SSV bemorlar ahvoli og‘irligini bildirgan va «rizolik so‘ragan» tibbiyot xodimi videosi bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat 20:34 / 25.03.2020 264743

«Hammanglar rozi bo‘linglar bizdan, yaxshi o‘tiringlar, kimnidir xafa qilib qo‘ygan bo‘lsam xafa bo‘lmanglar. Yaxshi yuringlar, duo qilib o‘tiringlar. Kasallarimiz yaxshi emas, issig‘i chiqib qaltirayapti, hammanglar yaxshi o‘tiringlar», deydi ayol. Orqada bola yig‘isi eshitilayotgan bu maskan aynan qaysi shifoxona ekani bilinmagan.

Shu kunlardagi vaziyatdan kelib chiqib, ko‘pchilikning xayoliga birinchi navbatda koronavirusga chalingan bemorlar kelishi tabiiy. Ammo ayolning liboslari tibbiy bo‘lsada, maxsus kiyimlar emas, ya'ni aksariyat bemorlar saqlanayotgan virusologiya ilmiy tekshirish instituti xodimlariniki bilan bir xilmas. Qolaversa, bu muassasaning xodimlaridan kimdir shunday yo‘l tutishiga ishonish qiyin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun, 25 mart holatiga umumiy bemorlar soni 56 nafar ekani, ulardan 4 nafari og‘ir ahvoldaligi, ammo o‘ta og‘ir ahvolda emasligini bildirgandi (tibbiyotda og‘ir va o‘ta og‘ir holat keskin farq qiladi).

Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevdan bu masala bo‘yicha izoh so‘radik. Vazirlik rasmiysining ma'lum qilishicha, videodagi ayol virusologiya ilmiy tekshirish instituti xodimi emas.

«Hozir ayni shu masala bo‘yicha surishtiruv olib boryapmiz va to‘liq ma'lumot bo‘lishi bilan xabar beramiz. Ammo dastlabki xulosalar bo‘yicha aytish mumkinki, aynan bu ayol virusologiya ilmiy tekshirish institutida shifokor yoki hamshira bo‘lib ishlamaydi. Bu masalaga institut rahbariyati tomonidan ham aniqlik kiritildi. Ayolning o‘zi ham qaysi shifoxonaning qaysi bemorlari og‘ir ahvolda ekanligini aniq aytmagan. Bu tibbiyot xodimi qayerda ishlashi haqida surishtiruvlar olib boryapmiz.

Eng muhimi, koronavirusga chalingan bemorlar soni va ularning ahvoli haqida muntazam axborot berib kelyapmiz va ehtiroslarga berilgan holda aholi orasida sarosima chiqarishga hojat ham yo‘q, buning uchun javobgarlik ham belgilangan.

Eslatib o‘taman, bu hozircha dastlabki xulosalar va aniq axborot, qo‘shimcha yangilik bo‘lishi bilan e'lon qilamiz», dedi Furqat Sanayev.

Ko‘proq yangiliklar: