Avvalroq 2 kishi vafot etgani, 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi.
Bugun, 14 mart kuni portlash sodir bo‘lgan Uchtepa tumanidagi “Aksava” MChJga qarashli avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasida yana bir kishining jasadi topildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
“Hodisa sodir bo‘lgan joyda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari va boshqa tuzilmalar vakillari ishlamoqda. Soat 20:00 atrofida vayronalar ostidan uchinchi qurbonning jasadi topildi. Ushbu bosqichda mazkur hodisaning sabablarini aniqlash bo‘yicha tergovga qadar tadbirlar olib borilmoqda. Dastlabki taxmin - kislorod yoki gaz ballonidan foydalanish vaqtida xavfsizlik texnikasini buzish”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni soat 10:40 larda Uchtepa tumani “Cho‘pon ota” MFY hududida joylashgan “Aksava” MChJga qarashli ikki qavatli avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi 2 ta boksining derazasi va devorlari qisman qulashi sodir bo‘lgan.
Kun.uz muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, avtoservisda kislorod balloni portlagan, natijada servis binosi tomining bir qismi qulab tushgan.