Birjada ilk bor forvard savdolari mexanizmi joriy etildi

Iqtisodiyot 10:00 / 02.04.2020 4073

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tarixida ilk bor mahsulotlarni bir oydan ortiq muddatda kechiktirgan holda yetkazib berish imkoniyatini beruvchi forvard savdolari o‘tkazila boshladi.

2020 yil 1 aprelda o‘tkazilgan elektron birja savdolariga ko‘ra shakar bo‘yicha 27,5 mlrd so‘mlik dastlabki forvard shartnomasi tuzildi. Mazkur shartnoma shartlariga muvofiq mahsulotni yetkazib berish muddati 60 kunni tashkil etadi.

Birjada forvard savdolarini tashkillashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bu mahalliy tadbirkorlar va fermerlar uchun tovarlar uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirish va narxlar o‘zgaruvchanligidan himoya qilish orqali qulay sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir.

Xususan, ushbu mexanizm bir tomonidan kelajakda yetkaziladigan tovar uchun narxlarni oldingan belgilab olish, ikkinchi tomondan mahsulotlar uchun to‘lovlarni oldindan olish imkonini beradi. Forvard bitimlari tovar ishlab chiqaruvchilar uchun to‘g‘ri prognozlash va o‘z faoliyatini yanada samarali rejalashtirish imkoniyatini taqdim etadi.

Yangi mexanizm UZEX birjasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi «G‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda sohaga bozor tamoyillari keng joriy etilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar» PQ-4634-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi «Tovar xomashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 170-son qaroriga muvofiq joriy etildi.

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi keyinchalik ham forvard shartnomalarini boshqa tovar bozorlarida joriy etish ishlarini davom ettiradi.

Ma'lumot uchun: Forvard shartnomasi – muddatli shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra sotilayotgan tovar uchun narx shartnoma tuzilgan kunda belgilanadi, tovarni yetkazib berilishi esa belgilangan muddatda kelajakda amalga oshiriladi.

«O‘zRTXB» AJ PR bo‘limi

Ko‘proq yangiliklar: