayotgani ko‘rsatilib, binolarni korxona hisobidan chiqarish va Bo‘stonliq tuman hokimligi zairasiga olish so‘ralgan.
Aks holda «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi foydalanilmayotgan mazkur mulk uchun prezident qarorining 4-bandiga asosan mol-mulk va yer solig‘ining ikki karra miqdorda, 6 oy o‘tgandan so‘ng 5 karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 10 karra miqdorda to‘lashga majbur bo‘lar edi.
Aslida, yuzaga kelgan holat xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqish amaliyotini yodga solmoqda. Boisi, «O‘zbekgidroenergoqurilish»ning hokim qarori ustidan sudga kiritgan shikoyatining maqsadi auksion natijalari va oldi-sotdi shartnomasini, pirovardida esa, xususiylashtirish natijalarini bekor qilishga qaratilgandir.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonuni 1-moddasi va «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun 24-moddasiga muvofiq, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi.
Prezidentning 2017 yil 17 yanvardagi «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 4933-sonli farmonida ham bu masalaga alohida e'tibor qaritilib, «davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obektlar qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish taqiqlab qo‘yilgan.
Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 186-moddasiga ko‘ra, ma'muriy organning qarori ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida ma'lum bo‘lgan paytdan e'tiboran uch oy ichida sudga berilishi mumkin.
«O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ esa joriy yilning 12 mart sanasida sudga shikoyat kiritib, qonun bilan belgilangan mazkur muddatni o‘tkazib yuborgan. Chunki, jamiyat ushbu obektni Bo‘stonliq tuman hokimining 2019 yil 16 sentyabrdagi qarori bilan hokimlik ixtiyoriga olinganidan o‘sha paytdayoq xabardor bo‘lgan. Bu xabardorlikni «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning 2019 yil 20 noyabr kuni Bo‘stonliq tuman hokimligiga yo‘llagan ogohlantirish xati tasdiqlab turibdi.
«KAVSAR MADAD» xususiy korxonasi rahbari tahririyatga yo‘llagan murojaatida «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ samarali foydalanilmay turgan hududni qaytarib olish ilinjida tuman ma'muriy sudiga shikoyat kiritib, qurilish jarayonini to‘xtatib qo‘yganini aytadi.
«O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ tomonidan 2004 yildan beri bu hududdan umuman foydalanilmagan. Rahbariyatning etiborsizligi tufayli hudud qarovsiz tashlandiq holatga kelib qolgan. Bundan tashqari, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning shu hududning o‘zida bugungi kunda bo‘sh turgan, foydalanilmay kelinayotgan yana 30 (o‘ttiz) gektar yer maydoni mavjud.
«KAVSAR MADAD» xususiy korxonasi tomonidan 2020 yilning o‘zida, hozirda nizoli bo‘lib turgan bu hududda 4ta yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish rejalashtirilgan. Har xil turdagi qurilish bo‘yoqlari, metall truba va profillar, gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
Korxonamiz tomonidan investitsiyaviy loyihalarimizni amalga oshirsak, 4 million AQSh dollari atrofida investitsiya kiritishga va 150ga yaqin ishchi o‘rni yaratishga, buning natijasida davlat va mahalliy budjetga milliardlab soliq to‘lashga erishamiz», deydi tadbirkor biz bilan suhbatda.
Basharti jamiyatning mulk huquqi buzilgan bo‘lsa, nega Vazirlar Mahkamasi qarori bilan aynan mulk samarasiz foydalanilayotgani e'tirof etilib, unga nisbatan bevosita xatlov tayinlangan vaqtda biror murojaat yo‘llanmagan? Yoki jamiyat yuqori turuvchi tashkilotlar bilan nizolashishdan manfaatdor emasmi? Balki, ochiq auksion savdolarining tashkil etilishi va surxondaryolik tadbirkorning g‘olib chiqishi, dastavval mulkning sotuvga qo‘yilishidan manfaatdor bo‘lgan shaxslar uchun kutilmagan holatga aylangandir?
Nima bo‘lganda ham, tuman hokimligi balansida 4 oydan ortiq, tadbirkor tasarrufiga o‘tib 2 oy davomida rekonstruksiya tadbirlari olib borilgach sudga shikoyat kiritilayotgani, jamiyatning mulk huquqini tiklashdagi qat'iyatini shubha ostida qoldirmaydimi?
Qiziq, prezident qarori bilan bo‘sh turgan davlat mulkini tadbirkorga berish va u yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali ishchi o‘rinlarini yaratish haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma bo‘lishiga qaramay, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ investitsiya kiritayotgan hamda ko‘plab ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu shunchaki oddiy rasmiyatchilikmi yoki prezident qarori ijrosiga qarshilik ko‘rsatishmi? «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ tomonidan shu vaqtga qadar bino-inshootlardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qanday chora belgilagan? O‘z majburiyati doirasida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, ijrosini ta'minlaganmi?
Nahotki, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ sudga shikoyat kiritishdan avval mamlakat iqtisodiyotiga keltiradigan foyda va ziyonlarni tahlil qilib ko‘rmagan bo‘lsa? Yoki bu ishdan tizimdagi mas'ullarning biror shaxsiy manfaatdorligi bormikin?
Javobini kutayogan savollar ko‘p. «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ bilan bog‘lanib, mazkur masala bo‘yicha izoh so‘radik. Tashkilot matbuot xizmati xodimi bu masalaga yuridik xizmat xodimlari izoh berishi mumkinligini bayon qildi va ular tez orada sayt tahririyati bilan bog‘lanishini aytdi. Afsuski, masala yuzasidan tahririyat bilan shu vaqtgacha na yuridik va na matbuot xizmati bog‘landi.
Davlatning vakolatli organlari tomonidan belgilangan tartibda olingan va keyinchalik onlayn auksion savdolarida tadbirkorga sotilgan tashlandiq holatdagi obekt «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ tomonidan qaytarib olishga qaror qilganidan ko‘zlangan maqsad xozircha noma'lum bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli yana bir tadbirkor juda ko‘p miqdorda zarar ko‘rib, davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda.
Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Dilshod Abduqodirov