Toshkentda koronavirusga chalinib, og‘ir ahvolda tug‘ruqxonaga yotqizilgan ayol farzandli bo‘ldi

Jamiyat 19:29 / 01.05.2020 26322

Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, poytaxtlik 24 yoshli U.B. birinchi homiladorligi bo‘yicha oilaviy poliklinikada ro‘yxatda turgan. Bundan oldin, 2017 yilda tug‘ma yurak nuqsoni tufayli yuragida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

«U shu yilning 9 aprel kuni Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga «Homiladorlik 1. 32-33 hafta. O‘tkir respirator kasalligi» tashxisi bilan kelgan. Tibbiyot muassasasida koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun surtma olingan. 10 aprel kuni tahlil natijasi musbat ekani aniqlangan.

Shundan so‘ng homilador ayolga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtimizdagi 3-son tug‘ruq kompleksiga og‘ir ahvolda o‘tkazilgan.

Tug‘ruq majmuasida tor mutaxassislardan: kardioxirurg, kardiolog, pulmonolog, infeksionist, terapevt, anesteziolog-reanematolog va akusher-ginekologlar tomonidan ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy tekshiruvlardan so‘ng kerakli davolash chora-tadbirlari belgilashdi.

Kardioxirurg tomonidan tug‘ruqni jarrohlik yo‘li bilan amalga oshirish tavsiya qilindi. Bugun ertalab bemor ayol vazni 3 150 gramm, bo‘yi 52 santimetr bo‘lgan o‘g‘il bola chaqaloqni dunyoga keltirdi.

Fidoyi shifokorlarimizning tajribasi sabab murakkab  jarrohlik amaliyoti asoratsiz o‘tib, muvaffaqiyatli yakunlandi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda ayolning va yangi tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli yaxshi, ular shifokorlarning qat'iy nazorati ostida.

Ko‘proq yangiliklar: