2020 yilning 10 mart kuni soat 17:00da 33 yoshli E.A. Shahrisabz shahrida joylashgan uyida spirtli ichimlik iste'mol qilib, o‘zining ukasi 29 yoshli X.A. bilan hech bir sababsiz o‘zaro tortishgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shunda X.A. akasi E.A.ni tinchlantirish maqsadida tanishi 26 yoshli Sh.T.ni telefon orqali chaqirgan. Sh.T. o‘zaro janjallashayotgan aka-ukalarni ajratayotgan vaqtida E.A. qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan Sh.T.ning chap biqin sohasiga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada, Sh.T. tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahri bo‘yicha IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” (o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bandi bilan E.A. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.