Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi bo‘yicha videobayonot berdi. U koronavirus aniqlangan fuqaro bilan kontaktda bo‘lganlar izolyatsiyaga olinishini ma'lum qilgan.
«Respublikamizga 14 mart kuni xalqaro aeroportlar orqali 38ta reysda 4800 nafar, temir yo‘l orqali 1860 nafar, qolgan chegara bojxona postlari orqali 38 000 nafar kishi kirib kelgan. Ularning aksar qismi kasallik qayd etilgan Rossiya, Qozog‘iston va Yevropa davlatlaridan kirib kelishgan.
Chegaradan kirib kelish jarayonida ular birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tana harorati o‘lchangan.
Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlarda bo‘lib qaytgan 7 781 nafar fuqarolar uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan. Ulardan 5,6 ming nafarida kasallikni yashirin davri yakunlangani uchun tibbiy kuzatuvdan olingan. Bugungi kunda 2 100 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy kuzatuv davom etmoqda.
15 mart kuni soat 06.00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikning tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.
Mavjud vaziyat bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, u bilan birga Fransiyadan uchib kelgan yo‘lovchilarning to‘liq ro‘yxati tuzilgan, ularning yashash joylarini aniqlash va ular ustidan tibbiy kuzatuv o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi barcha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu xabardan keyin aholi o‘rtasida vahima uyg‘onishi kerak emas. 80 foiz holatlarda kasallik yengil o‘tmoqda, 15 foiz holatlarda o‘rta darajada, faqat 5 foiz holatlarda og‘ir holat. Kasallik og‘ir o‘tishi holatlari surunkali kasalligi bor yoshi katta odamlarda kuzatilmoqda.
Ko‘ryapmizki, kasallanganlarning 50 foizdan ortig‘i butunlay sog‘ayib, normal holatga qaytgan. Shuning uchun, xalqimizdan so‘rardikki, vahimaga tushmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga jiddiy rioya etishlarini, xonadonlarini ozoda saqlash, jamoat transportidan foydalangandan keyin doim qo‘llarni sovunlab yurish, zararsizlantiruvchi vositalarni qo‘llash tavsiya etiladi», degan u.
Eslatib o‘tamiz, kasallik oldini olish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:
- avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma'lumotlardan xabardor bo‘ling!
- zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!
- qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!
- farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!
- yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!
- uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qiling!
- odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!
- shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!
- ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste'mol qiling, iste'mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!
- isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!
Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
- 15 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda jami 156 785 kishida koronavirus aniqlangan, hozirgacha ularning 75 937 nafari sog‘ayib ketgan, 5839 kishi vafot etgan.
- Virusdan eng ko‘p jabrlangan davlatlar Xitoy (80844 holat, 3199 o‘lim), Italiya (21157 holat, 1441 o‘lim), Eron (12729 holat, 611 o‘lim), Janubiy Koreya (8162 holat, 75 o‘lim), Ispaniya (6391 holat, 196 o‘lim), Germaniya (4599 holat, 9 o‘lim), Fransiya (4469 holat, 91 o‘lim), AQSh (2982 holat, 60 o‘lim), Shveytsariya (1375 holat, 13 o‘lim), Buyuk Britaniya (1140 holat, 21 o‘lim) va Norvegiya (1109 holat, 3 o‘lim) bo‘lib qolmoqda.