Unda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish, ayni vaqtda Samarqand viloyatidagi vaziyat yuzasidan jurnalist va bloggerlarga ma'lumot berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.
Brifingda viloyatning barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida, RShTYoIM Samarqand filiali hamda viloyat perinatal markazida jami 95 o‘rindan iborat bir marta ishlatiladigan tibbiy jihozlar, zararsizlantiruvchi vositalar va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori vositalar to‘plamidan iborat zaxira o‘rinlari yaratilgani aytildi.
Shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 3-qavatli 100 o‘rindan iborat 14 kun davomida karantin nazoratida fuqarolarni kuzatish uchun alohida blok ajratilib, kerakli tibbiy personal, dori vositalari va shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta'minlandi.
«Shu o‘rinda qiziq bir holat e'tiborimizni tortdi, — deydi viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi markazi bosh vrachi Xayrulla Boymurodov. — Ya'ni, koronavirus dunyo bo‘ylab tarqala boshlagandan so‘ng odamlarimizda hushyorlik kuchaydi. Ko‘pchilik himoya niqobi taqib, tozalikka e'tibor qilgani sababli ayrim kasalliklar viloyatimizda o‘tgan yilga qaraganda ancha kamaydi. Masalan, o‘tkir respirator kasalliklar 22 foizga, virusli A gepatit 37 foizga, o‘tkir ichak infeksiyalari esa 12 foizga kamayganini kuzatishimiz mumkin.
Yana bir gap: ushbu kasallikning oldini olish yoki kimdir koronavirusga chalingan taqdirda ham uni davolashga imkoniyatlarimiz yetarli. Chunki, koronavirus kasalligi oddiy grippdan ham yengil kechadi. Shuning uchun fuqarolarimizdan ortiqcha xavotirga berilmasliklarini so‘rab qolardik».
Aytish mumkinki, shu kunga qadar koronavirus aniqlangan mamlakatlardan Samarqand viloyatiga kelgan 851 nafar fuqarolar nazoratga olingan. Bugungi kunda 538 nafarining 14 kunlik nazorati tugagan. Nazoratdan chiqarilgan va nazoratda turgan 313 nafar fuqarolarning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmagan.