Joriy yil 6 fevral kuni Kun.uz saytida «Xatolik tufayli uyidan haydalgan fuqaro adolat istamoqda. Uyni esa Oliy sud o‘ziniki qilib olgan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda fuqaro R.Kamalovning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 19-kvartal, 32-uy, 48-xonadon noqonuniy ravishda olib qo‘yilgani va bugungi kunda Oliy sud egaligida qolib, egasiga qaytarilmayotgani haqida so‘z boradi.
Mazkur maqola e'lon qilingach, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi munosabat bildirdi. Mazkur munosabat, fuqaroning murojaatini o‘rganish jarayonida Oliy sud vakillaridan olingan izohdan deyarli farq qilmasada, boricha e'lon qilinmoqda.
Oliy sud munosabati
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2009 yil 20 yanvardagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining «a», «v» bandlari va boshqa moddalar bilan sudlangan A.B.ga oid jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovda xatlangan, R.Kamalov nomiga rasmiylashtirilgan, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 19-kvartal, 32-uy, 48-xonadon A.B. tomonidan yetkazilgan zararni qoplash hisobiga o‘tkazilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 26 yanvardagi ajrimiga asosan hukm o‘zgartirilib, mazkur uy-joy R.Kamalovga qaytarilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 229-moddasida, agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Biroq, kassatsiya instansiyasi sudi ushbu xonadon sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilganini e'tiborga olmagani sababli, Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2018 yil 20 sentyabrdagi ajrimi bidan kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi o‘zgartirilib, R.Kamalovga mazkur xonadonni Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filialining auksion savdosida sotilgan qiymati 58 mln so‘m (aslida Oliy sud kvartirani 58 mln 500 ming so‘mga sotib olgan – tahr.) qaytarilishi belgilangan.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 57-bandida, mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish to‘g‘risidagi sud qarori yoki vakolatli organ qarori bekor qilinganda mol-mulk yoki uning qiymati qaytarilishi, 59-bandida, agar mol-mulk sotilgan yoki qayta ishlashga topshirilgan bo‘lsa, mol-mulk qiymatini qaytarish moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablag‘laridan va davlat organlarining tegishli hisob raqamlaridan ilgari mablag‘lar taqsimlangan ayni bir foiz nisbatida mol-mulk qiymatini to‘lash to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan boshlab o‘n kun muddatda amalga oshirilishi belgilangan.
A.B.ga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan norozi bo‘lib, R.Kamalov va M.Kamalovaning Oliy sudga yozgan va Oliy sud raisining sayyor qabulida topshirgan shikoyatlari takroran nazorat tartibida o‘rganib chiqildi.
Shikoyatda, A.B.ga oid jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan sud qarorlaridan norozi bo‘lib, ularga tegishli bo‘lgan xonadonni qaytarib berish so‘ralgan.
Muqaddam shu mazmundagi shikoyatlar o‘rganilib, Oliy sud rahbariyati tomonidan qanoatlantirilmasdan qoldirilib, bu haqida bir necha marta asoslantirilgan javob xatlari yuborilgan.
Bundan tashqari, takroran nazorat tartibida yozgan shikoyatlari o‘rganib chiqilib Oliy sud rahbariyati tomonidan nazorat tartibida yozgan shikoyatlaridagi vajlar yana bir bor jinoyat ishi hujjatlari asosida qayta tekshirilib, Oliy sud rahbariyati tomonidan sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb topilgani sababli shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgani ma'lum qilinadi», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati axborotida.
Asosiy faktlar e'tibordan chetda qoldirilgan
Endi munosabatda e'tirof etilmagan, aniqrog‘i e'tiborsiz qoldirilgan ayrim jihatlar haqida to‘xtalamiz va Oliy sudning nima uchun beayb fuqaro mulkini qaytarishni istamayotgani sabablari haqida fikr yuritib ko‘ramiz.
E'tibor bergan bo‘lsangiz munosabatda «...kassatsiya instansiyasi sudi ushbu xonadon sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilganini e'tiborga olmagani sababli» deb yozilmoqda. Biroq, nima uchundir kvartirani aynan Oliy sudning o‘zi sotib olgani va bugungi kunda unda Oliy sudning xodimlari istiqomat qilayotgani aytilmagan.
Yana bir e'tiborli tomoni shundaki, munosabatda «...(kvartira – tahr.) sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgani (ya'ni Oliy sudning o‘zi sotib olgani - tahr)»ga urg‘u berilmoqda. Biroq, kvartirani sotishga asos bo‘lgan sud qarori allaqachon noqonuniy deb topilib, bekor bo‘lib ketgani faktidan ko‘z yumilmoqda.
Shuningdek, Oliy sud xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i kassatsiya instansiyasi ajrimidan norozi bo‘lib, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga, ya'ni o‘zi ishlab turgan mahkamaga shikoyat kiritgani holatiga «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun bilan belgilangan manfaatlar to‘qnashuvi elementlari mavjudligi nuqtayi nazaridan biror fikr bildirilmagan.
Yechimi yo‘q muammoning o‘zi yo‘q
Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak, degan edi davlat rahbari.
Biroq, tahririyatga takroran murojaat yo‘llagan R.Kamalov adolat izlab Oliy sudga yo‘llagan murojaatlari mazmunan ko‘rib chiqilmayotganidan chuqur afsusda ekanini aytib, masalaga Senat yoki Prezident administratsiyasi aralashmasa huquqlari ro‘yobga chiqishiga ishonchi yo‘qligini bayon qildi.
Shuningdek, R.Kamalovning qo‘shimcha qilishicha, asossiz ravishda uyidan ayrilib, qariyb 9 yil davomida ijarama-ijara sarson bo‘lib yurgani ortidan ko‘rgan moddiy va ma'naviy ziyonni qoplash maqsadida sudlarga kiritayotgan da'vo arizalari sudda qabul qilishdan rad etib kelinmoqda ekan.
Xohish va iroda bo‘lsa amalda imkonsiz bo‘lgan masalalar ham o‘z yechimini topishiga «Human xususiy bandlik agentligi»dan jabrlangan fuqarolarga, ular ko‘rgan zarar davlat tomonidan to‘laligicha qoplab berilgani misolida guvoh bo‘ldik.
Davlat rahbarining insonparvarlik, oliyjanoblik va adolat bobida olib borayotgan siyosati Oliy sudning markaziy mahkamasiga hali ham yetib bormagan ko‘rinadi. Bir firibgar shaxs yetkazgan zararni qoplab berishni davlat o‘z zimmasiga olgan bir vaqtda, aynan davlatdan zarar ko‘rgan fuqaroning huquqlarini himoya qiluvchi idora hozircha topilmayapti.
Oliy sud tutayotgan yo‘l odamlarda mustaqil O‘zbekistondek buyuk va qudratli davlatning budjeti bir beayb fuqaroning mulkiga qarab qolgan ekanda, degan fikr uyg‘onishiga sabab bo‘lib qolmaydimi?
Oliy sud va fuqaro manfaatlari kesishmoqda. Adolat yutadimi yoki manfaat?
Ma'lumki, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.
Mazkur qonunga muvofiq, sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgandir.
Konstitutsiyaga ko‘ra har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Lekin, fuqaro sud idoralarining, aniqrog‘i aynan Oliy sudning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan kimga murojaat qilishi mumkin... Bu borada fuqaroning fikrlariga qo‘shilmasdan iloj yo‘q. Masala Senat yoki Prezident administratsiyasi tomonidan nazoratga olinmas ekan vaziyat o‘zgarishsiz qolaveradi.
Oliy sudning R.Kamalovga tegishli bo‘lgan kvartira bilan bog‘liq masalada idoraviy manfaatlaridan kelib chiqib tutgan yo‘li qanchalar adolatli? Oliy sudning bu harakatlari manfaatlar to‘qnashuvi emasmi? Bir necha yil oldin davlat vakolat berib qo‘ygan shaxslar – ya'ni tergovchi, prokuror va sudyalar yo‘l qo‘ygan qo‘pol xato tufayli tortib olingan uy o‘z egasiga qaytarilmasligidan yana qanday manfaat bor?
Kun.uz tahririyati mavzu yuzasidan o‘z surishtiruvlarini davom ettirib, mazkur masalaga o‘z pozitsiyalarini bildirishni so‘rab Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov, Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevga so‘rovnomalar yubordi.
Tahririyatning mazkur so‘rovlariga javob olingach bu mavzuga yana qaytamiz.
Dilshod Abduqodirov