Yashnobodda 3 qavatli ko‘prik qurilishi sabab tirbandliklar kuzatilmoqda. Yo‘l o‘tkazgich qachon bitadi?

Jamiyat 22:29 / 10.03.2020 31568

Bu – O‘zbekistondagi birinchi uch qavatli ko‘prik bo‘ladi.

2018 yil may oyida boshlangan qurilish sababli bir nechta yo‘llar vaqtincha yopilgan. Natijada yuzaga kelayotgan tirbandliklar aholi va haydovchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri qurilish borayotgan hududda bo‘lib, Toshkent shahar hokimligi va «Ko‘prikqurilishloyiha» UK vakillaridan izoh so‘radi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik qurilishi sababli ko‘chalarning yopilishi haqida 5 mart kuni rasmiy e'lon berilganiga qaramay, ko‘plab fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligi sababli tushunmovchiliklar uchrab turibdi.

Furqat Mahmudxo‘jayev

«Haqiqatda ertalab va kechqurunlari tirbandliklar paydo bo‘lmoqda. Albatta, odamlarda tirbandliklarga nisbatan quvonch hissi paydo bo‘lmaydi. Oxirgi vaqtgacha ko‘chalar yopilmagan edi. Lekin ishlarni yakunlash uchun ko‘chalar yopildi. Bu – texnologik jarayon va undan qochib bo‘lmaydi. Fuqarolardan uzr so‘raymiz va buni tushishlarini hohlardik.

Bir haftalarda ishlar yakunlanib, ko‘prik foydalanishga topshirilsa, noqulayliklar esimizdan chiqib ketadi», deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

«Ko‘prikqurilishloyiha» UK ko‘prik qurilish-ta'mirlash direksiyasi muhandisi Zafarbek Ahadovning fikricha, tirbandliklar yuzaga kelishiga asosiy sabab – aholining aksariyat qismi Toshkent shahri yo‘llarini bilmasligidir. «Chunki qo‘shimcha yo‘llar bor», – deydi u.

Ko‘prikni pardozlash va uning dizayni ustida turkiyalik mutaxassislar ish olib boryapti. Ular bilan suhbatlashganimizda ko‘prikning qurilishini yuqori baholashdi.

Mutasaddilarning aytishicha, ko‘prik Navro‘z bayramiga ochiladi. Ungacha esa tirbandliklar davom etadi.

Shahar hokimligi va qurilishga bosh boshqa tashkilotlar yuzaga kelayotgan tirbandliklarni to‘g‘ri tushunishni so‘radi.

Ma'lumot uchun, yo‘l o‘tkazgich soatiga 21 mingta avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘prik respublika budjeti mablag‘lari hisobidan, 140 mlrd so‘mga qurilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: