Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.
Joriy yil 25 fevralda Qashqadaryo viloyati hokimi Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida viloyatdagi ishsizlik holati, uni bartaraf etish bo‘yicha loyihalar haqida ma'lumot bergandi. Unga ko‘ra, viloyatdagi 3 million 200 ming nafardan ziyod aholining 391 ming 758 nafarini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.
Viloyat hokimligida 50 ta idora va korxona rahbarlari kiritilgan ishchi shtab tomonidan o‘tgan davr mobaynida viloyatda 36 ming 636 nafar band bo‘lmagan yoshlar aniqlangan.
Dastlab 6 mart kuni G‘uzor tumanida 50 nafar yoshlarga yer ajratildi. 10 martgacha dehqonobodlik 53 kishi ham yer bilan ta'minlangach, Shahrisabz va Qarshi shahrida yashovchi ishsiz 200 nafar yosh dehqonchilikka ishtiyoq bildirgan. Bu yoshlar uchun Yakkabog‘ tumanidan 100 gektar, Chiroqchi tumanidan 100 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgani ma'lum qilinmoqda.
Ana shu tarzda bugungacha viloyat bo‘yicha jami 537 nafar fuqaroga yer ajratilgan.
Ayni vaqtda viloyatda ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha yana bir reja amalga oshirilmoqda: lalmi yerlarda tarvuz ekish uchun ham 2000 nafar ishchi kuchi jalb etilishi aytilmoqda.