Bu mantiqsiz tashabbus emasmi? Mahalla xodimlari uyma-uy yurib targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda

Jamiyat 10:36 / 28.03.2020 105817

Ayni kunlarda aksariyat aholi epidemiologik vaziyatdan yaxshi xabardor va uyida qolmoqda. Mahalla xodimlari esa eshik taqillatib kelib muloqotga chorlayapti, «uyda qoling, birov bilan muloqot qilmang», deb yozilgan bukletni beryapti. Avvalroq u qanchadan-qancha xonadonlarning eshigini taqillatgan…

Avvaliga tahririyatimizga Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi mahallalarda MFY xodimlari uyma-uy yurib, aholiga koronavirus bo‘yicha tushuncha berayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatarkanmiz, bu holat bir yoki ikki tumanda emas, respublika bo‘yicha juda ko‘plab hududlarda davom etayotganiga guvoh bo‘ldik. Aytaylik, Jizzax viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining «Feysbuk»dagi sahifasida bir necha tashkilot vakillaridan iborat butun boshli jamoaning uyma-uy kirib targ‘ibot o‘tkazayotgani xabar qilingan:

Hech qancha o‘tmay Urgut tumani hokimligi rasmiy kanalida ham bu haqda axborot berilib, tumandagi yuzdan ortiq mahallalar buklet tarqatayotganini ma'lum qildi. Qizig‘i, ushbu bukletning nomi «Koronavirus tarqalishining oldini olishning eng muhim sharti karantin qoidalariga qat'iy va istisnolarsiz rioya etish». 

Qashqadaryo viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi kanalida esa xonadonlarda targ‘ibot ishlarini o‘tkazish borasida deyarli barcha tumanlar ma'lumot bergan.

Aytavayersak, misol juda ko‘p, Qashqadaryoda ham, boshqa viloyatlarda ham ko‘plab tumanlarda aholi xonadonlariga guruh-guruh bo‘lib kirib borilayotgani haqidagi xabarlar va fotosuratlar «zavqu shavq bilan» ijtimoiy tarmoqlarda joylanmoqda.

Bu kabi mantiqsizlik birdaniga yurtimizdagi barcha mahalla raislari xayoliga tasodifan kelib qoldimi yoki kimningdir topshirig‘imi?

Qayerga qarasangiz «Uyda qoling!» degan chaqiriqa duch kelasiz, telekanallarda, internet saytlarida va barcha ijtimoiy tarmoqlarda imkon qadar hech kim bilan muloqot qilmaslik har kuni yuz martalab aytilyapti.

Shunday bo‘lgani holda qanday qilib mahalla xodimlari «uyda qoling» yozuvi bitilgan buklet bilan uylar eshigini qoqmoqda? Birov bilan qo‘l berib ko‘rishib qo‘ysak, zudlik bilan qo‘limizni yuvish tavsiya qilinayotgan hozirgi vaziyatda mahalla xodimlariga rahmingiz ham keladi.

«Uyda qolish» targ‘ib qilinayotgan bir paytda «uyma-uy yurasan», degan topshiriqlar va mantiqsiz tashabbuslarga zudlik bilan chek qo‘ya oladigan odam bo‘lsa, hozirgi sharoitda xalqimiz uchun katta ish qilgan bo‘lar edi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: