Dasturga ko‘ra Andijon viloyatida prezident topshiriqlari ijrosi, budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalar holati, budjetga qo‘shimcha manbalarni jalb qilish va ulardan foydalanish samaradorligi o‘rganilib, tahlil qilindi.
4 may kuni Senatda mazkur o‘rganishlar yakunlarini muhokama qilish bo‘yicha onlayn videokonferensiya tarzida qo‘shma masofaviy majlis bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati.
Parlament yuqori palatasida yangi tashkil etilgan boshqarma Davlat budjetini shakllantirish va ijro etish jarayonlari ustidan hududlar manfaatidan kelib chiqqan holda nazorat olib boradi. Andijon viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish natijalarini tahlil qilishda ham bevosita ishtirok etdi.
Majlisda o‘rganish yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati hamda Hisob palatasi tomonidan ma'lumotlar berilib, viloyat hokimligi va tegishli idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Xususan, O‘zbekiston prezidentining topshiriqlari ijrosini ta'minlash, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hamda investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishdagi muammolar va mas'ullarning javobgarligi muhokama qilindi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida mahalliy budjetga 92 mlrd. so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromadlarni jalb etish imkoniyati mavjudligi hisob-kitob qilingan. Bandlikni ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 40 foizi sarflanishi belgilangan, lekin bu maqsadlarga umuman mazkur mablag‘lardan ajratilmagan. Shuningdek, qo‘shimcha manbalarning 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga sarflanishi lozim bo‘lgani holda umuman sarflanmagan. Qo‘shimcha manbalar hisobidan qariyb 112,4 mlrd. so‘m manbasiz va maqsadsiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, aholining ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga ajratilgan 4,9 mlrd. so‘mlik mablag‘lar samarasiz sarflanganligi hisobiga 2018 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan Xonobod shahridagi “Teyit”, “Fozilmon” va “Xidirsha” MFYlar, Andijon tumanidagi “No‘xatak” MFY, Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Xidirsha” MFYda suv tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan va aholi ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan.
Shuningdek, majlisda viloyatdagi 9 ta ijtimoiy soha obektini qurish va mukammal ta'mirlash ishlari uchun tuzilgan loyiha-smeta xujjatlarida ko‘zda tutilgan 1,2 mlrd. so‘mlik jihoz va uskunalar o‘rniga boshqa turdagi jihoz va uskunalar o‘rnatilganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Jumladan, Izboskan tumanidagi 29-sonli umumta'lim maktabi binosini rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatidagi qiymati 342 mln. so‘mlik 2 dona isitish pechi o‘rniga loyiha-smetada ko‘zda tutilmagan, avval foydalanilgan narxi noma'lum 2 dona isitish pechi o‘rnatilgan.
Senat a'zolari aniqlangan holatlarga jiddiy e'tiroz bildirib, qator mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritdi.
Majlisda mahalliy budjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yo‘nalishida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish yuzasidan to‘plangan materiallar Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etilganligi ma'lum qilindi.
Shu bilan birga, viloyat rahbariyatiga o‘rganishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish, qo‘shimcha daromad manbalarini jalb qilish yuzasidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarning mas'uliyatini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, respublikaning boshqa hududlarida ham o‘rganishlar Oliy Majlis Senati va Hisob palatasi hamkorligida o‘tkazilishi kelishib olindi.
Majlisda Andijon viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlariga doir Qo‘mitaning qarori qabul qilindi.