Vazirlik «16-shahar shifoxonasi»da koronavirusga chalingan bemorlar borligi haqidagi xabarni rad etdi

Jamiyat 20:07 / 11.03.2020 7357

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poytaxtimizdagi «16-shahar shifoxonasi»da koronavirusga chalingan bemorlar borligi haqidagi xabarlar asossiz va mutlaqo yolg‘on. 

10 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ham vazirlik rahbariyati bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar ham O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilmaganini alohida e'tirof etdi. 

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va uning oldini olish borasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida 24 soat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi shtab ish olib bormoqda. Ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron bir holat aniqlanmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor har bir fuqarodan noto‘g‘ri, vahimali va asoslanmagan ma'lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik shuningdek, alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish koronavirus infeksiyasidan saqlay olmasligini ta'kidlagan.

«Dunyoda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) bo‘yicha epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda ushbu infeksiyaning kirib kelishi va uning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada aholining sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi va profilaktik choralar ko‘rish borasida sms xabarnomalar yo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ularda asosan, qo‘llarni tez-tez yaxshilab yuvish, shamollagan odamlar bilan muloqot qilmaslik, yuzni qo‘l bilan ushlamaslik, jamoat joylarga borishni kamaytirish, yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni yopish kabi oddiy, ammo muhim gigiyenik qoidalar berib borilmoqda.

Afsuski, ushbu sms-xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilish, mazmunini sun'iy ravishda o‘zgartirib berish orqali aholi orasida vahima uyg‘otayotganlar ham uchramoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomidan «koronavirusdan saqlanish uchun alkogol mahsulotlarini tez-tez iste'mol qilish lozim» mazmunidagi xabarlar mutlaqo yolg‘on va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bunday sms xabar yuborilmagan. Mutaxassislarning yakdil xulosasiga ko‘ra, alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish koronavirus infeksiyasidan saqlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: