Hozirgi kunda Ukrainada 45 mingga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda, 3 mingdan ortig‘i ta'lim olmoqda. Xususan, andijonlik Habibullo Soliyev bir necha yillardan beri bu mamlakatda muhojirlikda mehnat qilyapti.
Kun.uz muxbirlari Ukrainaga safari davomida usta yigit va uning shogirdlari bilan muloqotda bo‘ldi.
Oseshchina – Kiyev viloyatining Vishgorod tumaniga qaraydigan kichik qishloq bo‘lib, Dnepr daryosi bo‘yidagi so‘lim joyda joylashgan. Hamyurtlarimiz mana shu qishloqda qurilgan yangi dala hovlida mehnat qilishmoqda.
«Bir necha yillardan beri Ukrainada ishlayapmiz. Qurilish ishlari bilan shug‘ullanamiz. Asosan ichki pardozlash ishlarni bajaramiz – suvoq, oboi, gipsokarton, kafel va boshqalar», deydi Habibullo Soliyev.
Mehnat muhojirlarini qiynaydigan asosiy muammolardan biri – ish haqini o‘z vaqtida olish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Habibulloning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada ko‘p yillar davomida ishlab kelayotgan bo‘lsa-da, ish beruvchilarning biror marta aldab, pulini bermagan yoki kechiktirib yuborgan holatlar bo‘lmagan.
«Xususiy uy egalari bilan ishlaymiz, ularning buyurtmasini bajaramiz. Ish beruvchilarimiz juda yaxshi insonlar, maoshimizni o‘z vaqtida berishadi. Bizga yaratilayotgan sharoitlardan, maoshning miqdoridan mamnunmiz. Bunda muammo yo‘q.
Yashash sharoitimiz yaxshi. Mana, qish bo‘lishiga qaramay, qurilish obektida xonalar issiq, sharoitlar yaxshi qilingan», deydi u.
Usta yigit Ukrainadagi mehnat sharoitlari haqida ham gapirib o‘tdi.
«Bu yerda ishlash O‘zbekistondan farq qiladi. Ish beruvchi buyurtma beradi, sharoit yaratadi. Oziq-ovqat, yeb-ichish masalasini o‘zimiz hal qilamiz. O‘z hisobimizga bozor qilamiz, o‘zimiz ovqat tayyorlaymiz».
Vatandan uzoqda ishlayotgan hamyurtlarimiz odatda o‘zga yurtlarda o‘zini begonadek his qilishidan shikoyat qilishgan. Ukrainada xorijliklarga, xususan o‘zbekistonliklarga bo‘lgan munosabat qandayligi bilan ham qiziqdik.
«Ukraina xalqi o‘zbeklarga o‘xshagan juda mehmondo‘st, xorijdan kelganlarni hurmat qiladigan xalq ekan. Nimaiki yaxshi so‘zlar bo‘lsa, shunga loyiq odamlar. Ulardan xursandmiz», dedi Habibullo Soliyev.
Ba'zi mamlakatlarda kuch ishlatar idoralarning mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabati yomonligi, noxush holatlar ko‘p bo‘lishini, bosim qilib, tovlamachilik yo‘li bilan pul undirishlari haqida eshitganmiz. Ukrainada mahalliy politsiyaning mehnat muhojirlariga munosabati qanday?
«Ukrainani boshqa davlatlar bilan, masalan Rossiya bilan solishtirsak, bu yerda 3 oygacha hech qanday ruxsatnoma yoki patent olmasdan ishlashimiz mumkin. Agar bu muddat o‘tib ketsa ham, ko‘chalarda politsiya to‘xtatib, hujjat tekshirib yoki ishlayotgan joyimizga qo‘qqisdan bostirib kelgan holatlar bo‘lmagan. Ko‘cha-ko‘yda yurishimizda ham hech qanaqa muammo yo‘q. Xuddi vatandagidek bemalol yuramiz», deydi Soliyev.
Usta yigitning qo‘l ostida ikki shogirdi ishlamoqda. Ulardan biri 25 yoshli Dostonbek Davlatov Ukrainaga yaqinda kelgan.
«Habibullo aka bilan birgalikda qurilish sohasida ishlayapmiz.
Asosan qurilish ishlari bilan shug‘ullanamiz. Mehnat sharoitlarimiz, yotog‘imiz yaxshi, ovqatlarni o‘zimiz tayyorlaymiz. Bozorni o‘zimiz qilamiz. Ishlaganimizga yarasha haqimizni o‘z vaqtida olib kelyapmiz. Olmay qolgan holatlar bo‘lmadi», deydi Dostonbek.
O‘zbek xalqi mehnatkashligi bilan hurmat qozongan, hech qayerda kam bo‘lmagan. Xorijda ishlayotgan usta yigitlar misolida bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Hamyurtlarimizga yaxshi niyatlarni tilab, ular bilan xayrlashdik.
Nurmuhammad Said, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.