O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi Prezident Administratsiyasi mas'ul xodimlari hamda respublikamizning barcha hududlaridan Xalq qabulxonalari vakillari Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan halokatda talofat ko‘rgan qishloqlarga zudlik bilan yetib bordi.
Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida suv toshqinidan zarar ko‘rgan 24ta mahallada vaziyatni o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida Sardoba shaharchasida Prezident Administratsiyasi vakillari rahbarligida tezkor shtab tashkil etildi.
Ushbu shtab qoshida yo‘nalishlar bo‘yicha 12 ta ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibiga Prezident Xalq qabulxonalari, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xizmatlari markazlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Yermulkkadastr xodimlari kiritildi.
Tezkor shtab tomonidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zurur chora-tadbirlar belgilandi va uning ijrosini ta'minlash ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi.
Jumladan, Xalq qabulxonalari xodimlari ofatdan zarar ko‘rgan har bir xonadonga borib, oilalarning turar-joylari va molk-mulklariga yetkazilgan zararlarni aniqmoqda. Uyma-uy yurish orqali har bir oilaning turar-joylari, qo‘shimcha binolari (oshxona, omborxona, molxona, hammom, tandirxona, garaj va boshqalar), maishiy buyumlari, transport vositalari, qoramollari, otlari, qo‘y-echkilari, parrandalari, bog‘lari, isiqxonalariga yetkazilgan zararlar hamda yo‘qolgan hujjatlari aniqlanmoqda.
Prezident Administratsiyasi xodimlari ofatdan zarar ko‘rganlarning har qanday muammosini hal etish, jabrlangan fuqarolarning murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi hamda ularda ko‘tarilgan masalalarning joyida hal etilishini ta'minlamoqda.
Xususan, 7 may holatiga ishchi guruhlar tomonidan Sardoba tumanining “Qo‘rg‘ontepa”, Oqoltin tumanining “Ahillik” va “Saxovat” mahallalaridagi 1300dan ortiq xonadonlar o‘rganilib, birinchi kunlardayoq mingga yaqin oila kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan idish-tovoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, gigiyenik vositalar hamda issiq kiyim-kechaklar bilan ta'minlandi.
Shu bilan bir qatorda hududlarda tozalash, ta'mirlash va qurilish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, bugungi kunda joylarda chiqindilarni olib chiqish, yo‘llarni ta'mirlash, aholini suv, elektroenergiya va gaz ta'minotini yo‘lga qo‘yish ishlari ketmoqda. Bu ishlarga 20 mingdan ziyod ishchilar hamda 3.5 mingga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.