Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi Aselning aytishicha, u Qozog‘istondagi Kostanay gumanitar institutining «Qozoq tili va adabiyoti» mutaxassisligini tugatgan. Ayni paytda O‘zbekistonda yashayotganligi bois diplomining tan olinishi uchun 2019 yil yanvar-mart oylarida Yangiqo‘rg‘on tumani davlat xizmatlari markazi orqali Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga uch marta ariza topshirgan.
«Arizalarimga binoan uch marta test topshiriqlariga qatnashdim, birinchi va ikkinchi marta imtihondan o‘ta olmagan bo‘lsam, oxirgi martada «O‘zbekiston tarixi» fanidan test topshiriqlarini va suhbatni ijobiy topshirdim.
Shundan so‘ng endi menga diplomim tan olinishi mumkinligi haqida aytildi. Biroq keyinroq «Siz o‘qigan muddat diplomingiz tan olinishi uchun yetarli emas», deyishdi.
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimi Nizomjon Ishanqulov menga imtihon uchun to‘lagan pullarim qaytarib berilishini, Xalq bankining tuman filiali orqali pulimni olishim kerakligini aytgandi. Biroq hali pulni ham qaytarib ololmadim», – deya yozadi Asel Izteleu.
Asel Izteleuning e'tiroziga sabab bo‘layotgan asosiy narsa – u imtihon topshirish uchun kerakli miqdorda pul to‘lagani, Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan (bir emas, uch marta) imtihonga chaqirilgani va imtihonlarni topshirgani, lekin yakunda ta'limning muddati bilan bog‘liq muammo aniqlangani tufayli diplom berilmagani bo‘lmoqda.
«Axir tashkilotning o‘zi meni chaqirgani uchun imtihonda qatnashdim. Beruxsat qatnasha olmas edim. Imtihondan kerakli ball to‘plaganimdan keyin nega diplomim tan olinmayotganini tushunmayapman», – deydi u.
Mas'ullar nima deydi?
Kun.uz muxbiri holatni to‘laroq o‘rganish maqsadida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nizomjon Ishanqulov bilan bog‘landi.
«Tartibga ko‘ra, fuqarolar xorijda olingan diplomlarining tan olinishi uchun davlat xizmatlari markazi orqali ariza topshiradi. Davlat xizmatlari markazida esa ularning arizalarini qabul qilish uchun 2ta dastur ishlaydi: birinchi marta murojaat qilayotganlar va qayta murojaat qilayotganlar uchun.
Birinchi marta murojaat qilayotgan fuqarolar so‘rovnomada o‘zi haqidagi ma'lumotlar bilan birga diplom ma'lumotlari, diplom va ilovasidan nusxa, diplom va ilovasining o‘zbek tiliga o‘girilgan va notarial tasdiqlangan nusxasini yuklashlari kerak bo‘ladi.
Murojaatchi o‘z ma'lumotlarini elektron imzo bilan tasdiqlaganidan so‘ng, ma'lumotlar inspeksiya bazasiga tushadi va uning hujjatlari o‘rganiladi.
Bazadagi ma'lumotlarga ko‘ra, Asel Izteleu hujjat topshirish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ygan. Chunki Asel Izteleu birinchi marta murojaat qilgandayoq qayta murojaat qilish bo‘limi orqali so‘rovnomani to‘ldirgan», – deydi Nizomjon Ishanqulov.
Unga ko‘ra, qayta murojaatda fuqaro diplom va uning ilovasini yuklashi shart emas, chunki u bundan oldin ham murojaat qilganda imtihonga kirish uchun ijobiy xulosa olgan deb hisoblanadi va ikkinchi marta murojaat qilayotganda faqat imtihonga kirishi uchun ruxsat so‘raydi. Va qayta hujjat topshirish bo‘limidagi hujjatlar o‘z-o‘zidan imtihon topshiruvchilar bo‘limiga kiritiladi.
Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomga muvofiq, test sinovlarini topshirish uchun qayta murojaat qilinganda, talabgorlarning xorijiy davlatlarda oliy ta'lim va kadrlarni qayta tayyorlash ta'limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmaydi, deb belgilangan.
«Asel Izteleu ham anglashilmovchilik sabab bizga qayta murojaat bo‘limi orqali murojaat qilgan», – deya ma'lumot berdi Nizomjon Ishanqulov.
Ma'lumot uchun aytish kerakki, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun arizalarni DXMlar orqali yuborish tartibi 2018 yil yarmidan boshlab vaqtincha reglament bo‘yicha 14ta eksperimental markazlarda boshlangan.
Doimiy asosda esa bu tartib 2019 yilning 24 iyulidan joriy etilgan.
«Buyruq chiqishidan oldin xato aniqlangan...»
Nizomjon Ishanqulov bergan ma'lumotga ko‘ra, xorijiy davlatlarda olingan hujjatlarni tan olish uchun qilingan murojaatlar soni 2019 yilda bir yil oldingiga nisbatan deyarli 6 martaga ko‘paygan.
2018 yilda 4 mingga yaqin ariza tushgan bo‘lsa, 2019 yilda 13 mingga yaqin ariza ko‘rib chiqilgan.
«Bu o‘z-o‘zidan ish hajmi ko‘pligini anglatadi. Bo‘limda esa faqat 4 nafar xodim shtati ajratilgan. Va shu xodimlar ham hujjatlarni nostrifikatsiya qilish, ham apostil masalalari bilan shug‘ullanishi kerak.
Natijada, Asel Izteleu ham anglashilmovchilik tufayli qayta murojaat qilish orqali imtihonda qatnashgan va uning arizasi imtihondan o‘ta olmagani sababli yopilgan.
Keyin yana qayta murojaat qilingan va oxirgi marta imtihonlardan o‘tgandan so‘ng men komissiya protokoli asosida guvohnoma berish uchun buyruq tayyorlashim kerak bo‘lgan.
Odatda, buyruq tayyorlashdan oldin murojaatchilarning ma'lumotlarini yana bir marta qayta tekshiraman. Boisi, ish hajmi ko‘p bo‘lgani sababli texnik yoki boshqa biror xato o‘tgan bo‘lsa, mana shu bosqichda tuzatish imkoni bor.
Asel Izteleuning ham hujjatlarida kamchilik borligi shu bosqichda aniqlangan», – deydi Nizomjon Ishanqulov.
Diplom nega to‘g‘ri kelmagan?
«Asel Izteleu Qozog‘iston Respublikasi Kostanay gumanitar institutining «Qozoq tili va adabiyoti» mutaxassisligini 2004-2006 yillarda 2 yil muddatda bakalavr bosqichini tugatgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, bakalavriat kamida 4 yil etib belgilangan va mana shu qonun asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida»gi nizomda ham diplomni tan olish uchun ta'lim davomiyligi O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan me'yoriy muddatlardan kam bo‘lmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Agar ta'lim muddati bir yilgacha kam bo‘lsa ham, odatda, ruxsat etiladi. Asel Izteleuning ta'lim muddati esa 2 yilga farq qiladi.
Bu haqida men fuqaroning o‘zi bilan ham gaplashib, vaziyatni tushuntirganman.
Javob faqat mening shaxsiy fikrim bo‘lib qolmasligi uchun Asel Izteleuning hujjatlarini olib, alohida ekspertizadan ham o‘tkazilgan», – deydi Nizomjon Ishanqulov.
Fuqaro moliyaviy zarar ko‘rmasligi uchun...
Nizomjon Ishanqulovga ko‘ra, anglashilmovchilik tufayli Asel Izteleuning diplomini tan olish uchun qayta murojaat qilishi tartibida to‘lagan BHMning 2 baravari miqdoridagi davlat yig‘imi summasi uning ariza asosida fuqaroga qaytarilgan.
«Bunda faqat bitta to‘lov qaytarilayotganining sababi – har qanaqa holatda ham birinchi marta hujjat topshirish uchun qilingan to‘lov komissiya ko‘rib chiqib, rad etilsa-da, to‘lov qaytarilmaydi.
Keyingi to‘lov esa fuqaro zarar ko‘rmasligi uchun qaytarilgan», – deydi mas'ul.
«Lekin men pulni qaytarib olmaganman...»
Asel Izteleuga ko‘ra, u 2019 yilning 17 sentyabr kuni qaytarilgan mablag‘ni hali olmagan.
Xalq banki Yangiqo‘rg‘on filialiga bir marta murojaat qilganda pul o‘tkazilishining aniq muddatini bilmagani tufayli pulni qaytarib ola olmagan.
Tafsilotlari va sabablari ko‘rsatilgan xat esa qaysidir sabab bilan fuqarogacha yetib bormagan.
Inspeksiya Bugalteriya bo‘limi bosh mutaxassisi Javlonbek Saidahmedov Asel Izteleu bilan bog‘lanib, pul tashkilot hisob raqamidan yechilganini va bankdan borib olishi mumkinligini tushuntirdi.
Shu tariqa, Asel Izteleu o‘tgan yili sentabr oyida qaytarilgan pulni 10 mart kuni oldi.
«Diplom talablarga to‘g‘ri kelmasa, imtihondan o‘tsa ham imkon yo‘q...»
Nizomjon Ishanqulovning qayd etishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga asosan, ekspertiza asosida ta'lim davomiyligidan tashqari, to‘planadigan kreditlar hajmi ham o‘rganiladi.
Nizomga ko‘ra, agar ta'lim davomiyligi kam bo‘lsa ham, O‘zbekistonda amal qiladigan Boloniya protsessiga muvofiq, 240 kredit hajmini to‘plagan bo‘lsa, unda murojaatchining hujjati tan olish uchun tavsiya etiladi.
«Asel Izteleu esa ta'lim davomida 240 kredit hajmidan kam kredit to‘plagan.
Hujjatni tan olish uchun olinadigan imtihon mutaxassislik bo‘yicha ayrim fanlar doirasida o‘tkaziladi. Buni ijobiy topshirishning o‘zigina diplomni tan olish uchun asos bo‘la olmaydi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Boloniya protsessiga ko‘p davlatlar a'zo hisoblanadi.
Jumladan, Asel Izteleu ta'lim olgan Qozog‘iston Respublikasida ham Boloniya protsessi amal qiladi», – deydi Nizomjon Ishanqulov.
Arizalarning ko‘pligi va uni o‘rganadigan xodim kamligi boshqa muammolarni chiqarmaydimi?
Murojaatlar sonining o‘sayotganiga, xodimlar esa kamligi tufayli Asel Izteleu kabi talabgorlar bilan bog‘liq boshqa anglashilmovchiliklar sodir bo‘lmaydimi?
Nizomjon Ishanqulovning javob berishicha, shtatdagi to‘rt nafar xodimning ham nostrifikatsiya masalasi bilan shug‘ullanishi, ham fan-ta'lim sohasiga tegishli hujjatlarga apostil qo‘yish bilan shug‘ullanishi katta kuch talab etadi.
Masalan, o‘tgan 2019 yilda 28 mingta hujjat apostil qilish uchun bo‘limga kelib tushgan.
Xodimlarning jismoniy jihatdan barcha ishlarga ulgurishi masalasiga kelsak, fikrimizcha, tizimda yana boshqa anglashilmovchilik sodir bo‘lish ehtimoli bordek.
«Ish jarayonini tezlashtirishimiz zarur...»
Nizomjon Eshanqulovning ta'kidlashicha, fuqarolar hujjatlarini qabul qilish tizimi Davlat xizmatlari agentligi va inspeksiyaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘limi hakmorligida takomillashtirilmoqda.
Bundan tashqari, ish jarayonlarini maksimal darajada raqamlashtirish masalalari ko‘rilmoqda.
«Bunda xatoliklarni minimallashtirish va ish jarayonini tezlashtirish maqsad qilib olingan.
Boisi, xohlasak-xohlamasak, jarayonni avtomatlashtirmasak, qo‘l kuchi bilan hammasini amalga oshirish imkonsiz.
Chunki agar 2019 yilda diplomi tan olinishi uchun ariza topshirganlar soni 6 marta oshgan bo‘lsa, 2020 yilda undan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etilish kutilmoqda. Chetda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar soni ham tobora oshib bormoqda» – deydi mas'ul xodim.
Xulosa
Garchi anglashilmovchilik bilan bo‘lsa-da, Asel Izteleu bankdan bir martalik to‘lov pulini qaytarib oldi. Ammo u bakalavr darajasiga ega bo‘lsa-da, O‘zbeksitonda diplomi tan olinishiga erisha olmadi.
Shunday vaziyatlarga tushayotgan barcha fuqarolar yana bir marta xulosa chiqarishi, OTMni tanlayotganda ertaga hujjati bilan bog‘liq muammo bo‘lmasligi uchun nimalarga e'tibor berishni bilishlari zarur.
Masalan, OTMning akkreditatsiyasi bilan tanishish, ta'lim shakli davomiyligini xalqaro tajriba (yoki o‘zi ishlashni maqsad qilgan davlat tajribasi) bilan solishtirish, bundan tashqari, ko‘pchilik davlatlarda amalda bo‘lgan Boloniya protsessi kabi hujjatlar normalarini o‘rganish masalalariga alohida e'tibor qaratish kerak, nazarimizda.
Bakalavriat yo‘nalishlarida o‘qish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligiga ham e'tibor qilinishi kerak.
Boloniya protsessi haqida navbatdagi maqolamizda batafsil ma'lumot berishga harakat qilamiz.
Zilola G‘aybullayeva