Rossiya qo‘shini bir vaqtning o‘zida Ukraina qurolli kuchlarining Donbassdagi va Xarkiv oblasti shimoli-sharqidagi bir necha «qal’a»larini shturm qilmoqda. Noyabr oyi o‘rtalarida ular kutilmaganda Kupyanskning sharqiy qismi hamda Chasiv Yar shahri markaziga bostirib kirishgandi, oy oxiriga kelib — Kuraxovo markazi va Velika Novosilkaning sharqiy chekkalariga hujum qilindi. Ikkinchi holatda Rossiya qurolli kuchlarining shturmchi guruhlari sharqdagi Vuhledar va Shaxtyorsk tomondan 10 kilometr masofadagi bo‘sh dalalarni bosib o‘tgan — holbuki bunga qadar Velika Novosilkaga janubdan shuncha masofani bosib o‘tib yaqinlashish uchun bir yil vaqt ketgandi. Aftidan, Donbassning janubiy qismidagi ukrain qismlari Kuraxovo mudofaasi uchun jamlangan, Velika Novosilka esa sharqdan bo‘ladigan hujumlardan yaxshi himoyalanmagan. Umuman olganda, Ukraina qurolli kuchlariga hamon Rossiyaning bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishdan qilinayotgan hujumlarini to‘xtatish uchun kuch yetishmayapti: agar bir uchastkada RF bo‘linmalari harakati sekinlashtirilsa, darhol qo‘shni uchastkada mudofaa yorib o‘tilmoqda.
Velika Novosilka
RF qurolli kuchlari Velika Novosilkadan janubi-g‘arbdagi hududlarga noyabr oyi o‘rtalarida hujum boshlagandi. Ukraina qurolli kuchlari 2023 yil yozidagi qarshi hujum davomida ozod etgan aholi yashash manzillari hududlari va xarobalari egallab olingan: Levadne, Rivnopol, Novodarovka. Shu bilan birga, Velika Novosilkadan janubda, Mokriye Yali daryosi bo‘yida, janglar tinib qolgan — bunga qadar 2023 yil yozidan buyon bu hudud faol va to‘xtovsiz harbiy harakatlar maydoniga aylangandi.
Noyabr oyi oxirida ma’lum bo‘ldiki, Velika Novosilka g‘arbiga qilingan hujumlar Ukraina qurolli kuchlarini ushbu rayon markaziga sharqdan qilinadigan asosiy hujumdan chalg‘itish vazifasini o‘tagan. Oktyabr oyida Vuhledarni bosib olgan va shu yerdan Kuraxovo yo‘nalishida yurish boshlagan RF qurolli kuchlari keyingi shahar egallanishini kutmasdan Velika Novosilkaga sharqdan hujum qilish uchun alohida qo‘shin to‘pladi. Ikki guruhdan biri Vuhledar — Velika Novosilka yo‘li bo‘ylab, boshqasi avvalroq egallangan Shaxtyorsk tomondan yurish boshladi — bu bo‘linmalar 10 kilometr masofadagi ochiq hududlarni bosib o‘tishdi va Velika Novosilka chekkalariga yetib kelishdi.
Katta ehtimol bilan, yaqin haftalar ichida Rossiya qo‘shini muhim qal’a bo‘lgan ushbu rayon markaziga uch tomondan — g‘arb, sharq va janubdan hujum qiladi — Selidove qamalida ham shunday yo‘l tutilgandi, hozirda Kuraxovoga yurish ham shunday kechmoqda.
Kuraxovo
Rossiyaning shimoldan Kuraxovoga yurish qilayotgan qo‘shini baribir Kuraxovo suv omborining g‘arbiy chekkasiga o‘tib, Ukraina qurolli kuchlarining ta’minot yo‘lini kesib qo‘yishning uddasidan chiqa olmadi.
Ushbu guruh qismlari qayiqlarda suv omboridan suzib o‘tib, Kuraxovo markaziga yetib kelgan. Bu vaqtda shahar markaziga sharqdan yurish qilgan bo‘linmalar ham kirgan. So‘nggi kunlarda Kuraxovo markazidagi G‘alaba ko‘chasida janglar bo‘lib o‘tmoqda.
Xuddi shu vaqtda RF qurolli kuchlari Kuraxovoning sharqiy chekkalaridan janubdagi Dalneye qishlog‘iga yorib kirgan. Rossiyaning janubdan harakatlangan boshqa bir guruhi Dalneyedan janubroqdagi Uspenovka qishlog‘i chekkalariga yaqinlashgan. Bu esa Ukrainaning Suxiye Yali daryosi vodiysidagi yirik guruhini qurshov xavfi ostida qoldirgan. Bu qo‘shin asta-sekinlik bilan Uspenovka orqali g‘arbga chekinmoqda. Uspenovka RF qurolli kuchlari tomonidan egallangan taqdirda, Rossiya armiyasi Kuraxovoga janubdan ham kirishi mumkin bo‘ladi.
Chasiv Yar
RF qurolli kuchlari ancha oldinroq Chasiv Yar markazini Baxmutdan ajratib turuvchi Severskiy Donets — Donbass kanalini bir necha joydan kechib o‘tgandi. Ukraina qurolli kuchlari sharqiy sohildagi barcha platsdarmlarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ammo so‘nggi vaqtlargacha Rossiya qo‘shini ushbu platsdarmlardan ukrain mudofaasi ichkarisiga yorib kira olmagandi — bunga ukrainlarning Chasiv Yardagi pozitsiyalari teparoqda joylashgani sabab edi.
Noyabr oyida Rossiya qo‘shini kanal bo‘yidagi platsdarmlardan biridan Chasiv Yar ichkarisiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Endi janglar yirik kombinat joylashgan asosiy tepalik atrofida kechmoqda.
Xuddi shu vaqtda RF qurolli kuchlari Chasiv Yarni janub va shimoldan aylanib o‘tishga ham harakat qilmoqda. Bu guruhlar muvaffaqiyatga erishgan taqdirda Konstantinovka xavf ostida qoladi. Bu esa Ukraina qurolli kuchlarining Toretskdagi mudofaasi qulashiga olib keladi, kelgusida Kramatorsk va Slovyanskka yurish uchun sharoit yaratadi.
Kursk oblasti
Ukraina qurolli kuchlari Kurskdagi platsdarmi shimoli-g‘arbidagi so‘nggi tayanchi — Olgovka o‘rmonini tark etdi. Yozda Korenovo rayoni markazi hamda Rilsk — Kursk yo‘li shimoli-sharqiga yorib kirishga uringan ukrain bo‘linmasi keyinroq Sudja — Korenevo yo‘lidan shimoldagi ushbu o‘rmonga chekingandi.
Bir necha hafta davom etgan janglarda Rossiya qo‘shini o‘rmonni qariyb qurshab oldi, bu esa Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini bo‘linma qoldiqlarini Malaya Loknyaga evakuatsiya qilishga majbur qildi.
Malaya Loknyaning o‘ziga esa Rossiya qo‘shini yaqinlasha olmayapti: g‘arbdan qilingan hujumlar ham (Novoivanovka tomondan), shimoldan (Pogrebka orqali) qilingan hujumlar ham hozircha muvaffaqiyat keltirmadi. Rossiya qismlari bu hujumlarda ko‘plab texnikalaridan ayrilgan.