Har bir mamlakatning taqdiri undagi ta'lim tizimiga, yosh avlodga, o‘qituvchilarga yaratib berilayotgan sharoitlarga bevosita bog‘liq. Oxirgi yillarda mamlakatimizda ta'limga berilayotgan e'tibor ham bejizga emas. Bugun ustozi berayotgan bilimni chanqoqlik bilan o‘zlashtirayotgan har bir qora ko‘z ulg‘ayib el-yurtga, vatanga naf keltiradi.
Payariq tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi tumanda mashhur. Ushbu o‘quv dargohi bitiruvchilari bugun turli sohalarda xalq xizmatida bo‘lib turibdi. Bunda o‘z kasbiga sadoqatli, jonkuyar o‘qituvchilarning hissasi katta.
2 mart kuni tajribali va fidoiy o‘qituvchilardan biri Tursunoy O‘rinova rahbarlik qilayotgan maktabning 3-«A» sinf o‘quvchilari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ta'limni rivojlantirishga doir yo‘nalishini targ‘ib qilish munosabati bilan ota-onalar, maktab o‘quvchilari hamda o‘qituvchilar uchun bayram tadbiri uyushtirdi.
«Bugun men rahbarlik qilayotgan 3-«A» sinf o‘quvchilari tayyorlagan tadbirdan ko‘nglim to‘ldi. O‘quvchilarni tayyorlashda menga yaqindan yordam bergan amaliyotchi, SamDU Pedagogika fakulteti boshlang‘ich ta'lim va sport tarbiyaviy ishi yo‘nalishi 103-guruh talabasi Laylo Muhiddinovaga rahmat aytaman. Ochig‘i, bolajonlarimning tadbirni juda yuqori saviyada o‘tkazishlarini kutmagan edim. Ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar ishimizga yuqori baho berishdi. Kelajakda ularning yanada bilimli va odobli bo‘lishlari uchun bundan-da ko‘proq mehnat qilishga tayyorman», - deydi Tursunoy O‘rinova.
Bugungi kunda 1-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida 595 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Ulardan 284 nafari qiz bola. Boshlang‘ich sinflarda jami 250 nafar o‘quvchi o‘qiydi.
Reklama huquqi asosida