Ana shu qurilmaning buzib tashlangani yuzasidan kitobliklar murojaat qilishmoqda: «O‘zi o‘tgan yili qurilgan edi-ku, juda chiroyli turgandi, nega buziladi?»
O‘sha joyda bo‘ldik. Endi bu yerda anor ramzi o‘rnida bir uyum tuproq qolgan.
Holatga dastlab Kitob tuman hokimligi vakillaridan biri telefonda qisqacha izoh bergandi: «Viloyat hokimi buyrug‘i bilan buzilgan!»
Viloyat hokimligi axborot xizmati esa anor ramzi buzilmagani, balki boshqa, mos joyga ko‘chirilganini ma'lum qildi.
Kitob tuman hokimligi qurilish bo‘yicha mutaxassisining aytishicha esa mazkur hududda keyingi bir yilda yo‘l-transport hodisalari soni oshib ketgani, ko‘chaning bu qismi kengaytirilib, obodonlashtirilishi munosabati bilan anor ramzi boshqa joyga — anor yetishtirish bilan qadimdan mashhur bo‘lgan Varganza massiviga ko‘chiriladi.
Hokimlik mutasaddilaridan ushbu qurilish uchun o‘tgan yili qancha mablag‘ sarflangani, bir yil o‘tib uni buzish uchun yana qancha pul ketgani to‘g‘risida ma'lumot ololmadik.
Ko‘chirilish sababi xalqqa tushuntirilmagani ortidan esa aholida turli savollar paydo bo‘lgan.
Anorga o‘xshash xuddi shunday tarvuz yodgorligi Chiroqchi tumani hududida, A380 va 4R-87 yo‘li kesishmasida ham o‘rnatilgan.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri