Bunda abituriyentlar dastlabki imtihonda ko‘rsatgan natijasiga qarab, kirish test sinovlarida qatnashishi yoki qatnashmasligi aniqlanadi.
Taklif Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan kiritilgan. Qo‘mita 1 may kuni O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, akademiyaga hujjatlar OTMlarga o‘qishga kiradigan abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish boshlangan kundan 20 kun davomida qabul qilinadi.
Qolgan 10 kun davomida dastlabki imtihonni o‘tkazish va undan muvaffaqiyatli o‘tmagan abituriyentlarga boshqa OTMlarga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda o‘tkazilishi taklif qilinmoqda:
- dastlabki imtihon;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari orqali.
Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga Davlat test markazining maxsus dasturi orqali Akademiyani hamda boshqa bir nechta OTMni tanlashga va test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Dastlabki imtihon qay ko‘rinishda o‘tadi?
Nizomda belgilanishicha, dastlabki imtihon yozma shaklda o‘tkaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat bo‘ladi:
- intellektual daraja (40 ball): mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish;
- ma’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha bilim darajasi (30 ball): ma’naviyat asoslari, milliy g‘oya va mafkura, huquq va siyosat, adabiyot, tarix, islomshunoslik va dinshunoslikka taalluqli va boshqa masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobiliyati;
- xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi (30 ball): O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobiliyati. Bunda, xorijiy tillar bo‘yicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TOEFL IBT bo‘yicha kamida 72 ball bilim darajasi ko‘rsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, GOETNE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan CEFR uslubi bo‘yicha V2 minimal darajasiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 13 maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki bo‘yicha maksimal ball beriladi.
Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi. Abituriyent kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun biletdagi barcha savollar bo‘yicha umumiy ballar miqdorining kamida 50 foizini to‘plashi zarur.
Abituriyentlarning tayyorgarligini baholash mezonlari, dastlabki imtihonni o‘tkazish tartibi maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqiladi, qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi va Akademiya rasmiy veb-saytida, shuningdek, axborot stendlarida dastlabki imtihonni o‘tkazish muddatidan kamida o‘n kun avval joylashtiriladi.
Dastlabki imtihon uchun ajratilgan vaqt, shu jumladan tashkiliy qism va ishlarni topshirish vaqti 3 soatni tashkil qiladi hamda imtihonni topshirish jarayoni video va audio tizimlar yordamida yozib olinadi.