Xorijga ishga jo‘nash ishqi qachon so‘nadi?

Jamiyat 17:47 / 08.03.2020 29818

Yillar bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda. Avvallari MDH davlatlariga ishga borish bilan cheklangan o‘zbekistonliklar bugungi kunda dunyoning deyarli hamma nuqtasida bor. Asosiy yo‘nalish Rossiya bo‘lgani holda Janubiy Koreya, Qozog‘iston, AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari sari otlanayotganlar soni yildan yilga ko‘paymoqda.

Odamlarimizning chet elda ishlayotganlar topgan pullar to‘g‘risidagi eshitganlari og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradi va yangi xohlovchilarni paydo qilaveradi. Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar natijasini sezmayotgan, tadbirkorlikda byurokratik to‘siqlarga yengilgan yoki omadi yurishmagan, davlat ishida maosh kamligidan ro‘zg‘or tebrata olmayotganlar xorijga yo‘l olayotganlar armiyasini muttasil to‘ldiraveradi.

Ming afsuski, telekanallardagi yarqiroq lavhalarda yoritilgan ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlar ko‘p hollarda puch bo‘lib chiqadi, real ehtiyojni qoplamaydi, ko‘p yillik qarsakbozlik an'analari uchungina xizmat qilayotgan bo‘ladi. Tabiiyki, har qanday mahalliy ish beruvchi bilan taqqoslaganda xorij varianti jozibador ko‘rinaveradi. Tilni, o‘sha davlatni bilmaslik, tavakkalchilik, aldanib qolish va hatto hayot uchun real xavflar ham bu istakni so‘ndira olmaydi.

Bozor qonuniyati shunday, talab bormi, albatta taklif ham paydo bo‘ladi. Oldin xalq tilida «posrednik» deyiladigan, amalda og‘zaki kelishuvlarga ko‘ra odamlarni ish bilan ta'minlash evaziga ma'lum haq oluvchilar guruhi ishlab kelgan (va ishlab kelayotgan) bo‘lsa, so‘nggi yillarda bunga qonuniy tus berishga harakat qilinib, xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga ruxsat berildi. Ammo juda qisqa muddat ichida bir necha firibgar vakillari sabab bu soha o‘z nomini qora qilishga ulgurdi.

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga 2018 yil kuzidan boshlab ruxsat berilgan edi. Shundan keyin o‘tgan bir yil davomida 66ta agentlik fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olgan. Ulardan bir nechtasi firibgarlik yo‘li bilan ko‘plab mablag‘ni o‘zlashtirib yuborgani bo‘yicha tergov olib borilyapti.

«Human» agentligidan jabrlangan fuqarolar bo‘yicha sud ishlari yakunlanib, 21 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hukumat nazorati ostida maxsus jamg‘arma orqali to‘lab ham berildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, firibgarlik qilganlar tegishli jazoga tortilishar, ammo bu bilan xorijga chiqishga harakatlar to‘xtab qoladimi? Aslo yo‘q.

Sabablari aniq va oddiy: aholi shiddat bilan ko‘payishda davom etmoqda, yaratilayotgan ish o‘rinlari yetmaydi, bori ham mehnatga to‘lanuvchi haq jihatdan talabga javob bermaydi, xorijdagi bir kishining omadi yuzlab tanishlariga chaqiriq bo‘laveradi.

Lekin shu yerda qiziq bir jihat ko‘rinadi – xorijga yo‘l olmoqchi bo‘lganlar o‘sha yerdagi mehnat bozorida raqobatga kirisha oladilarmi? Xususiy bandlik agentliklariga pul to‘lab kuyib qolganlar Germaniya, Chexiya, Shveytsariya va hatto AQShga borish niyatida shartnoma tuzganlari, endi esa aldanib qolganlarini ta'kidlashadi. Ammo ularning mutlaq ko‘pchiligi hatto Rossiyaga ham bormagan, xorijiy tillarni bilmaydi, rivojlangan davlatlar mehnat bozori talabiga mos keluvchi malakaga ega emas, qo‘lida uyoqda ish berishi aniq bo‘lgan hunari yo‘q. Qisqacha qilib aytganda, hatto omad kelib, jo‘nab ketilganda ham hammasi tavakkalchilikka asoslanadi.

Bahslarga sabab bo‘ladigan masala shundaki, ko‘p yillardan buyon migrantlar masalasiga ko‘z yumib kelindi. Go‘yoki ular yo‘qday. Bu haqda rasman gap ochilganda ham ijobiy baho berilmadi. Ammo ularning iqtisoddagi salmog‘i yildan yilga oshib boraverdi, xorijiy investitsiya degan tushuncha unutilib ketayozgan yillarda ham milliardlar barqaror kelib turdi va eng muammoli hudud bo‘lgan qishloqlarda taranglikni pasaytirdi.

Davlat yuqori marralarni ko‘zlarkan, migrantlar vaqtinchalik holat deb qaradi. Ammo chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tdiki, o‘zbek migratsiyasi faqat kuchayish tendensiyasini saqlab turibdi.

Nima qilmoq kerak?

Balandparvoz gaplardan kechib, bu jarayonning iqtisod va ijtimoiy hayotdagi o‘rnini tan olib, atroflicha tadqiq qilib, tartibga solish va bundan barcha uchun foydali bo‘lishi choralarini izlash lozim. Migratsiya faqat O‘zbekistonning boshiga tushmagan. Juda ko‘plab davlatlar migratsiya oqimini his qilgan zahoti uni o‘z holiga tashlab qo‘ymay, to‘g‘ri yo‘lga solish choralarini ko‘rgan. Turkiya, Meksika va Ukraina kabi davlatlar bu bosqichdan o‘tishgan bo‘lsa, Osiyoning rivojlanayotgan davlatlari ayni qizg‘in pallada hozir.

Albatta, yirik bir davlatning arzon ishchi kuchi eksportchisi, migratsiya manbasi sifatida ko‘rilishini tan olish, hazm qilish qiyin. Ammo o‘tgan o‘nlab yillar ko‘rsatyaptiki, o‘zgarishlar hali uzoqda. Shunday paytda «uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka durust» degan maqolga amal qilmoq yaxshi. Xususan:

1. Yurtdoshlarimiz eng ko‘p jo‘nayotgan Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi davlatlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining yuzlab vakolatxonalarini ochib tashlash, ularning har biri qog‘ozda emas, amalda ishlashini ta'minlash zarur;

2. Bu vakolatxonalar har bir hududda o‘zbekistonlik migrant uchun mos keluvchi ish o‘rinlari, belgilangan maosh miqdorini maxsus saytlar orqali real vaqt rejimida ko‘rsatib borishi kerak;

3. Vakolatxonalar migrantlarning dastlabki oylardagi moslashuv jarayonini nazorat qilishi, qiyin vaziyatga tushib qolganlarga elchixonani kutmay yordam berish mexanizmini yo‘lga qo‘yish lozim;

4. Dastlabki yillarda migrantlarga chipta, sug‘urta, hujjatlashtirish jarayonida davlat subsidiyasini berishni yo‘lga qo‘yish zarur. Agar bu budjetga malol kelsa, kreditlashtirish usulidan foydalanish mumkin. Faqat bu harakatlar oldingidek oz miqdorda, nomiga amalga oshirilmasligi, byurokratiyaga o‘ralashib qolmasligi kerak;

5. Eng muhimi – migrantlardan keladigan mablag‘ faqat to‘y, avtomobil kabi yuzaki ehtiyojlarga singib ketaverishining oldini olib, ularni uzoq muddatli va kelajakka xizmat qiladigan yo‘nalishlarga sarflash madaniyatini shakllantirish shart. Buning uchun migrantlarga mujburlash uslubi bilan emas, foydali jihatlari bilan jalb qilish uslubini qo‘llash zarur. Masalan, muhojirlar uchun uy-joy dasturi yaxshi misol bo‘la oladi. Bu kabi dasturlarni yer maydoni, aksiyalar, obligatsiyalar kabi daromad keltiruvchi manbalarga qaratish mumkin.

Migrantlar, umuman muhojirlik O‘zbekiston hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Buni rad etishning aslo iloji yo‘q, faqat to‘g‘ri yo‘lga solish orqali jamiyatga foyda keltirishni o‘ylash vaqti allaqachon kelgan.

Abror Zohidov.

Muallif fikri tahririyat fikrini anglatmaydi

Ko‘proq yangiliklar: