Vahimadan xiyonatgacha bir qadam

Jamiyat 21:54 / 16.03.2020 41784

Kuni kecha bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu kasallikka qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va izolyatsiyaga olingan shaxslar va aniq rejalar haqida batafsil ma'lumotlar taqdim qilindi. Jurnalistlarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.

Eng muhimi OAV, blogerlardan aholi orasida vahima tarqatmaslik so‘raldi, bu borada javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Yig‘ilishdan so‘ng o‘tgan davr ichidagi vaziyat mahalliy OAV, blogerlar bu masalada o‘zlarini mas'uliyatli tutishga harakat qildi, deyishimizga asoslar mavjud. Biroq boshqa mamlakatlarda bo‘lganidek, bizning yurtimizda ham bu kasallik aholi o‘rtasida ma'lum vahimani keltirib chiqargani ham bor gap.

Bunda shuni ham tan olish kerak, ayrim OAVda berilgan va asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan turli materiallar odamlarning o‘ng-u so‘liga qaramay bozorlar va savdo do‘konlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini “g‘amlab qo‘yish” uchun ko‘p miqdorda sotib olishiga sabab bo‘ldi.

Shu narsa ayonki, koronavirus kabi yalpi xavflarga qarshi kurash kompleks jarayon bo‘lishi lozim. Bunda uning barcha turdagi salbiy oqibatlarining oldini olish uchun keng ko‘lamli yondashuv zarur. Jumladan, aholi orasida vahimaning oldini olish eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralishi lozim bo‘ladi. Biz o‘zgalarning xatolaridan, tarixda vahima tufayli kelib chiqqan katta yo‘qotishlardan zarur xulosa qilishimiz zarur.

Dushmandan qo‘rqma, vahimadan qo‘rq, deyiladi maqollarning birida.

Vahima o‘zi nima?

Psixologiyaga oid kitoblarda vahimaga his-tuyg‘u va kayfiyatning buzilishi sifatida qaraladi. Vahimada odamni asossiz qo‘rquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, hadiksiraydi, bezovta bo‘ladi, ko‘ngli g‘ashlanib, oromi yo‘qoladi. Unga kelajakda falokat bo‘lishi muqarrardek, o‘zi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi.

Bunday sharoitda shaxsda asosli, oqilona qarorlar qabul qilish layoqati cheklanadi.

Albatta bu holat faqat bizning mamlakatimizga xos desak, adolatdan bo‘lmaydi. Zero koronavirusning jahon miqyosidagi zararlari haqida bir-biridan mudhish xabarlar ko‘payib borayotgan bir sharoitda, ko‘plab mamlakatlarda bizda kecha kuzatilganiga o‘xshash vaziyatlar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Mazkur holatni ayrim mutaxassislar insonning qadimgi davr yoki o‘rta asrlarda bo‘lib o‘tgan pandemiyalarning “genetik” asorati sifatida baholashadi. Ammo biz XVIII-XIX asrda emas, hatto XX asrda ham emas, balki XXI asrda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.

Vahima va terrorizm

Ammo insoniyatning turli kasalliklar oldidagi tarixiy qo‘rquv hissi so‘nggi asrda vizual axborot vositalari rivojlanishi bilan yanada “mustahkamlandi”, desak ham yanglishmagan bo‘lamiz. Jumladan, turli yalpi kasallanishlar haqidagi filmlar kishilarning ongostiga o‘rnashib qolib, ularning oldidagi real xavfni “oxirzamon ofati” darajasiga olib chiqib qo‘yayotgandek go‘yo.

Agar jiddiy faktlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bugun bundan oldin kuzatilgan pandemiyalardan ko‘ra ancha kamroq xavf oldida turganimiz yaqqol ko‘zga tashlanadi – 16 mart holatiga mazkur kasallikka chalinganlar o‘rtasida o‘lim holatlari 4 foizga ham yetmaydi.

Bundan kelib chiqadiki, koronavirus xuddi terrorizmga o‘xshash effekt uyg‘otmoqda, ya'ni aslida terrorizm ortidan keng ko‘lamli urushga nisbatan kamroq qurbonlar berilsa-da, lekin uning ommaviy axborot vositalaridagi “dovrug‘i” butun dunyoni larzaga soladi. Haqiqiy urushlar esa, u yoki bu “qaynoq nuqtadagi vaziyat”, deb yoritiladi. Terrorizmning ham asl maqsadi shu – dunyoni qo‘rqitish. Shu tufayli Isroil bosh vaziri antiterror texnologiyalari yordamida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishni aytgan bo‘lsa, ehtimoldan xoli emas.

Axborot va ijtimoiy mas'uliyat

Mazkur pandemiya hali epidemiya bosqichidayoq Shveytsariya milliy teleradiokompaniyasining Xalqaro axborot xizmati “bir tomondan, OAV aholini voqealar rivojidan xabardor qilib turishimiz kerak, boshqa tomondan esa, OAV yoki ommaviy kommunikatsiya vositalaridagi “faollar” ko‘proq “layk” yig‘ish uchun vahimani kuchaytirishi – axloqsizlikdir”, deb yozgan[1] edi.

Xorijdagi o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan ayrim destruktiv OAV fuqarolarimizdan bozor, savdo obektlardagi navbatlar haqida foto va video materiallarni jo‘natishni so‘rab murojaat qilmoqda. Bundan muddao nima ekanligi aniq. Ular yana bir bor o‘zlarining haqiqiy basharasini ko‘rsatmoqdalar xolos. Bunday foto va videomateriallarning tarqatilishi yanada sarosima va vahimaning tarqalishiga xizmat qiladi. Bu esa ular kutgan holat.

Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir

Mazkur vaziyatda nafaqat tibbiyot sohasi, balki inson ruhiyatini o‘rganadigan sotsial psixologiya mutaxassislari katta sahnaga chiqishi lozim ko‘rinadi. Zero buyuk bobokalonimiz Ibn Sino aytganlaridek, vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir.

Albatta, keng ommadan oddiygina qilib, o‘zini namunali tutishni so‘rash yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki u bugun juda katta axborot bosimi ostida qolgan. Ana shunday sharoitda sotsiologiya, psixologiya mutaxassislari aynan o‘sha kommunikatsiya vositalari orqali insonlarni o‘zlari bilmagan holda vahimaga berilib, turli harakatlardan tiyilishga chaqirish yo‘llarini ko‘rsatib turishsa ayni muddao bo‘lar edi.

Millat boshidagi sinov

Millat va mamlakat tarixida shunday kunlar bo‘ladiki, bu paytda xalq o‘zining bir maqsad yo‘lida birlasha olish qobiliyatini namoyon eta olishi, qiyinchiliklarni mardonavor qarshi olishga tayyorligini ko‘rsatib qo‘yishi lozim. Bunga o‘xshash vaziyatlarda albatta tashabbusni o‘z qo‘liga oladigan qatlam bo‘lishi lozim. Bunday qatlam esa, mantiqiy ravishda davlat xizmatchilari bo‘lishi lozim. Zero ular o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarish bilan bir qatorda, xalq boshiga og‘ir sinov tushgan ana shunday paytda jamiyatda o‘zini tutishi bilan boshqalarga shaxsiy namuna ko‘rsatishi va yuksak axloqiy qoidalarga rioya qilishi lozim. Buni bizdan ko‘ra bir necha ming barobar yirik xavf ostida qolgan Xitoy tajribasi isbotlab berdi.

Jamiyatning faol qatlamlarini birlashtirgan nodavlat tashkilotlari esa o‘z navbatida, sinovli kunlarda xalqimizning xotirjamlikni saqlab qolishida tayanch bo‘g‘ini bo‘lishi maqsadga muvofiq.  

Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning jamiyatimiz ham qusurli shaxslardan xoli emas, afsuski. Ana shundaylarga qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan jazoning muqarrarligini ta'minlash ham xalqimizning osoyishtaligini ta'minlashning muhim shartidir.

Har qanday OAV, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchi internet tarmog‘iga joylayotgan ma'lumoti bevosita yoki bilvosita, umuman zarracha miqdorda bo‘lsa ham vahimaga olib kelishga sabab bo‘lmaydimi degan savolni o‘z oldiga qo‘yishi lozim.

Vahima uchun javobgarlik

Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun tegishli jinoiy javobgarlik mavjudligi, ana shunday harakatlarni o‘ylab yoki o‘ylamay sodir qilayotgan shaxslarni yana bir bor hushyorlikka chaqirishiga umid qilamiz.

Xususan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yuqoridagi harakatlar oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan; ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuni ta'kidlashni istardikki, biz hozir duch kelgan tashvishlar o‘tib ketadi, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan vaqt keladi... Ana shu vaqt kelganda, bosib o‘tgan yo‘limizni nafaqat o‘zimiz, balki bizga yumshoq qilib aytganda xayrixoh bo‘lmagan kuchlar ham tahlil qiladi. O‘zbekiston xalqi qiyinchilikni qanchalik oqilona yengib o‘tdi degan savol yuzaga chiqadi, ojiz jihatlarimizni aniqlashga harakat qilishadi.

Ammo biz bu vaziyatda xalqimizning qadimdan shakllanib kelgan donishmandlik xislatlari namoyon bo‘lishiga ishonamiz va bu kelajakda bizning xotirjamligimizga raxna solmoqchi bo‘lgan g‘arazgo‘ylarga aniq signal bo‘lib xizmat qiladi hamda zinhor xalqimizni olomonga aylantirishga jazm etmaydilar.

Xudoyor Meliyev
Adliya vaziri o‘rinbosari

Ko‘proq yangiliklar: