Savolga «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov javob berib, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash o‘tgan yili boshlangani, bu masala yangi qabul qilingan Soliq kodeksida ko‘zda tutilganini aytib o‘tdi.
«O‘tgan yili Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qildik. Bundan iqtisodiy choralar qo‘llagan holda yashirin iqtisodiyotni kamaytirish maqsad qilingan edi.
Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, shunaqangi manfaatli tizim, biznes muhitini yaratishimiz kerak ediki, yashirinib yurgan tadbirkorlar o‘zi xohish bildirib [ochiqlikka] chiqishi kerak edi.
Natijada soliq turlarimiz 19tadan 15taga kamaytirildi, qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Shuningdek, dividentlar bo‘yicha to‘lovlar va boshqa soliq stavkalarining kamaytirilganiga qaramasdan, tushumimiz 1,5 barobarga ortganini ko‘rishimiz mumkin. Bu davlat tomonidan yashirin iqtisodiyotga ko‘rilayotgan choraga yaqqol misoldir.
Bu yerda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda jamoatchilik ham yordam berishi kerak, degan taklif bo‘lmoqda.
Jamoatchilik qanday nazorat qiladi? Oddiy misol: taksi xizmatlaridan foydalanganda chek talab qilishi kerak bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa, do‘konga kirganda chek talab qilish kerak. Bular jamoatchilik nazorati hisoblanadi.
Tushunishimiz kerakki, gap bir parcha qog‘ozdamas. Bu orqali tadbirkor o‘ziga tushadigan foydadan ma'lum qismini davlat budjetiga to‘lashini biz ta'minlaymiz», deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi davlat dasturida jismoniy shaxslarning taksichilik qilishiga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.