Tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan noyob manbalar, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida chop etilgan davriy nashrlar, ulardan foydalanish, tadqiq etish, shuningdek, bu nashrlar chop etilishi bilan bog‘liq muammolar, ularda ko‘tarilgan masalalar haqida so‘z yuritildi.
«Afsuski, bu paytda nafaqat bir oy, balki bir yoki ikki marta chiqib yopilgan gazetalar ham bo‘lgan, ya'ni gazeta chiqarish katta muammo bo‘lgan.
Ularning faoliyati to‘xtatilishiga asosiy sabab – siyosiy senzura hisoblangan. Hukumatga qarshi targ‘ibot olib borilgan deb yopib tashlangan. Bunday gazetalar qatoriga «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat» kabilarni kiritish mumkin. 1917 yilgacha 2tagina gazeta bir yil davomida to‘liq chiqib turgan», deydi tarix fanlari doktori Sanobar Shodmonova.
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev yaqin tariximizda yozilgan manbalarni o‘qishda til jihatdan katta qiyinchilik tug‘ilmasligini ta'kidladi.
«Ko‘pincha kuzataman, bu davr manbalarini o‘qishga katta ishtiyoq bildirilmaydi. Sababi – eski o‘zbek yozuvini o‘qiy olmaslik. Bu qaysidir ma'noda fojiamiz. Lekin bitta baxtimiz borki, buni o‘qishga tutingan inson uni o‘qib tushuna oladi. Turk va ba'zi arablar o‘zining 100 yil avvalgi matbuotidagi gazeta yoki jurnalni o‘qib tushunmaydi, tili shunchalik o‘zgarib ketdi.
Dastlab arab-fors so‘zlarini ko‘p qo‘llashgan. Taraqqiyparvarlar anglaganki, aholi tushunishi uchun sodda va tushunarli uslubda yozish kerak. Ular qisqa muddatda bunga erishgan», deydi olim.
Irzayev o‘sha paytda matbuotda ko‘p yozilgan mavzular haqida ham aytib o‘tdi.
«Ular matbuotda olib chiqqan birlamchi mavzu – ta'lim edi. Xususan, «Sadoi Farg‘ona» gazetasi maqolalarining yarmidan ko‘pi shunga qaratilgan. Yoki ziyolilardan, masalan Ibrat Toshkentga keladigan bo‘lsa, biror katta to‘y uchun emas, aynan maktab uchun kelgan.
1922 yilda 8 aprelda Saidahmad Nazirov degan kishi «Armug‘on» nomli jurnalda davr ziyolilarining maqolalarini chop etadi. Unda xususan, Abdurauf Fitratning BXSRning maorif komissari sifatida yozgan ta'lim haqidagi ma'ruzasi ayniqsa e'tiborli. U Buxoroda maorifni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or takliflar bildiradi. Buni bugun faqat olim o‘qishi shart emas, aynan shu yo‘nalishdagi hukumat xodimlari o‘qishi lozim. Chunki Fitrat buni arbob sifatida yozgan edi», deya ta'kidladi Bahrom Irzayev.
Olim A.Fitratning «Bilim o‘chog‘i» maqolasidan shunday iqtibos keltirdi: «Miya o‘zgarmaguncha, boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas».
«Ya'ni Fitrat aytadiki, inson ongi o‘zgarsagina, islohotlar samara beradi», deydi Irzayev.