Bitim bor, puldan darak yo‘q: Muzrabotda tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash paysalga solinmoqda

Jamiyat 19:25 / 06.03.2020 10897

Ushbu tadbirkorlar ayni masala yuzasidan avval ham tahririyatimizga murojaat qilishgan edi. Biroq o‘tgan davr ichida ular bilan rasmiy bitim imzolanganidan bo‘lak ishda birorta siljish bo‘lmagan.

Murojaatchilarning aytishicha, ularning tuman markazida joylashgan do‘konlari tuman hokimi buyrug‘i bilan buzilgan, kompensatsiya puli esa hanuzgacha to‘lanmayapti.

Holbuki, tuman hokimligi tadbirkorlar bilan kompensatsiya to‘lash borasida bitim imzolab, muhrlab bergan.

Murojaatchilar do‘konlarni buzishda qo‘shni tumanlardan ichki ishlar xodimlari kelib, ularning qarshiligiga qaramasdan mavjud bino va inshootlarni buzib tashlashganini gapirib berishdi.

Tuman markazida «Obod markaz» dasturi asosida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Tadbirkorlarning buzilgan do‘konlari o‘rniga ko‘p qavatli turar joy binolari qurilmoqda.

Biz mazkur masala yuzasida tuman hokimi Erkin Alimov bilan telefon orqali gaplashdik.

Tuman hokimi muammodan xabari borligi, tadbirkorlarga albatta kompensatsiya pullari mahalliy budjet hisobidan to‘lab berilishi, ularning barchasi bilan bu borada bitim imzolanganini ta'kidladi.

Biroq, bitimda kompensatsiya mablag‘lari 2020 yilning fevral oyiga qadar tadbirkorlarga to‘lanishi belgilab qo‘yilgan esa-da, mana, mart kirib keldiki, hali va'da bajarilmagan.

Umid qilamizki, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan bu muammo tez orada, boshqa ortga surilmasdan, o‘zaro imzolangan kelishuv bitimlari doirasida hal etiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: