Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Andijon viloyat boshqarmasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oliy ta'lim muassasalaridagi tamagirlik jinoyatlarini fosh qildi.
Xususan, 2020 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universiteti Jismoniy tarbiya va sport kafedrasi dotsenti L.R. fuqarolar M.M. va F.A.ni Qirg‘iziston Respublikasidagi universitetda o‘qiyotganligi haqida tanishlari orqali soxta hujjatlar tayyorlab, ularni Andijon davlat universitetining Sport va Chizmachilik fakultetlariga o‘qishni ko‘chirib o‘tkazib qo‘yish evaziga 4 000 AQSh dollarini pora tariqasida olganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
20 fevral kuni Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari Z.N. va Sh.S. moddiy manfaatdorlik evaziga Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod shahridagi “Nauchno-issledovatelskiy mediko-sotsialniy institut” nomli oliygohning 1-bosqichida ta'lim olayotgan M.S.ning o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutining “davolash ishi” yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichiga Andijon davlat tibbiyot instituti mansabdor shaxslari orqali ko‘chirib berishni va'da qilib, 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Fuqaro O.R. Andijon davlat universitetida ishlayotgan mansabdor tanishlari orqali Qirg‘iziston Respublikasi “O‘zbek-qirg‘iz” Universitetining “Informatika” yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichida tahsil olayotgan N.Sh.ning o‘qishini oliygohning “Informatika” yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichiga ko‘chirib berishi evaziga 200 AQSh dollarini pora tariqasida olgan paytda ushlangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.