Samarqand shahridagi Siyob kanaliga tushib ketganidan keyin yo‘qolib qolgan 3 yoshli bolaning jasadi topildi.
Bugun, 10 mart kuni bolaning yaqinlari tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, uning jasadi topilgani haqda ma'lum qilishdi. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holatni tasdiqladi, ma'lum bo‘lishicha, bola boshqarmaning qutqaruv-qidiruv otryadi tomonidan soat 13:30da kanalning quyi qismidan topilgan.
8 mart kuni Samarqand shahridagi Siyob kanaliga tushib ketgan 3 yoshli Behro‘z Baxtiyorovning yaqinlari farzandi topilmayotgani yuzasidan Kun.uz’ga murojaat qilgandi.
Voyaga yetmagan qarindoshlari bilan kanal yoqasida o‘ynab suvga tushib ketgan bolakayni uning qarindoshlari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi g‘avvoslari 8-9 mart kunlari izlab topisholmagani ma'lum qilingandi.
Tahririyat Behro‘z Baxtiyorovning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.