Avvalroq, Farg‘ona viloyatidan haydovchilar Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalarni bepul qaytarayotgani e'lon qilingandi.
Bugun surxondaryolik bir necha fuqaro Toshkentdan talabalarni bepul olib kelish uchun o‘z mashinasida yo‘lga chiqmoqda. Bu savob ishga qo‘shiluvchilar soni ortib boryapti.
Ana shunday savobtalab haydovchilardan biri Jamshid Bahromov bilan telefon orqali suhbatlashdik.
«Angor tumanida yashayman. Institutlarda o‘qish vaqtincha to‘xtatilgach, talabalarimiz Toshkentdan kelolmayotgani haqida internetda o‘qib qolgandim. Darrov ularga yordam berish fikri tug‘ildi. Bu orada Surxondaryodagi ayrim taksi haydovchilar shu ishga qo‘l urayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z telefonlarini qoldirayotganini ko‘rib men ham talabalar ko‘rib qolar degan umidda telefon raqamimni tarqatdim (biz ham Jamshid Bahromovni ana shu raqamdan topdik — tahririyat). Tez orada 7 kishi bo‘ldik. Kechaga undan ham oshsak kerak. Ertalabgacha nasib etsa Toshkentga yetib borib talabalarni beminnat olib kelamiz», — deydi u.
Qashqadaryoda esa endi viloyat, tuman hokimliklari, boshqarmalar xizmat mashinalari ham shu maqsad uchun Toshkentga yo‘l olmoqda.
Avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan talabalar bepul uylariga yetkazilishi haqda xabar berilgandi.
Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlarning ham xizmat avtomobillari bu ishga jalb etilgan.
Shu maqsadda 20 ta avtobus, 4 ta mikroavtobus va 100 ga yaqin yengil avtomobillar to‘plangan. Talabalar IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas'ullari hamrohligida Toshkentdan olib kelinadi.
Mazkur xabar e'lon qilinishi oldidan ibrat olsa arziydigan yana qator ma'lumotlar yetib kelmoqda.
Boysun tumanidan tadbirkor Jasur Rahmonov shu vaqtgacha 700 so‘mdan sotayotgan tuxum mahsulotini talab oshgani bois 600 so‘mdan sotishni boshlagan. Jarqo‘rg‘onlik dorixonalardan biri esa shu kunlarda 1200 bo‘lib turgan niqoblarni to‘plab 1000 so‘mdan sotishni yo‘lga qo‘ygan. «Jarqo‘rg‘on baraka chevarlari» MChJ xodimlari esa dehqon bozorida 20 mingta tibbiy niqob tarqatishayotgani aytilmoqda.