«Navoiyazot» AJ quvvatini kengaytirish maqsadida uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilmoqda

Jamiyat 17:51 / 11.03.2020 1837

Jumladan, Kun.uz muxbiri ham ishtirok etgan press-turda «Navoiyazot» AJda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2019 yil 28 dekabrda ishga tushirilgan polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi, 2020 yil mart oyida ishga tushirish rejalashtirilgan azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi hamda korxona hududida bunyod etilayotgan ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari haqida ma'lumot berildi.

Tadbir doirasida «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruv raisining korxonada faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashuvi ham tashkil etildi. Bugun «O‘zkimyosanoat» AJ tizimidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 9214 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ulardan 2500ga yaqini «Navoiyazot» AJda ishlaydi.

Korxonaga qarashli «Shirin» madaniyat saroyida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda «Navoiyazot» AJ tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada rivojlantirish va sohaga energiya tejamkor yangi innovatsion texnologiyalarni jalb qilish borasida ularning takliflari tinglandi.

Tadbirda «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Jo‘rabek Mirzamahmudov, «Navoiyazot» AJ boshqaruv raisi Bahodir Sharipov va korxona yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Bugungi kunda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16ta yirik va o‘rta kimyoviy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan jami 180dan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, jumladan, 90ga yaqin mahalliy va xorijiy iste'molchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

«Navoiyazot» AJ «O‘zkimyosanoat» AJ tizimidagi kimyo korxonalarining eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Korxonada 70dan ortiq noyob mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Uni modernizatsiya qilish, quvvatini kengaytirish maqsadida uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilgan.

«Birinchi loyihaning umumiy qiymati qariyb 1 mlrd AQSh dollari bo‘lib, uning samarasida yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladi, 500ga yaqin ish o‘rni paydo bo‘ladi. Loyihani joriy yilda ishga tushirish, yiliga 136 mln AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilishni rejalashtirganmiz. Yaponiyaning «Mitsubishi Heavy Industries» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi korxonada zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi evaziga yiliga 735 mln kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi», deydi loyiha rahbari Huseyn Saidov.

Yana bir yirik korxona – azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasidir. Umumiy qiymati 217 mln dollarga teng ushbu obekt Shveytsariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda.

U yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgi kunda uskuna va jihozlar o‘rnatilib, qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda birinchi mahsulot chiqarilishi rejalashtirilgan. Yangi loyihalarning foydalanishga topshirilishi natijasida qariyb 60 yil muqaddam qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Eng muhimi, mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi bir necha barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna miqdoridagi gazlar tutib qolinadi.

Uchinchi innovatsion loyiha – polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi yaqinda ishga tushirilgan edi. Loyiha Xitoyning «China CAMC Engineering Co., LTD» va «HQC Shanghai Company» kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, to‘qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valuta evaziga import qilingan.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi mahalliy korxonalarni zarur xomashyo bilan ta'minlamoqda. Shuningdek, har yili 40 mln dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: