Turli viloyatlardan kelgan ichimlik suvi bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rganar ekanmiz, muammoning yechimi oson emasligini bizni ham taassufga soladi. Ayrim tog‘li hududlarda katta mablag‘ evaziga suv inshooti qurilishi ham foydasiz —suv chiqmaydi.
Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi G‘uzor, Mirishkor va boshqa tumanlarda yerosti suvlari bor, ammo u iste'molga yaroqsiz. Hozircha yagona yechim sifatida hokimliklar maxsus mashinalarda aholiga ichimlik suvi yetkazib bermoqda.
Samarqand viloyatining Jomboy tumani, «G‘azira» mahallasidagi Navro‘ztepa qishlog‘ining yuzlab xonadonlarida iste'mol tugul, qo‘l yuvish uchun ham suv tanqisligi kuzatilayotgani esa, fikrimizcha, e'tibor yetishmasligidan.
Holbuki, shundoqqina qishloq chetida suv inshooti bor. Eski, o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan, ammo yaxshi ishlamayapti. Muammo shundaki, ta'mirlash vaqtida suv inshootiga kichik nasos o‘rnatilgani sababli kam hajmda suv chiqaradi. Yana bir yomon tomoni — aholi endi suv ola boshlaganda elektrda uzilish ro‘y beradi. 5 soat muntazam elektr bo‘lsagina inshoot suv chiqara boshlaydi. Lekin G‘aziradagi qishloqlarda 5 soat muntazam elektr uzatilishining o‘zi kamyob hodisa ekan.
Hududda bir necha quduq bor, ammo suvi iste'molga yaroqsiz, odamlar bu suvni ichishga tayyor, ammo quduq suvi tez tugab qoladi. Ariqlarda ham suv to‘xtagach, aholining rostakamiga sillasi qurigan.
Mahalladagi bir necha nuqtada markazlashgan tarmoqqa ulangan suv quvuri bor. Biroq, bu quvurlarga termulgan ko‘zlar ham 5 soat davomida elektr o‘chmasligidan umidvor.
Suv inshootini ta'mirlash hamda hech bo‘lmasa kunning asosiy qismida elektr ta'minotini tiklash muammoga yechim bo‘lishi mumkin. Ana shunday yechim yo‘qligi sababli aholi mutasaddilarni e'tiborsizlikda ayblamoqda. Ular qo‘lda chelak bilan, hali suv inshooti, hali quduq va ariqlarda sarson bo‘lmoqda.
«G‘azira» mahallasidagi yana bir qishloq — Shakar qishlog‘ida iste'molga yaroqsiz bo‘lsa-da suv bor. Ular 6-7 metrdan yerosti zax suvlarini tortib olib ichishadi. Shakarliklarni eng ko‘p qiynagan masala siz suratda ko‘rib turgan transformator.
1961 yilda o‘rnatilgan bu «otaxon» 60ta xo‘jalikka moslashgan, foydalanuvchilar esa 150 xo‘jalikdan ortiq. Har yili bir necha martalab pul yig‘ish va ta'mirlash odamlarning joniga tekkan. Chirib ketgan simyog‘ochlarni yangilash ham shakarliklar bo‘ynida, chunki odamlarning xuddi shu ish bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘ldik.
Odamlar yangi transformator o‘rnatilishi, ishdan chiqqan simyog‘ochlarni esa yangilanishini istaydi.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.