Yo‘ldosh boboning do‘koni qarorsiz buzilganmidi? Yoxud hokimlikning «qosh-qovog‘iga qaramagan» adliya bo‘limi

Jamiyat 09:40 / 01.03.2020 19857

Ochig‘i, qaysidir davlat tashkiloti o‘zi tashabbus ko‘rsatib, fuqaro manfaatlarini himoya qilishiga, hokimlikdan haqini ajratib berishiga hozircha ko‘nikkanimiz yo‘q. Ammo bu odatiy holga aylansagina biz oldinga qadam tashlagan bo‘lamiz.

Masalan, yaqinda Kun.uz saytiga Kattaqo‘rg‘on shahridan Yo‘ldosh Boboyev murojaat qildi. Uning aytishicha, 2013 yilda nomida bo‘lgan ikkita savdo do‘koni hamda bitta dorixonasi shahar hokimligi tomonidan buzilgan. Ammo kompensatsiya pulini hadeganda ololmagach, 2019 yilga kelib shahar adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Fuqaroning undan keyingi manfaatlari uchun Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limidagilar kurashgan. Shu o‘rinda e'tirof etish joizki, ayrim mahalliy adliya bo‘limlari hokimliklarning «qosh-qovog‘iga qaramay» harakat qilayotgani quvonarli.

2019 yilning 16 oktyabrida Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi fuqaro Y.Boboyevning qonuniy manfaatlarini ko‘zlab shahar hokimligiga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Buni qarangki, tuman sudi ham adliya bo‘limining da'vo arizasini qanoatlantirib, fuqaro foydasiga shahar hokimligidan 35 732 635 so‘m yetkazilgan zararni undirishni ko‘zda tutuvchi qaror qabul qiladi.

Ammo shahar hokimligi bu safar ham tovon pulini to‘lab berishni istamaydi. Masala shu tariqa fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga qadar yetib keladi.

Biz Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi huquqshunosi Anvar Shodiyev bilan suhbatlashib, Y.Boboyev masalasida izoh oldik.

Suratda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi huquqshunosi Anvar Shodiyev

«Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2019 yil 3 dekabrdagi hal qiluv qarorida ayrim masalalarga e'tibor qaratilmagani uchun viloyat sudiga kassatsiya tartibida e'tiroznoma kiritdik. Jumladan, «savdo do‘konlari shahar hokimligining qarori bilan buzilgan», deyilgan. Vaholanki, bunday qarorning o‘zi yo‘q (!). Qolaversa, do‘konlarning narxlanishida ham nomutanosiblik mavjud. Shunday bo‘lishiga qaramay, hokimlik tomonidan Y.Boboyevga do‘koni o‘rniga yer ajratib berilgan. Fuqaroning bu bilan qanoat qilmasdan, yana tovon puli talab qilayotganini o‘rinsiz deb hisoblaymiz»,– deya vaziyatni izohladi A.Shodiyev.  

Huquqshunosning masalaga yondashishi ikkita savolni yuzaga chiqaradi.

Birinchidan, shahar hokimligining do‘konni buzish to‘g‘risidagi qarori bo‘lmasa, Yo‘ldosh boboning do‘konini kim va nima sababdan buzgan? Qaror yo‘q ekan, unda hokimlik nega do‘kon o‘rniga yana yer ajratib berishi kerak? Anglashiladiki, hokimlik o‘ziga o‘zi qarshi bormoqda.

Chunki, hokimlik huzuridagi uy-joy arxitektura shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha doimiy ishlovchi komissiya Y.Boboyevga uch kun ichida do‘konni buzishini so‘rab 2013 yilning 20 noyabr kuni №3/31 va 3/22-sonli ogohlantirish xatlari yuborgan.

Fuqaro manfaatini ko‘zlab harakat qilayotgan shahar adliya bo‘limi rahbari Alisher Mamatov bilan ham suhbatlashdik.

Suratda Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi rahbari Alisher Mamatov

«Yer kodeksida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlari buzilishi natijasida yetkazilgan zarar to‘la hajmda qoplanishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, qonun hujjatlarida yer uchastkalarini olib qo‘yish fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan», – dedi A.Mamatov.

Suratda Yo‘ldosh Boboyevning hali qurilishi tugallanmagan savdo do‘koni

Hokimlikning shikoyatiga asosan joriy yil 30 yanvar kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi Y.Boboyevning uzoq cho‘zilgan kompensatsiya masalasidagi ishni qayta ko‘rib chiqdi. Unga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limining Yo‘ldosh Boboyev manfaatini ko‘zlab kiritgan da'vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2019 yil 3 dekabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, hokimlikning shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

O‘z navbatida hokimlik kompensatsiya to‘lab beradigan bo‘ldi. Biroq sud qarori qonuniy kuchga kirganiga mana qariyb bir oy to‘lgan bo‘lsada Boboyevga kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan.

Xullas, hokimlik ekan, deb qarab o‘tirmagan adliya organi qonun bilan belgilab qo‘yilgan vakolatlari doirasida to‘g‘ri harakat qilib, o‘z vazifasini bajardi. Endi navbat Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limiga...

Bu idora ham fuqaroning huquqlarini ta'minlashda adliya bo‘limi tutgan yo‘ldan boradimi yoki yo‘q, buni kuzatishda davom etamiz. 

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: