Ezgu Amal xayriya jamg‘armasi dastlab ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy sahifa bo‘lgan va “Dunyoda mehribon insonlar mavjud” (“Mir ne bez dobryx lyudey”) deb nomlangan. Asta-sekin xayrixohlar ko‘paya borgan, ezgu niyatli kishilarning bir jamoa shakliga kelishi 2018 yil 12 noyabrda shahar adliya boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tish bilan jamg‘arma shaklida rasmiy maqom olgan.
O‘tgan davr davomida Ezgu Amal xayriya jamg‘armasi qator loyihalarni amalga oshirdi, ko‘pchilik bolajonlarning shifo topishiga sababchilardan biri bo‘ldi.
Jamg‘armaning 12 martdagi ta'sis yig‘ilishida o‘tgan davrning kichik sarhisobi qilindi, bir yillik moliyaviy hisobotlar oshkor etildi.
Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yilda 3118 kishi jamg‘armaga ko‘mak so‘rab murojaat qilgan. Hammuassis Marina Kondratovaning ma'lum qilishicha, ularning hammasiga ham yordam qilishning iloji bo‘lmagan. Chunki buncha kishiga yordam bergudek mablag‘ va homiylar mavjud emas.
Hozir jamg‘arma to‘rtta yirik homiylarga ega. Bular “Humo” xokkey klubi, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi, New Life Medical kompaniyasi hamda korzinka.uz savdo tarmog‘i. Jamg‘arma vakillari bu hamkorlarning yanada kengayishiga umid bildirmoqdalar.
Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 800 nafardan ortiq bolalarda onkologik kasalliklar aniqlanadi, ammo ularning 70 foizi zarur muolajalarni to‘liq ololmaydilar.
Ularga ko‘mak berishni maqsad qilgan Ezgu Amal xayriya jamg‘armasi naqd pullar bilan ishlamaydi. Tushayotgan barcha xayriya pullari maxsus hisob raqamda to‘planadi va faqat rasmiy shartnomalar orqali sarflanadi.
Ko‘pchilik kompaniyalar o‘z maydonlarida xayriya qutilari tashkil etganlar. Yorqin misol Anglesey Food kompaniyasi korzinka.uz supermarketlar tarmog‘idagi shaffof qutilar orqali 500 mln. so‘mdan ko‘proq mablag‘ to‘plab bergan.
“Bu qutilar muhrlangan, faqat komissiya ishtirokida ochiladi va bankka topshirilib, jamg‘arma hisob raqamiga tushiriladi” – dedi Marina Kondratova.
Ezgu Amal bugungi kunda duch kelgan eng jiddiy muammo bu yangi soliq kodeksi bo‘lmoqda. Hujjatga ko‘ra jamg‘arma jismoniy shaxslardan tushgan mablag‘larning 12 foizi miqdorida soliq to‘lashi shart. Shuningdek, yangi kodeksga ko‘ra jamg‘armalarga xayriya qilgan yuridik shaxslarga taqdim etiladigan 2 foizli soliq chegirmasi ham bekor qilingan.
Bolalar qabul qiladigan kimyoterapiyaning bir kursi o‘rtacha 12 mln. so‘mga tushadi. 12 foizli soliq amal qilsa, o‘tgan yil uchun 360 mln. so‘m soliq to‘lanishi kerak. Joriy yilning birinchi choragi ham imtiyozli davrga kirgan, ammo aprel oyidan kuchga kiradigan soliqqa tortish tizimi o‘rtacha 40 nafar bemor bolaning kerakli muolajani ololmasligini anglatadi.
Jamg‘arma faollari Davlat Soliq Qo‘mitasiga murojaat qilganlar, ammo qonunchilikka o‘zgarish faqat yil yakunida kiritilishi mumkin. O‘shanda ham jamg‘armaga imtiyozlar qo‘llaniladimi yoki yo‘q, bu noma'lum.
Jamg‘arma vasiylik kengashi a'zosi Aziza Umarova Vazirlar Mahkamasiga bu masala bo‘yicha murojaat qilish taklifini bildirdi.
Shuningdek tadbir davomida onkogematologiya shifoxonalarida o‘rinlar yetishmasligi, bemor bolalarga yetarli qulayliklar yaratilmaganiga ham e'tibor qaratildi.
Shifokor Kamol Iskandarovning ma'lum qilishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan 100 ming nafar bemor borligi qayd etilgan va ularning 11 ming nafardan ortig‘i poytaxtda davolanishdan o‘tgan. Rivojlangan davlatlarda bosh miya o‘smalariga chalingan bemorlarning 70 foizi sog‘ayib ketsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 25-30 foiz atrofida.
Uchrashuv davomida jamg‘arma faoliyatini kuchaytirish uchun yirik kompaniyalarni ko‘proq jalb etishga harakat qilish, xayriya ishlari bo‘yicha kengroq targ‘ibot olib borishga kelishildi.