TIV Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketganini tasdiqladi

Jamiyat 14:25 / 07.03.2020 6669

O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limi 2020 yil 6 mart kuni Qozog‘istonning Pavlodar viloyati hududida Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus halokatga uchragani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqladi. 

Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, tekshiruvlardan so‘ng voqea joyiga kelgan Qozog‘istonning tegishli xizmatlari tomonidan avtobusda bo‘lgan 28 kishi, shu jumladan 26 nafar O‘zbekiston fuqarolari kasalxonaga yotqizishga muhtoj emasliklari aniqlandi. Avtobus yo‘lovchilari o‘z safarlarini boshqa transport vositasida davom ettirdilar.

Qayd etilishicha, vaziyat elchixona konsullik bo‘limi nazorati ostida.

Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquq departamenti O‘zbekiston fuqarolarining e'tiborini sovuq mavsumda avtobus yoki boshqa avtotransport vositalarida Qozog‘iston hududiga kirish yoki undan o‘tishda barcha xatarlarni inobatga olish va tegishli choralarni ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Avvalroq, Qozog‘iston shimolida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgani xabar qilingandi. 

Ko‘proq yangiliklar: