Rossiya Saudiya Arabistoni va BAAni Vladimir Putin hamda Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi o‘tkaziladigan joy sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ikki nafar rossiyalik manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda rossiyalik yuqori martabali amaldorlar Saudiya Arabistoni va BAAga tashrif buyurgan. Ammo manbalardan birining aytishicha, ushbu g‘oyada «ayrim qarama-qarshiliklar» mavjud, chunki Saudiya Arabistoni hamda BAA AQSh bilan qalin harbiy va xavfsizlik aloqalarini o‘rnatgan. Rossiya va Ukraina o‘rtasida ilk bor muzokaralar o‘tkazilgan Turkiya bu safar uchrashuv joyi sifatida ko‘rib chiqilmayapti.
Reutersʼga ko‘ra, Tramp lavozimga kirishganidan keyin birinchi bo‘lib Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salom bilan qo‘ng‘iroqlashgan. O‘z navbatida Putin 2023 yilda Saudiya Arabistoni va BAAga tashrif buyurib, AQSh hamda Rossiya o‘rtasida mahbuslar almashinuvini tashkil etishdagi yordami uchun Muhammad bin Salmonga minnatdorchilik bildirgan edi.
Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon hamda BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Ukrainadagi urush davomida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmay kelyapti. BAA Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi asirlar almashinuvida vositachi sifatida ishtirok etgan. Har ikki mamlakat yetakchilari, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlab keladi.
Bundan tashqari, ikki mamlakatning hech biri Putinni hibsga olish orderini bergan Xalqaro jinoiy sud a’zosi hisoblanmaydi.
Kreml ushbu xabarlarga izoh berishdan bosh tortgan. Saudiya Arabistoni va BAA ham mazkur masalaga oid savollarga javob qaytarmagan.
Yanvar oyida Tramp Saudiya Arabistoni va OPEK davlatlarini neft narxini pasaytirishga chaqirgan edi. «Ular bu ishni nima uchun saylovgacha qilishmaganiga hayronman. Agar narxlar tushganida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tez yakunlangan bo‘lardi», — degan Tramp.
3 fevral kuni Tramp o‘z ma’muriyati Ukraina, Rossiya va «turli tomonlar» bilan uchrashuv hamda muzokaralarni rejalashtirganini aytdi, biroq boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi. AQSh prezidenti aynan qaysi tomonlarni nazarda tutagani noma’lum. Ikki kun oldin Tramp yana bir bor Vashington va Moskva o‘rtasida muhokamalar ketayotganini ta’kidlagandi.