Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tuzilmasida Sotsiolingvistika bo‘limi tashkil etildi.
Quyidagilar institutning sotsiolingvistika sohasidagi qo‘shimcha vazifalari etib belgilandi:
- o‘zbek tilining rivojlanishi bilan bogliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish;
- o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish;
- o‘zbek tilining yozma matni me'yor va qoidalarini ishlab chiqish;
- o‘zbek tilining izohli lug‘atlari, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qo‘llanma va adabiyotlar tayyorlash;
- davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish.
Hujjat bilan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2020-2022 yillarda o‘zbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.
Rejada belgilanishicha, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining tadqiqot mavzularini qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi, o‘zbek tilining izohli lug‘atlari, tarjima lug‘atlari, “Alisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasi”, “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” deb nomlangan kitoblar turkumi nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.
Xalq shevalari va folklori materiallarini to‘plash maqsadida respublika hududi bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etiladi va ekspeditsiya davomida to‘plangan xalq shevalari asosida “O‘zbek xalq shevalari” nomli to‘plam nashrga tayyorlanadi.