So‘z erkinligi: U qanday paydo bo‘ladi?

Jamiyat 14:02 / 08.03.2020 8347

Samarqandda Markaziy Osiyo sudyalar muloqotining ikkinchi raundi o‘tkazildi. Unda so‘z erkinligini ta'minlash, bu borada sudlarning o‘rni haqida so‘z bordi.

Konferensiyada qatnashgan asosiy ma'ruzachi — YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir bir gapni aytdi: «Rivojlanishni xohlagan jamiyat so‘z erkinligini hurmat qilishi kerak».

Chindan, nafaqat mamlakat, balki jamiyat ham o‘zini hurmat qilsa, so‘z erkinligiga erishish uchun harakat qilishi kerak. Xo‘sh, so‘z erkinligi nima o‘zi? Uning chegarasi bormi?

Davlat katta struktura va tabiiyki uni nazorat qilish murakkab jarayon. So‘z erkinligi aynan mana shu borada davlatga qo‘l keladi. Siz har bir rahbarni xohlagancha koyishingiz mumkin, lekin uni doim nazorat qilishda qiynalasiz. Agar jamiyatda so‘z erkinligi bo‘lsa, matbuot erkin bo‘lsa, tabiiyki har qanday rahbar ishini bilib qiladi, xato qilishdan qo‘rqadi. Bu fikrlarimiz hozirgi kunda bizda shakllanishi kerak bo‘lgan so‘z erkinligi haqida. Jamiyat yillar davomida so‘z erkinligi bilan yashasa, keyinchalik so‘z va matbuot erkinligisiz hayotini tasavvur qila olmaydigan avlod paydo bo‘ladi. AQShda shu sabab matbuot kuchli, shu bois ularda jurnalistlar mashhur sportchi va aktyorlar kabi katta maosh oladi.

So‘z erkinligi qayerdan boshlanadi? Albatta, so‘z erkinligining alohida ta'rifi yo‘q, u mana bu yerdan boshlanib, mana bu yerda tugaydi deb aytib bo‘lmaydi. So‘z erkinligi avvalo fikr erkinligidan boshlanadi. So‘z erkinligi mavjud bo‘lmagan yerda fikr erkinligi ham bo‘lmaydi. Odamlar taqiqlangan narsalar haqida o‘ylashga ham qo‘rqadi.

Shu o‘rinda xuddi «Tovuq oldin paydo bo‘lganmi yoki tuxummi?» mazmunidagi savol paydo bo‘ladi: avval so‘z erkinligini paydo bo‘ladimi yoki fikr erkinligi? Bu borada ham bahslashish mumkin.

So‘z erkinligini kim yaratadi, davlatmi yoki xalq? Men ular birgalikda yaratadi degan bo‘lardim. Davlat «Bo‘ldi, bugundan so‘z erkinligi bo‘ladi» degani bilan masala hal bo‘lib qolmaydi. Bu uchun jamiyat shu narsasiz yashab bo‘lmasligini, so‘z va matbuot erkin bo‘lmasa, hayot yomonroq bo‘lishini his qilib so‘z erkinligiga ehtiyoj sezishi kerak.

Tabiiyki, faqat odamlarning xohishi bilan ham hech narsa bo‘lmaydi, davlat bunga javob berishi kerak. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlat ham, jamiyat ham so‘z erkinligi amalda bo‘lishini xohlayotgandek va bu juda yaxshi. Hamma ham aniq xohlamoqda deyish uchun esa faktlar yetarli emas. Masalan, OAVni ko‘rarga ko‘zi yo‘q ayrim rahbarlar uchun so‘z erkinligi dahshatning o‘zginasi. Ular uchun so‘z va matbuot erkinligi bu – sotqinlik!

Aytaylik, biror MTM xodimi tinchgina qing‘ir ishini qilib, bolalar uchun mo‘ljallangan yeguliklarni mashinasiga ortib uyiga olib ketayotganida qayerdandir bir jurnalist paydo bo‘lib, uni videoga oladi va «Odamlar, mana bu kishi bolalarimizning rizqini qiymoqda», deydi. Tegishli idoralar esa shu asosda qonunbuzarlikka chek qo‘yadi. Tabiiyki, mansabdorning «tirikchiligi» rasvo bo‘ladi (Aslida, qonunbuzarlik orqali pul topishni tirikchilik emas, o‘likchilik desa to‘g‘riroq bo‘lar).

Bu misolda so‘z erkinligi bir qonunbuzarning zarariga, ko‘pchilikning foydasiga ishladi. Aslida aynan mana shunday bo‘lishi kerak. Rivojlanishni istaydigan, o‘zini hurmat qilgan jamiyat qonunbuzarlar uchun maksimal darajada noqulay bo‘lishi kerak.

So‘z erkinligi shunday narsaki, sudya hukm chiqarayotganda so‘zlaydigan ta'sirli nutqini faqat sud qatnashchilari oldida emas, kamera qarshisida aytayotganini, har bir mansabdor qing‘ir ish qilsa, OAVda nomi chiqib izza bo‘lishini his qilishi kerak. Yo‘q, bu qo‘rquv emas, shunchaki mas'uliyat hissi.

Endi masalaning boshqa tomoni haqida bosh qotirsak. Jurnalist uchun so‘z erkinligi nima? Xohlagan gapini gapiraverishmi? Yo‘q! Jamiyatda so‘z erkinligi ta'minlangach uning chegaralarini jurnalist o‘zi belgilaydi. Chegaralar etika qoidalari va qonunlar bilan belgilanishi mumkin, masalan. Kimki so‘z erkinligi mavjud farovon jamiyatda ham haddidan oshsa, yoki uyatga qoladi, yoki og‘ir holatlarda qonun oldida javob beradi.

Masalan, Fransua Olland o‘zini ahmoq deb atashlariga ruxsat bergandi. Siz uni ahmoq deb qonunbuzarlik qilmasligingiz mumkin, lekin kamida betamizga chiqasiz. So‘z erkinligi taqdim etadigan chegara makoni shunchalik kengki, qandaydir katta ish qilish uchun undan chiqish ham shart emas. Xulosa qilib aytganda, so‘z erkinligi bir kunda amalda bo‘lib qoladigan qonun emas. U jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib paydo bo‘ladi. Shunchaki bu yo‘lda to‘siqlar bo‘lmasa kifoya. Xo‘sh, bizga so‘z va matbuot erkinligi kerakmi?

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: