Aziza Shonazarova bakalavr ta'limini Toshkent davlat sharqshunoslik institutida sharq falsafasi bo‘yicha olgan. Sharqshunoslik instituti, Polshadagi Varshava universiteti, AQShning Indiana-Blumington oliygohida magistratura bosqichida o‘qigan.
Dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari ― Ohayo, Manchester, Varshava, Illinoys, Sorbonna, Bonn, Pekin universitetlari bilan ilmiy hamkorlik olib boradi. AQShning Indiana-Blumington, Stenford oliygohlari, Britaniyaning Oksford universiteti Islomshunoslik markazida ma'ruzalar o‘qiydi.
U gender masalalari va islom dini, Markaziy Osiyo tarixida ayollarning o‘rni, so‘fiylik mavzularida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. So‘fi ayollarning yirik vakili, buxorolik Hazrat Og‘oyi Buzrug haqidagi kitobi chop etilish arafasida.
«Men doktoranturani bazo‘r ingliz tilida va 10 oyli chaqalog‘im bilan boshladim. Bugun esa doktoranturani 8 yoshli qizim, eng yuqori GPA (baho ko‘rsatkichi), Oksford hamda Pitsburg universitetlaridan postdoc uchun taklif bilan bitiryapman. Matonat va mehnat bilan barcha narsaga erishish mumkinligiga men ham bir misolman».
– Aziza Shonazarovaning Indiana-Blumington universitetini bitirganda so‘zlagan nutqidan.
― Ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaringizdan biri «Gender va Islom» mavzusi hisoblanadi. O‘zbekistonda aholining aksariyati islom diniga e'tiqod qiladi. Yaqin vaqtlardan boshlab gender tengligi tushunchasi bizga ham olib kirila boshlandi. O‘z navbatida, islom va gender bir-biriga zid keladigan tushunchalar, islom yetakchi bo‘lgan mamlakatda gender tengligini o‘rnatish mumkin emas, degan fikrlar ham o‘rtaga chiqdi. Islom gender tengligiga qanday qaraydi?
― Islomda gender masalasi bo‘yicha bir necha muslima olimalar tomonidan nufuzli kitoblar chop etilgan. Bular qatoriga Harvardda dars beradigan Leyla Ahmetni, Fatima Mirnisi, Amina Vadudlarni sanab o‘tish mumkin.
Ular o‘z kitoblarida islom olami uchun gender masalasi zid emasligini yozishadi. Gender tengligi Qur'oni Karimning o‘zida namoyon ekanligi haqida juda ham ko‘p tadqiqotlar olib borishgan.
Menimcha, bu haqda biz [ko‘proq] gapirishimiz kerak. O‘z dinimizda gender tenglik konsepsiyasi mavjud va buni ko‘pchilik, afsuski, bilmaydi. Bu haqida ko‘proq ilmiy ishlar yozishimiz kerak. Jamoatchilikka yetkazib berish ― bizning vazifamiz.
― O‘zbekiston hukumati gender masalasi bo‘yicha tashkiliy ishlar olib boryapti. Gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha komissiya tuzildi, Senat tarkibida qo‘mita ham tashkil etildi. Shu jarayonlarni kuzatib boryapsizmi, hukumat to‘g‘ri yo‘ldan boryaptimi, sizningcha? Jarayonni qanday baholaysiz?
― Gender tengligini ta'minlash masalasi O‘zbekistonda davlat miqyosiga chiqishini olamshumul gap, deb o‘ylayman. Bu haqida jahon hamjamiyati unchalik ham bilmaydi, afsuski. Masala davlat siyosati darajasiga chiqdi. Bu sohada ko‘proq narsalar qilishga kengroq imkoniyatlar beradi.
― O‘zbekiston jamiyatida ayollarning rolini qanday baholaysiz?
― Afsuski, ayollar ojiza, tovuqmiya degan gaplar qonimizga singib ketgan. Ayollarni ikkinchi darajada ko‘rishimiz, ularga to‘liq imkoniyatlar yaratib bermasligimiz mentalitetdagi kamchiligimizdir.
Tariximizga nazar tashlab ko‘rsak, ko‘plab biz bilmaydigan muslima, olima ajdodlarimiz mavjud. Masalan, Hazrat Og‘oyi Buzrug. Tasavvuf ilmining rivojiga Markaziy Osiyoda katta hissa qo‘shgan olimalardan biri. Og‘oyi Buzrugdan tashqari ham bir qator olimalarimiz mavjud. Bu nimani ko‘rsatadi? O‘rta asrlarda olimalar yetishib chiqqan jamiyat bizniki bo‘lgan bo‘lsa, nega hozirgi 21-asrda shunday olimalar yetishib chiqmasligi kerak?
O‘zimizning tariximizni yaxshilab o‘rganish, u haqida ko‘proq targ‘ibotlar qilish bo‘yicha ishlashimiz kerak.
― Ayollik majburiyatlari va ilmni birga olib borish oson emas. Ayni shu darajaga yetishda o‘zingizda muhim rol o‘ynagan xususiyat sifatida nimani ayta olasiz?
― Ayol kishi uchun oila qurgandan keyin ilm bilan shug‘ullanish oson emas, to‘g‘ri aytdingiz. Masalan, o‘zim ham doktoranturani 10 oylik chaqaloq bilan boshlaganman. Lekin ilmga bo‘lgan qiziqishim, hech narsaga chalg‘imasligim, shu qatorda oilamni ham birinchi navbatdan tushirmasligim men uchun muhim bo‘lgan.
Menimcha, ayol oilasi bilan birga ilm ham qila oladi. Agarki men AQShda turib hech qanday yordamsiz, faqatgina turmush o‘rtog‘imning yordamiga ishonib, o‘zimning o‘zbek tilimda emas, ingliz tilida bu ishni qila olgan bo‘lsam, O‘zbekistonda, o‘zbek tilida, shuncha qarindoshlari va yor-do‘stlari bo‘lib turgan joyda, nega o‘zbek ayoli ilm qila olmaydi?
Menimcha, bu mumkin. Ayollarga ilm qilish uchun o‘zlarida salohiyat borligiga ularni ishontirishimiz kerak.
Ayol kishi oilali bo‘lib ham ilm bilan shug‘ullanishi mumkin. Buning uchun intizomli bo‘lish kerak, birinchi navbatda. Ikkinchi navbatda, ilmni ham tashlashi kerak emas. Inson xohlasa, barcha narsaga ulguradi. Va bu barcha ayollarning qo‘lidan keladi.
Men AQShda turib, chet tilida ilm qila olgan bo‘lsam, o‘zimizning O‘zbekistonda turib ilm qilish uchun ayollarning imkoniyatlari ko‘p.
― Hukumat ta'lim tizimini o‘zgartirishga harakat qilyapti. Lekin hali katta siljishni ko‘rganimiz yo‘q. Haqiqiy sifatli ta'limga erishish uchun nima qilish kerak, birinchi navbatda?
― Menimcha, bu katta ishlar qilishni talab etmaydi. Talabalarga kitobga mehr qo‘yishni o‘rgatishimiz kerak.
Menimcha, biz kitobdan yiroqlashdik, kitob bizning eng yaqin do‘stimiz ekanligini yana o‘zimizga eslatishimiz kerak. Ajdodlarimiz faqatgina qo‘llarida qalam va kitob bilan shu darajaga erishishgan. Hozir ham kitobsiz bu darajaga yetishib bo‘lmaydi. Kichik yoshdan kattagacha, xususan, talabalarimizga, o‘quvchilarimizga o‘rgatishimiz kerak. Busiz, menimcha, ilgari siljimaymiz.
Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi
Tasvirchi - Otaxon Yusupov.
P.S. Ijtimoiy tarmoqda «Aziza Shonazarovaning Kolumbiya universiteti professorlik lavozimiga qabul qilingani yolg‘on», mazmunida mish-mishlar tarqatildi. Bunga oydinlik kiritishga harakat qildik.
Aziza Shonazarovaning professorlikka qabul qilingani haqida ilk xabar «O’zbekoyim» telegram kanalida berilgan edi. Kanal muallifi Hilola Nazirova o‘zi bergan xabarning haqqoniyligini bildirdi.
Shonazarovaning O‘zbekistondagi tadbirlarda ishtirokini tashkillashtirgan Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ham o‘zbek olimasining haqiqatan universitet professorligiga qabul qilingani, faktlar tekshirilganini tasdiqladi.
Xuddi shu Kolumbiya universitetida faoliyat olib boruvchi yana bir o‘zbek olimi Akram Habibullayev Shonazarovaning professorlikka qabul qilinganini tasdiqlab, «Assistant Professor» lavozimining mazmunini quyidagicha izohladi:
«Aziza Shonazarova umrbod professor bo‘lgani yolg‘on, bor-yo‘g‘i u professor assistenti (yordamchisi) ekan, degan xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan emish. Bu noto‘g‘i xabar. Aslida, Amerika oliy ta'lim tizimi, undagi ilmiy darajalar va lavozimlarni tushunmaslik natijasidir.
Aziza assistant professor lavozimiga tayinlandi. Bu lavozim, so‘zma-so‘z «yordamchi professor» deb tarjima qilinsa-da «professorning yordamchisi» degan ma'noni anglatmaydi.
AQSh oliy ta'lim tizimida professorlik lavozimi asosan uch darajadan iborat: assistent professor (assistant professor), assoshayt professor (associate professor) va full professor (full professor). Doktorlikni endi qo‘lga kiritgan yosh mutaxassis odatda assistent professor darajasida ishga tayinlanadi. 6-7 yil muvaffaqiyatli ishlagandan keyin esa assoshayt professorlik darajasiga ko‘tariladi. Yana 6-7 yil o‘tgandan keyin, xohlasa full professorlikka hujjat topshiradi, xohlamasa, assoshayt professor bo‘lib, ishlashda davom etadi».