Eron emas, Saudiya: Suriyaning Yaqin Sharqdagi ittifoqchisi o‘zgarmoqda

Jahon 18:27 2404

Suriyaning muvaqqat prezidenti ilk xorijiy safar bilan Saudiya Arabistoniga bordi. Damashq mintaqadagi ittifoqchisini Erondan Saudiyaga o‘zgartirayotganidek ko‘rinmoqda. Qirollikni amalda boshqarayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ash-Sharani tabriklagan, Suriya xalqi orzularini ro‘yobga chiqarishini tilagan.

Suriyaning muvaqqat prezidenti yakshanba, 2 fevral kuni o‘zining birinchi xorijiy safarini amalga oshirdi. Ahmad ash-Shara Saudiya Arabistoniga safar qildi. Tahlilchilar fikricha, bu bilan Suriya Yaqin Sharqda asosiy ittifoqchisini o‘zgartirayotgan ko‘rinadi, ya’ni Erondan Saudiya Arabistoniga. Bu Damashqning Tehrondan uzoqlashishidir, deb yozadi Associated Press axborot agentligi. Bir paytlar “Al-Qoida” terroristik guruhi bilan aloqalarga ega Ahmad o‘z muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Asad al-Shayboniy bilan Saudiyaga bordi. Aeroportda Saudiya bayrog‘i yonida Suriyaning yangi uch yulduzli bayrog‘i ham hilpirab turibdi, deya yozadi agentlik o‘z xabarida.

Ahmad ash-Shara davlatni amalda boshqarayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan Ar-Riyoddagi “Al-Yamama” saroyida ko‘rishdi. Saudiya matbuoti safar haqida yozarkan, Sharaning tashrifi qardosh Suriyaning xavfsizligi va barqarorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi qadam ekanini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni matbuot agentligi xabarida kelishicha, shahzoda ash-Sharani prezidentlik lavozimini egallagani bilan tabriklagan. Suriya xalqining orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishini tilagan. Shara esa qirollik oilasiga uni qo‘llagani uchun minnatdorlik bildirgan.

“Bugun biz keng ko‘lamli uchrashuv o‘tkazdik, Suriya kelajagini qurishda qo‘llab-quvvatlash istagini, shuningdek, Suriya xalqi irodasini, uning hududiy birligi va yaxlitligini qo‘llash haqida so‘z bordi”, degan muvaqqat prezident. Ash-Shara muhokamalarda suriyaliklarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash haqida ham gaplashganini aytadi.

Saudiya 2011 yilda Suriyadagi Arab bahori namoyishlarini kuch bilan bostirgan Bashar Asadni taxtdan olish ishlariga uringan isyonchi guruhlarga pul tikkan davlatlar qatorida edi. Biroq Eron va Rossiya yordamini mahkam ushlagan Asad urushni boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Ash-Sharaning xalqaro kuchlar ko‘magida hokimiyatni egallashi 14 yillik siyosiy atmosferani o‘zgartirmoqda.

Yanvar oyida Saudiya tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Damashqqa borib, Ar-Riyod Suriyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash uchun faol muloqotga kirishganini ma’lum qilgandi. Ash-Shara esa Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni oldirmoqchi, davlatlardan birin-ketin shuni so‘ramoqda. Bu safaridan avval u Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad ol Soniyni qabul qilgandi. Qatar amiri Suriyaga kelgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi, albatta, hozirgi muvaqqat hukumat davrida. Ayni paytda Suriya Islomiy davlat guruhlari va boshqa jangarilardan haliyam aziyat chekmoqda. Masalan, Suriyaning Aleppo viloyatidagi Manbij shahrida bomba o‘rnatilgan avtomobil portlab, tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan, yaralanganlar ham 10 ga yaqin.

O‘tgan oy ash-Shara “Al-arabiya” telekanaliga bergan intervyusida Saudiya Arabistoni, albatta, Suriya kelajagida katta rolga ega bo‘lishini gapirgan. Saudiya Tashqi ishlar vaziri Suriyaga sanksiyalarni bekor qilish uchun xoh Yevroittifoq bo‘lsin, xoh Amerika barcha bilan gaplashayotganini aytadi.

The Guardian nashri ash-Sharaning Saudiyaga borganini yozar ekan, mintaqaviy ittifoqlarda kuchli o‘zgarish ro‘y berayotganini aytgan. Lekin Saudiya Asad boshqaruvi davridagi Suriyani 2023 yilda qayta Arab Ligasiga qabul qilgandi. Shu tomoni bilan ar-Riyod Ash-Sharaning Turkiya va Qatar kabi ittifoqchilaridan biroz farq qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: