Migrantlar uchun imkoniyat, ishga tushayotgan ijtimoiy kartalar va «Majburiyatlar reyestri» – 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston 16:15 5282

Mehnat migrantlari uchun imkoniyatlar beriladi

Bu haqda prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 dekabrdan:

  • xususiy bandlik agentliklari litsenziya olishi uchun zaxira mablag‘lari miqdori BHMning 8 500 baravaridan 4 000 baravarigacha kamaytiriladi;
  • xususiy bandlik agentliklari zaxira mablag‘larini Migratsiya agentligi roziligisiz foydalanmaslik sharti bilan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishi va ushbu depozitlardan olinadigan foiz daromadlarini erkin tasarruf etishi mumkin;
  • Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha olingan takliflar ochiq tanlov orqali xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida taqsimlanadi.

Qaror bilan xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish tizimini zamon talabiga moslashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda xalqaro tan olingan dasturlar va malaka sertifikatlarini joriy qilish maqsadida 2024 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • agentlik tomonidan ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda agentlik buyurtmalari asosida kasbiy ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun davlat granti asosida alohida qabul parametrlari belgilanadi. Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan grantlar ajratiladi;
  • ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari bo‘yicha kasbga o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi joriy qilinadi;
  • agentlikning elektron platformasida kasbiy ta’lim muassasalari va kasbiy ko‘nikmalar markazlarida faoliyat yuritayotgan chet tili fani o‘qituvchilarining reytingi tuziladi. Bunda ingliz, koreys, nemis va yapon tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari soni eng ko‘p bo‘lgan 50 nafar o‘qituvchiga Jamg‘arma hisobidan 50 million so‘mdan subsidiya to‘lanadi;
  • xususiy bandlik agentliklariga chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqi beriladi. Bunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ta’lim tashkilotlarining bo‘sh bino va inshootlarini xususiy bandlik agentliklariga o‘quv kurslarini tashkil qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» yuk tashish tariflarini oshiradi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 2024 yil 1 dekabrdan mahalliy qatnovdagi vagonlar orqali yuk tashish tariflarini oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bergan.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan yuk tashish xizmatlarida vagon qismiga bog‘liq xarajatlar oshgan.

«Ushbu xarajatlarni qisman qoplash hamda yuk vagon parkini yangilash maqsadida 2024 yil 1 dekabrdan mahalliy qatnovda aksiyadorlik jamiyatiga tegishli (inventar) vagonlarda yuk tashish tariflari vagon turidan (universal, maxsuslashtirilgan va sisterna) kelib chiqib, tarif stavkalaridagi vagon qismi 30 foiz miqdorida oshiriladi», – deyiladi xabarda.

Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, bu o‘zgarish yuk tashish tariflarining o‘rtacha 8-10 foizga oshishiga olib keladi.

“Yuk tashish tariflari infrastruktura, lokomotiv va vagon qismlaridan tashkil topadi. Shu munosabat bilan faqatgina vagon qismi 30 foizga oshirildi, bu jami tarifga vagon turidan kelib chiqib o‘rtacha 8-10 foiz ta’sir etadi”, – deyiladi izohda.

«Majburiyatlar reyestri» joriy qilinadi

2024 yil 3 yanvarda davlat rahbarining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”ga farmoni qabul qilingan.

Hujjatda 2024 yil 1 dekabrdan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi «Majburiyatlar reyestri» instituti joriy etilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladi. Qarzdor mol-mulki yo‘qligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda reyestrga kiritiladi. Qarzdor haqida ma’lumot reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llangan barcha cheklovlar saqlab qolinadi.

Reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi. Qarzdor ijro hujjati bo‘yicha majburiyatini bajarganda, u vafot etganda, ijro hujjatini berishga asos bo‘lgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud ijro hujjati bo‘lgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda, qarzdorning 10 yil davomida mol-mulki yoki pul mablag‘lari haqida ma’lumot aniqlanmaganda yoki qarzdor bankrot deb topilganda undiruvchining arizasiga ko‘ra u haqidagi ma’lumotlar reyestrdan chiqariladi.

Ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy kartalarga ko‘chadi

Prezident 2024 yil 18 iyul kuni “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”ga qarorni imzolagandi. Unda aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga o‘tishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Jumladan, qarorda «Ijtimoiy karta» axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini, shuningdek, aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy xususiyatga ega boshqa barcha choralarini bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirish nazarda tutilgan.

Hujjatga ilova sifatida ijtimoiy to‘lovlarni ijtimoiy kartalar orqali to‘lashni bosqichma-bosqich joriy qilish jadvali keltirilgan. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 dekabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tajriba-sinov sifatida ayrim ijtimoiy to‘lovlarni ijtimoiy kartalar orqali to‘lashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Jumladan, ushbu hududlarda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam, yoshga doir nafaqa, nogironlik nafaqasi, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi 2024 yil 1 dekabrdan ijtimoiy kartalar orqali to‘lanadi.

Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi

2024 yil 1 dekabrdan “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi prezident farmonida keltirib o‘tilgan.

Hujjatda keyingi yil boshidan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettirilishi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanishi kabi imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlari xizmat ko‘rsatuvchi xodim tomonidan murojaat etuvchining yashash joyiga borib, planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan texnik qurilmalar yordamida qo‘shimcha to‘lov asosida ko‘rsatiladi;
  • transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) reklamani joylashtirish uchun yig‘im transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini berishda to‘lanadi. Bunda 2024 yil 1 dekabrga qadar berilgan transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportlari uchun yig‘im 2025 yil 1 yanvarga qadar to‘liq to‘lanishi lozim.
  • yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi;
  • avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bilan bog‘liq murojaatlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti, «Call» markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborish va to‘lovlarni onlayn amalga oshirish joriy etiladi;
  • umumiy ovqatlanish korxonalari jismoniy shaxslardan naqd pulga xarid qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilishi soliq solish maqsadlarida kirim hujjatlariga tenglashtiriladi;
  • fermer va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan «meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash» tizimi joriy etiladi hamda har yili Agrosanoatni rivojlantirish agentligi rasmiy veb-saytida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingi e’lon qilib boriladi.
Ko‘proq yangiliklar: