Kun.uz muxbiri Birlashgan Arab Amirligida ishidan ayrilgan, begona yurtda turarjoy va yeb-ichish uchun pul topolmay qiyin ahvolda qolgan, tezroq O‘zbekistonga qaytishga ko‘z tikib turgan vatandoshlar bilan suhbatlashdi.
Elmurod Karimov:
— Dubay shahriga 2020 yilning 8 fevral kuni kelganman. U paytda Xitoydan boshqa davlatlarda hali virus tarqalmagan edi. Bu darajada bo‘lib ketishi xayolimizga ham kelmagan. Fevralning oxirlari, martning 5–10-kunlarida karantin boshlandi, savdo joylari birin-ketin yopila boshladi. Ish izlagani ofislarga borardik, ular bizga rad javobini bervorishardi. 20 martga borib umuman uydan chiqolmay qoldik. Turistik viza bilan kelgandim, karantin cheklovlari joriy etilguncha kvartiraga, ko‘chada yurishga, u ofisdan bu ofisga borishga deyarli bor pulimni sarflab bo‘lgan edim. Dubay esa har taraflama qimmat shahar.
Ustiga ustak, bu yerda xastalanib qoldim. Belimda ozgina og‘riq bor edi, uni bee'tibor qoldirdim. Vaqt o‘tishi bilan og‘riq juda kuchayib ketdi. Bu yerda klinikaga borsangiz, tibbiy sug‘urtangiz bo‘lsagina sizni qabul qilishadi. Bo‘lmasa, tibbiy xizmat uchun yo ko‘p pul to‘lanadi, yoki kompaniya tomonidan ishchilariga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shu narsada muammoga uchradim. Menda tibbiy sug‘urta yo‘q, davolana olmadim.
So‘nggi vaqtlarda og‘riq juda kuchayib ketdi. Misol, O‘zbekistonda bo‘lsam, bir hafta davolanishni ichida bu bartaraf bo‘lardi. Kasalxonalar qabul qilmagani, ular bizdan juda ham qimmat bo‘lgani sababli, dorixonalarda biz izlagan dorini topishning iloji bo‘lmayapti. Hozir og‘riq juda ham kuchaygan, harakatlanishim qiyin bo‘lib qoldi. Tanish, do‘stlarimdan kvartira, boshqa xarajatlarga pul qarz olgandim. Ular ham tugadi. Qayta qarz so‘rashga odam uyaladi, qolaversa, ular ham hozir zo‘r ahvolda emas.
Xudoga shukur, yonimizda sheriklar bor. Yordam berishyapti, qarab turishmayapti. Birga ro‘za tutyapmiz. Hamma xarajatlarni ular ko‘tarishyapti, hatto kvartira haqigacha.
Menga o‘xshab turistik viza, ishchi vizasi bo‘lganlar juda ko‘p. Yurtboshimizdan, hukumatimizdan iltimos qilamiz, charter reyslar yo‘lga qo‘yib berilsa, uyga borsak. Bu mamlakat turizmga moslashtirilgan. Koronavirus tarqalishni boshlagach bu yerdan ko‘pchilik chiqib ketdi, Dubayda iqtisodiyot juda ham pastlagan. Ya'ni, bir ish topishga hozircha umid yo‘q. Chunki bir necha yillardan beri ishlayotgan bolalar ham allaqachon ishlaridan ayrilishgan yoki bo‘lmasa, oyligining 30 foizinigina olishyapti. Bu pul nimagayam yetardi? Bu jon saqlab turishgagina yetadi xolos,
Nigora Ro‘zmetova:
— 6 mart kuni Dubayga kirib kelganman. 15 martda qaytib ketishimiz kerak edi. Qolib ketdik. Mana, ikki oydan beri mana shu yerdaman. Atigi o‘n kunga kelgan edim. Anchadan beri bolalarimni ko‘rmagandim, shu yerda ishlashadi, ularni ko‘rish uchun turistik viza bilan kelganman.
Ancha kasalliklarim bor. 36 yildan beri qon bosimim bor, 22 yildan beri qand kasalligim bor. Endi miyamda o‘sma ham paydo bo‘lgan, o‘shaniyam ko‘rsatib ketmoqchi edim. Kelganimizdan keyin bu yerda karantin bo‘ldi. Kasalxonalar ham bemorlarni qabul qilmadi, do‘xtirlar ko‘rigidan ham o‘tolmadik.
Qand kasalligim borligi uchun oyog‘imda “diabetik tovon” bor. Bu degani barmoqlarda qon aylanish umuman bo‘lmaydi. O‘sha qon tomiri yorilib, hozir o‘rnimdan turib yurolmaydigan bo‘lib qolganman. O‘zim 2-guruh nogironiman. Bir yarim oydan beri balkonga ham chiqolmay o‘tiribman. Ahvolim og‘ir.
Bolalarimning ham hozir ishi yo‘q, uyda o‘tirishibdi. Yeyishning bir ilojini qilib, Allohning berganiga shukr qilib o‘tiribmiz. Qiynalgan joyim — menda kistalar, mioma bor, o‘t pufagimda kattagina tosh bor. Buyragimda nefropatiya boshlangan — shulardan qo‘rqaman. Agar bu yerda qoladigan bo‘lsam, operatsiya qilishga pulim ham yo‘q. Oyog‘imni kesishga to‘g‘ri kelib turibdi.
Kuyovim kelish uchun chiptalarimni olib bergandi, hali ketishimga chipta olishlari kerak. Bolalarim ham qiynalib qolishdi. Bir oyda ichadigan dorim O‘zbekistonda juda borsa 250 mingdan 300 ming so‘m bo‘lardi. Sakkiz xil dori ichaman, bu yerda 680 dollarga olib kelishdi. Juda ham qiynalib qoldik.
Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman bu kunlarimni. Endi O‘zbekiston chegarasidan Qozog‘istonga ham o‘tmayman, deb qasam ichib o‘tiribman. Boshqa hech qanaqa muammoni aytmayman, hammasiga chidayman: mayli ochlikka ham, yo‘qlikka ham chidayman. Uyimga bir iloj qilib yetib olsam bo‘ldi. Shifokorlarim meni biladi, men shifokorlarimni bilaman. Meni 30 yildan buyon davolayotgan shifokorlarim bor. Agar hozir bu yerda oyog‘imni kesadigan bo‘lsa, bu ikkinchi marta kesilishi bo‘ladi. Shuning uchun nima qilishni bilmasdan qo‘rqib o‘tiribman. Bir iloj qilib olib ketishsa, minnatdor bo‘lardim.
Bitta men bo‘lsam mayli, biz yashaydigan uyda ketishi kerak bo‘lgan yosh bolaliklar, homilador ayollar ham bor. Ular ham rosa qiynalib, hatto yeyishlariga ham narsa yo‘q. Hammamiz musulmonmiz, u bu narsasiga, hech bo‘lmasa, yeydiganlarini olib kelib, yordam berib turishibdi. Shunga ham rozi. Lekin homilador ayol uyiga borishi kerak. Prezidentimizdan iltimos qilib so‘raymiz, iloj qilib, bizni olib ketsinlar. Shikoyat qilaveradigan ayol emasman, lekin hozir sindik desak bo‘ladi. Dardim tufayli qiynalib yotibman. Agar iloji bo‘lsa, charter reys qo‘yishsin, iltimos.
G‘olib To‘raqulov:
— Bu yerda ayolim bilan ikki yildan beri ishlaymiz. Ushbu epidemiya tufayli katta zarar ko‘rdik. Chunki men restoran sohasida, ayolim savdo sohasida ishlaymiz. Dubayda hamma narsa turizmga bog‘liq. Turistlar kelmasa, restoranlar, savdo markazlari hammasi yopiladi. Shu sababli restoranlarda 1-2 odamni olib qolishdi-da, qolganlarni ishdan bo‘shatib yuborishdi.
Bu yerda 6 oy savdo yaxshi bo‘ladi, 6 oy esa yo‘q. Masalan, hozir o‘sha “o‘lik” mavsum boshlanyapti. Shu sababli ko‘pchilik turistlarning bu yerga kelishi kamayadi. Ular asosan noyabrdan aprelgacha bo‘lgan davrda kelishadi. Yozda juda isib ketadi. Shu sababli biz hozirgi kunda 15 martdan ishsiz qolgan er-xotinlardan bittasimiz. Dubayda er-xotin birga yashashi qimmat. Bir xonali uyning eng arzoni bu yerda 700-800 dollar bo‘lishi mumkin. Shu sababli ijara to‘lovidan juda ham qiynalib qoldik.
15 martdan buyog‘iga oylik olmayapmiz, pulsizmiz. May oyi boshlanyapti, may oyi uchun ham kimdandir qarz so‘radik. Shu sababli elchixonadan yordam so‘radik, ular kerakli ma'lumotlarni berishdi. Bu yerdagi yaqinlarimizdan ham pul so‘rashga uyalamiz, chunki ularning ahvolini ko‘rib turibmiz. Ularda ahvol tang. Ikki mingdan ortiq o‘zbek muhojirlari bo‘lsa deylik, shulardan 15 foizi er-xotinlar. Xotin, bola-chaqasini olib kelgan ham bor, er-xotin birga kelib faqat erkagi ishlaydiganlar ham bor. Ularning ko‘pchiligi ishsiz qolgan.
O‘zbekistondagi aka-uka, qarindoshlarimizdan pul so‘raylik desak, ularda ham vaziyat yaxshi emas. Amerikadagi qarindoshimdan pul so‘rasam ham vaziyat bir xil. Chunki u yerda ham, bu yerda ham shu narsa bor. O‘rtacha yashash narxi bu yerda kishi boshiga to‘rt yuz dollar. Bu ijara narxi va yeb-ichish xarajatlari. O‘zbekistonda to‘rt yuz dollarga to‘rt oy yashashimiz mumkin.
Shu sababli biz ahvolimizni yengillashtirishni iltimos qilardik. Hozir qaytadan ishga qabul qilinishimiz ham amrimahol. Chunki hamma joy yopiq. Turist yo‘q, turist yo‘q bo‘lgani sababli hech kim ishga olmayapti. Bu holat noyabrgacha davom etishi mumkin, chunki bu yerda mavsum noyabrda boshlanadi. O‘sha vaqtgacha hech kim ishga olmaydi. Yuzlab odamlar qiyin ahvolda qolishdi.
Ravshan Sunnatillayev:
— Telegram’da BAAmirligidagi o‘zbeklar jamoasining eng katta guruhlaridan birini ochganmiz. Hozir guruhimizda ikki mingtaga yaqin odam bor. Haqiqatan pandemiya tufayli ishsiz-pulsiz qolganlar juda ko‘p. Ko‘pchilik mendan yordam, maslahat so‘rab yozgan.
Misol uchun, bitta andijonlik ukamiz O‘zbekistondagi qaysidir agentlikka ish topish uchun 800 dollar pul to‘lab, chiptalariga ham xarajat qilib, endi restoranga ofitsiant bo‘lib ishga kirgan ekan. Ofisiantlarni oyligi taxminan 350-400 dollar. Boring, 500 dollardir, undan ortiq emas. Ana shunday ishga joylashgan ekan, ishga kirganiga bir oy bo‘lmagan. 20 kunda biz senga viza berolmaymiz, negaki, BAA davlati epidemiya sababli viza bermayapti, deb ishdan bo‘shatib yuborishibdi. Endi u bolaning yashashiga joyi yo‘q, yeyishga noni yo‘q. Konsulligimizga rahmat, o‘sha bolamizga ham, boshqa qiynalganlarga ham yordamlari tegibdi.
Yana ikkita turist qiz bor edi. Ular yetti kunga kelishgandi. Aynan shu karantin paytiga tushib qolishdi. O‘ttiz kundan beri shu yerda. Keta olishmayapti. Yeb-ichishga daromadi, hech narsasi yo‘q. Yana bir yurtdoshimiz menga aloqaga chiqdi. U ayoli 8 oylik homilador ekanini aytdi. “Nima qilishga boshim ishlamayapti, qanday harakat qilaman?” deyapti. Chunki tug‘ish uchun bu yerda 10 ming dollar kerak. Bu gospitalga to‘lanadigan mablag‘. “Ishimni yo‘qotgan bo‘lsam, ayolimga qanday qilib bunday sharoit yaratib beraman, O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali ketsam bo‘lmaydimi, yoki boshqa yo‘llari yo‘qmi?” dedi. Xullas, bunday murojaatlar ko‘p bo‘lyapti.
Umumiy aytmoqchi bo‘lgan gapim – O‘zbekiston Respublikasining mutasaddi idoralari rahbariyatga, Transport vazirligiga, eshitishimcha, Vazirlar Mahkamasida tashkil qilingan maxsus komissiya bor ekan, ular xorijiy davlatlarda qiynalib qolgan yurtdoshlarimiz uchun charter reys tashkil qilish rejalarini tuzishayotgan ekan. Sizlardan iltimos: BAAdagi biz o‘zbeklarning, yurtdoshlarimizning ham vaziyatini o‘rganib chiqinglar. Nimagaki, BAAda yashash birinchidan, nihoyatda qimmat, ikkinchidan, ishini yo‘qotgan odamlar masalan, Rossiyadagi kabi bitta xonada 2-3 kishi bo‘lib yashab ketish iloji yo‘q. Bu yerda unday mumkin emas.
Ko‘chaga chiqib, o‘ziga boshpana topay desa, pandemiya davrida davlat tomonidan qo‘yilgan katta jarimalar bor, masalan, niqobsiz yurgan odamga ming dirham jarima. Ming dirham — 270 dollar. Bu yerda yashab ketish yo‘lini topishning iloji yo‘q. Rossiyaga borganlarning o‘zlari hujjatlarini tayyorlashadi, bu yerda ish beruvchi hujjat qilib beradi. Eng kamida 2 ming dollar ketadi. Tabiiyki, ish beruvchilarning o‘zini ishi yurmaganidan keyin bu hech kimga qiziq emas. Ochiqdan-ochiq bo‘shatib yuborishdi.
Hozir BAAdagi 1800–2000 ga yaqin o‘zbek muhojirlari ketish ilinjida turibdi. Ishini yo‘qotmay o‘tirganlari ham bor, atigi 5 foiz. Qolgan 95 foiz odam vatanga ketmoqchi.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.