«Barcha xodimlarga ta'til berish masalasini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish kerak. Hozirgi kunda bu masalada hukumat komissiya qarori yo‘q. Ta'til tarbiyalanuvchi, o‘quvchi va talabalarga berildi. Maxsus komissiya qaroriga asosan, maktab, maktabgacha ta'lim muassasalari hamda oliy ta'lim muassasalari talabalariga ta'til berildi.
Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak: darslar o‘quvchilarning yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bu tadbir ularga nisbatan tatbiq qilinyapti.
Davlat idoralari yoki ta'lim muassasalarining xodimlariga ta'til belgilangani yo‘q. Majburiy ta'til berish holatlari, ya'ni xodimga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik belgilanganda yoki u kasal bo‘lganda, ishga kelishi shart emas, bu haqda ish beruvchini xabardor qilsa kifoya. Bunday holatda kasallik varaqasi ochiladi va shunga asosan xodim ishga kelmaydi.
Boshqa holatlarda xodimlar ma'muriyat buyrug‘i qabul qilinmagunicha ishga kelishi kerak», deydi Akbar Toshqulov.
Vazir o‘rinbosari bunday vaziyatda maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi va oliy ta'lim muassasalari ma'muriyatlari zimmalariga qonun bilan yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib ish tutishlari, xodimlarning huquq va manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishlari kerakligini ta'kidladi.
«Maxsus komissiya barcha o‘qituvchilarga ham [karantinni] joriy qilish bo‘yicha qaror qabul qiladigan bo‘lsa, ular ham karantin munosabati bilan ishdan ozod qilinadi va ularga qonunchilikda belgilangan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Agar karantin joriy qilinishi xodimlarga nisbatan ham bo‘lsa, bunday holatda ham ish beruvchilar ish haqini ma'lum qismini saqlagan holda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik joriy qilinadi. Amaldagi qonunchilikda ham buning tartibi belgilangan.
Sanitariya-epidemiologiya bo‘yicha maxsus vrachlar tomonidan har bir holatda kasallik varaqasi to‘ldiriladi. Agar xodim 8 yildan ortiq ishlayotgan bo‘lsa, unga ish haqining 80 foizi miqdorida, undan kam ishlayotgan bo‘lsa, 60 foizi miqdorida ish haqini to‘lab berish majburiy bo‘ladi», deydi Akbar Toshqulov.