Koronavirus belgilarini sezganda qanday yo‘l tutish kerak?

Jamiyat 18:20 / 16.03.2020 100879

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov COVID-19 kasalligiga ishora qiluvchi asosiy belgilarni sanab o‘tdi.

  1. Isitma
  2. Yo‘tal, aniqrog‘i quruq yo‘tal
  3. Nafas olishning qiyinlashishi. Bu – aynan koronavirusga xos.
  4. Xorijga chiqib kelganlik yoki xorijda bo‘lib qaytgan odamlar bilan aloqada bo‘lganlik.

«Infeksiyaning yashirin davri maksimum – 14 kun. 5-9 kunda kasallik alomatlari namoyon bo‘lishni boshlaydi. Shuning uchun 14 kungacha deb eng maksimal muddat olingan», – dedi Shodmonov.

15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindiki, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgani aniqlangan dastlabki bemor kasbi shifokor bo‘lgani uchun ham Virusologiya instituti klinikasiga murojaat qilgan. Ammo belgilangan tartibga muvofiq, bunday yo‘l tutish tavsiya etilmaydi.

«U odam oliy darajali vrach, o‘zida kasallik alomatlarini sezgani uchun ham Virusologiya instituti klinikasiga borgan. Mutaxassis bo‘lgani uchun ham u yerga borgan. O‘zi u yerga borish kerak emas», – dedi Bosh vazir Abdulla Aripov.

Alisher Shodmonov koronavirusga gumon bo‘lgan taqdirda qanday yo‘l tutish kerakligini tushuntirdi.

«Butun dunyo bo‘yicha belgilangan tartib bizning mamlakatda ham o‘rnatilgan. Kasallik belgilari, alomatlari bo‘lsa uydan chiqmasdan, tez tibbiy yordam yoki poliklinika shifokoriga murojaat qiladi.

Shunda mutaxassislar uyda bemorni ko‘rib, zarur holatda Sanitariya-epidemiologiya agentligidan tahlilni oladigan mutaxassislarni taklif etadi. Ular tahlilni olib, keyin bu kasallikka aniqlik kiritib beradi.

Shuning uchun tibbiy muassasalarga borib yurishga hojat yo‘q. Uyda qolib, murojaat etish kerak», – dedi Alisher Shodmonov.

16 martdan boshlab, koronavirus haqida ma'lumot taqdim etuvchi koll-markazlar faoliyat boshladi.

«Aholiga oson bo‘lishi uchun 1003 qisqa raqami beriladi. Bundan tashqari, tez yordam bor, yashash joyida biriktirilgan qishloq vrachlik punkti, qishloq oilaviy poliklinikasi, shahar oilaviy poliklinikalari mavjud. Ularning telefonlari ham bor.

Ana shu joylarga murojaat etib, tug‘ilayotgan savollarga javob olish mumkin. Kasallik belgilari, alomatlari aniqlanganida murojaat qilish mumkin», – dedi Shodmonov.

Vazir koronavirus tahlilini olish bo‘yicha O‘zbekistondagi laboratoriyalar haqida ham ma'lumot berdi.

«Toshkentda PsR (polimeraznaya tsepnaya reaksiya) laboratoriyalari juda ham ko‘p. Har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Sanitariya-epidemiologiya agentligining viloyat bo‘linmasi – bularning hammasida ham PsR laboratoriyalarimiz mavjud.

Bundan tashqari, respublikamizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 5400dan ortiq xususiy muassasalarda ham PsR laboratoriyalar bor. Ularni ham bunga [koronavirus tahlilini olish, kasallikka aniqlik kiritishga] jalb etish ko‘zda tutilmoqda. Ya'ni laborator-diagnostika nuqtayi nazaridan hozirgi sharoitda bizda moddiy-texnik bazamizda yetishmovchilik yo‘q», – dedi u.

Bosh vazir Abdulla Aripov tashxis vositalarini Rossiya beg‘araz yetkazib berganini ma'lum qildi.

«Avvalambor, aytib o‘tishim kerak, hamkorlarimiz Rossiya Federatsiyasining sog‘liqni saqlash tizimi bizga yetarli miqdorda diagnostika testlaridan beg‘araz yetkazib bergan. Bizda bor. Hozir yana qo‘shimcha olib keltiryapmiz», – dedi Aripov.

Qo‘shimcha qilinishicha, diagnostika testlari barcha hududlarga berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: