Javohirga otasi buyragini bermoqchi – Hindistonda qilinadigan operatsiya uchun yordam zarur

Jamiyat 15:53 / 06.03.2020 9233

«2016 yilda shu kasalga chalinib qoldim. Bir yillik harbiy xizmatga boraman deb tayyorlanib yurgandim. Tibbiy tekshiruvlardan o‘tayotganimda qon bosimim yuqori chiqdi. Qon bosimimni me'yoriga keltirish uchun davolandim, lekin foydasi bo‘lmadi. Keyin shu kasallik aniqlandi», deydi Javohir.

Javohir 2017 yildan beri gemodializ muolajasiga qatnamoqda. Bunda maxsus apparat yordamida qon tozalanadi. U haftada kamida ikki, bo‘lmasa uch marta shunday muolajani olishi kerak.

Onasi Gulnora Rahmonqulovaning aytishicha, Bo‘ka tumanida bunday muolajani olishning imkoni yo‘q. Shu sababli o‘g‘lini bemor holida haftada uch marta Bekobod shahriga olib-borib kelishmoqda.

«Shu kasalning ta'sirida holsiz, shu kunlarda qulog‘iyam eshitmay qoldi. Qon bosimi 200-250larga chiqib ketadi.

Haftada ikki-uch marta Bekobod shahriga gemodializ muolajasiga boramiz. Bo‘ka va Bekobodning orasi 100 kilometr, uzoq yo‘l bolamni toliqtirib qo‘yyapti.

Gemodializ muolajasi uchun yaxshi-yaxshi ovqatlanishi kerak, yo‘qsa qonidagi gemoglabin miqdori tushib ketadi. Doimiy oladigan dorilari bor, narxi juda qimmat», deydi Gulnora Rahmonqulova.

Bemorning onasi pensioner, otasining esa pensiyaga chiqishiga sanoqli yil qolganda ishxonasi yopilgan, u hozir ishlamaydi.

Javohir oilamizning asosiy boquvchisi edi, deydi onasi.

Tinimsiz muolaja, dori-darmon, tibbiy ko‘rik, yo‘lkira va boshqa xarajat oilaning tinka madorini quritgan.

«Uyda qo‘lga ilinadigan hamma narsani sotib tugatdik, hatto hovlimizning yarmini ham sotdik, hammasi bolamning muolajasiga ketdi. Ikki qizdan keyin bu yigit tug‘ilganda otasi naslimning davomchisi tug‘ildi, deb suyungandi. Armiyaga borib kelsa, uylantirmoqchi edik. Boshimizda shunday sinov bor ekan.

Noilojligimizdan saxovatpesha insonlardan yordam so‘rayapmiz. Bizga yordam qo‘lini cho‘zadiganlarning o‘zlari, farzandlari bunday dard nimaligini bilishmasin, hammalari bola-chaqasining huzur halovatini ko‘rishsin», deydi onaizor.

«Keyingi paytda yurishgayam qiynalib qolyapman. Holim yo‘q. Yoz kelsa issiqda ko‘proq qiynalaman. Buyraklarim ishdan chiqib bo‘lgan. Oyoqqa turib ketishim uchun buyraklarimni almashtirmasa bo‘lmas ekan. Shu sababli otam menga o‘zining bitta buyragini bermoqchi.

Qon guruhlarimiz va boshqa tahlillar natijalari mos keldi. Toshkentga kelgan hindistonlik shifokorlar operatsiya qilamiz, deb aytishdi. Operatsiya bahosi 12 ming dollar. O‘zimizda mablag‘ yetarli bo‘lmagani uchun saxiy yurtdoshlarimdan yordam so‘rab murojaat qilyapman. Iltimos, yordam beringlar» – deydi Javohir.

Qadrdon vatandoshlar, ushbu oilaning og‘ir kunlarida dastak bo‘lib, hamyurtimiz Javohirning shifo topishi uchun ko‘makda bo‘laylik! Zero, bu – taqdirning achchiq qismati barchamiz uchun imtihondir.

Kun.uz sayti bunday aksiyalarda bir sababchi, vositachi xolos. Barcha xayriyalarni, hamma saxovatni yurtdoshlarimiz, savob umididagi insonlar qiladilar. Umidimiz borki, Javohir sizlarning atagan mablag‘ingiz ortidan shifo topib, ota-onasining mushkuli oson bo‘ladi.

Raxmanqulov Javohir nomiga ochilgan karta

UZCARD:

8600 0417 4127 4907 (Click/PayMe)

Tranzit hisob-raqami (xorijdan pul o‘tkazmalari uchun):

2261 8840 6990 3500 5901

Jamshid Niyozov.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

 

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: